Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berdi

18:16 19 Oktyabr 2018 Siyosat
831 0

“Oʻzekspomarkaz”da mamlakatimizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ramziy tugmani bosib, ushbu yirik loyihaga start berdi.

Tadbirni videoaloqa orqali kuzatib turgan “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish maydonini tanlash uchun muhandislik tadqiqotlari boshlanganini eʼlon qildi.

“Bugun biz Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikning yangi strategik yoʻnalishi – atom energetikasini rivojlantirishga qoʻl urmoqdamiz. Ushbu loyiha mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi tarmoqni vujudga keltiradi. Bu sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Xorijiy loyihalar soni va koʻlami boʻyicha jahonda birinchi oʻrinda turadigan – 12 mamlakatda 34 ta energoblok bunyod etgan “Rosatom” korporpatsiyasi bilan Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu stansiya har biri 1 ming 200 megavatt quvvatga ega ikkita, “3+” avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat boʻladi. Ular Xalqaro atom energiyasi agentligining barcha xavfsizlik talablari javob beradi.

Atom energiyasi ekologik toza boʻlib, bunday stansiyalar is gazi hosil qilmaydi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.

Oʻzbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligiga aʼzo davlat sifatida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarga muvofiq yadroviy xavfsizlik masalalariga katta eʼtibor qaratmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishda AES qurilishi boʻyicha barcha xalqaro talablarga qatʼiy rioya qilinadi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari Oʻzbekistonning Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish milliy dasturini amalga oshirish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatladi va uni roʻyobga chiqarishda har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq Toshkentda “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitet filialini ochishga qaror qilindi. Kelgusi oʻquv yilida ushbu filial ilk talabalarni qabul qiladi.

Joriy oʻquv yilidan boshlab 30 nafar oʻzbekistonlik talaba Moskvadagi ushbu nufuzli bilim yurtida taʼlim olmoqda. Uni bitirgach, talabalarimiz yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishadi va atom elektr stansiyasining xavfsiz ishlashini taʼminlaydi. Ularning ishonchli qoʻllarida atom energiyasi haqiqatan tinch boʻladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?