Oʻzbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari boʻlajak oliy darajadagi tadbir kun tartibini shakllantirishga kelishib olishdi

19:14 22 Aprel 2020 Siyosat
451 0

2020-yil 22-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosat idorasi rahbari Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Vazirlar ikki tomonlama munosabatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rejalashtirilgan muddatda Rossiya Federatsiyasiga amalga oshiradigan davlat tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar oliy darajadagi tadbir kun tartibini shakllantirish hamda ikki tomonlama hujjatlarni kelishish boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Tashrif yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining Har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhimligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligi doirasida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

Vazirlar Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo tashqi siyosat idoralari rahbarlarining navbatdagi uchinchi “RF + C5” shaklidagi uchrashuvini oʻtkazish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari dunyodagi koronavirus bilan bogʻliq vaziyatni muhokama qildilar. Kasallikning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?