Oʻzbekiston va Rossiya sogʻliqni saqlash vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

15:54 06 Mart 2019 Jamiyat
380 0

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziriligining delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligida delegatsiya aʼzolari bilan vazirlik rahbariyatining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Doʻstona ruhda oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni atroflicha muhokama qildilar.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanov taʼkidlab oʻtganidek, Oʻzbekistonda tibbiyot sohasini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, soʻnggi ikki yilda sohada sezilarli ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Jumladan,Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 2019 – 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangani ham soha rivojida katta voqea boʻldi. Ushbu Konsepsiyani ishlab chiqishda mamlakat sogʻliqni saqlash tizimidagi holat chuqur tahlil qilindi, 20 dan ziyod rivojlangan mamlakatlarning sohadagi tajribasi oʻrganildi.

Shadmanov, shuningdek, Prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi doirasida vazirliklar oʻrtasida bir qator hujjatlarning imzolanishi sogʻliqni saqlashda taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish borasidagi hamkorlikka zamin yaratdi. Natijada, kadrlar malakasini oshirish yoʻnalishida yaxshi hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yillar davomida 600 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiyada malaka oshirishgan boʻlsa, Rossiyaning 300 nafar nufuzli mutaxassislari yurtimizda mahorat darslari, koʻrgazma va maʼruzalar tashkil etish hamda murakkab operatsiyalarni oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishdi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot universitetlar oʻrtasida ham faol aloqalar mavjud. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab yurtimizda I.M.Sechenova nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada qoʻshma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada taʼlim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida “Pediatriya ishi” va “Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil etiladi. Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar doʻstligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda “Dermatovenereologiya” yoʻnalishida qoʻshma fakultet ochish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Davolash ishi” va “Klinik psixologiya” yoʻnalishida ham qoʻshma fakultetlar tashkil qilinadi. Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: “Akusherlik va ginekologiya”, “Bolalar jarrohligi”, “Travmatologiya”, “Pediatriya”, “Stomatologiya” va “Onkologiya” yoʻnalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham koʻzda tutilgan.

V. Skvorsova Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzgarishlarni, xususan, majburiy tibbiy sugʻurta tizimini tatbiq etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar va keksalarni sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalarida “har bir davolangan holat” uchun klinik xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimining joriy etilayotganini eʼtirof etdi. Mehmon oʻzaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda koʻmaklashish, sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlimni rivojlantirish yuzasidan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, delegatsiya aʼzolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalar hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlariga tashrif buyuradilar.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?