Oʻzbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyalari oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

12:48 16 Fevral 2019 Sport
157 0

Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi (OʻZBF) prezidenti Bahromjon Gaziyev va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyasi (RZBF) prezidenti Vyacheslav Aminov Moskva shahridagi Olimpiya qoʻmitasi binosida ikki mamlakat federatsiyalari oʻrtasidagi Hamkorlik memorandumini imzolashdi.

Hujjat Oʻzbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyalari tomonidan Olimpiya harakatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, sportning axloqiy va etik qadriyatlarini asrash, sport faoliyatining barcha bosqichlarida adolatli oʻyin tamoyillarini izchil qoʻllashda hamkorlik qilish va har qanday koʻrinishdagi diskriminatsiya, jumladan, irq, millat, jins va yoshga doir kamsitishlarni qoralashni koʻzda tutadi.

Shuningdek federatsiyalar dopingga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik qiladi, xalqaro sport maydoni va boshqa sohalarda oʻz xatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi.

“Biz Oʻzbekistonni beshkurash oilamizning yangi aʼzosi sifatida koʻrishdan xursandmiz, - dedi RZBF prezidenti Vyacheslav Aminov. - Biz OʻZBF prezidenti Bahromjon Gaziyev bilan koʻplab masalalarni muhokama qildik va oʻylashimcha, beshkurash Oʻzbekistonda yaxshi istiqbolga ega boʻladi. Rossiya esa ham maslahat bilan, ham amaliy jihatdan, masalan, murabbiy va sport mutaxassislari tomonidan qoʻllab-quvvatlashda yordamga shay“.

“Rossiya - beshkurash boʻyicha jahon yetakchilaridan biri, - dedi Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi prezidenti Bahromjon Gaziyev. - Oʻzbekistonda sportning bu turi endigina rivojlanmoqda. Beshkurash besh Olimpiya sport turi - suzish, qiliqchbozlik, konkur, yugurish va oʻq uzishdan iborat ekanligi juda muhim. Shu bois beshkurashni rivojlantirar ekanmiz, u bilan bir qatorda boshqa Olimpiya sport turlarini ham rivojlantiramiz.

Biz tashkilotlarimiz oʻrtasida oʻzaro uzviy doʻstona aloqalar oʻrnatilishiga kelishib oldik. Bu qoʻshma yigʻilishlar, ikki tomonlama uchrashuvlarni oʻtkazish, bizning sportchi va hakamlarimizni Rossiyada boʻlib oʻtadigan musobaqa hamda seminarlarga taklif qilishda oʻz aksini topadi. Vaqti kelganda esa biz ham rossiyalik beshkurashchilarni Oʻzbekistonga taklif qilamiz. Ishonchim komilki, Rossiya va Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyalari oʻrtasidagi hamkorlik uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli boʻladi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?