Oʻzbekiston va Tojikiston harbiylari Soʻgʻd garnizonida qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazdi (Fotoreportaj)

17:28 19 Sentyabr 2018 Jamiyat
1076 0
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida hamkorlikda Soʻgʻd viloyatidagi “Choruxdayron” poligonida oʻtkazilayotgan “Jangovar hamdoʻstlik—2018” oʻquvlarining birinchi kuni oʻz nihoyasiga yetdi.

Mazkur hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarning birinchi kunida tezkor guruh shtabi tashkil etildi. Tojikiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Bosh shtabi boshligʻi general-leytenant Emomali Sobirzoda tomonidan ushbu guruh faoliyati muvofiqlashtirilib, dala oʻquv maydonidagi amaliy mashgʻulotlar bilan parallel ravishda ishlar olib borilishi taʼkidlandi. Oʻzbekiston harbiylari tomonidan jangovar texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, 6 ta minomyot hamda 2 ta H215 vertolyot qoʻllanilib, taktik harakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, mashqlar jarayonida dastlab noqonuniy qurollangan terrorchi guruhlar joylashgan hudud toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzbekistonlik harbiylar (uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida) tomonidan yuqori qoʻmondonlikka yetkazildi. Hamkorlikda “Dushman shaharcha”siga hujum uyushtirildi. Oʻzbekistonlik harbiylar zirhli texnikalarda belgilangan yoʻnalish boʻyicha ishonchli harakatlanib, shartli dushman joylashgan obyektni egalladi. Shartli dushman kelish ehtimoli boʻlgan yoʻnalishga esa Oʻzbekiston va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlarining vertolyot aviatsiyalari tomonidan taktik desantlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Tojikiston — Oʻzbekiston hamkorligidagi harbiy mashgʻulotlar 22 sentyabr kuniga qadar davom etadi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?