Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari raislari OAV vakillari bilan uchrashdi

13:40 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
102 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Tahliliy huquqiy boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolanganidan soʻng Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari palatalari raislari Tanzila Narbayeva va Valentina Matviyenkoning ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Rossiya parlamenti delegatsiyasining rasmiy tashrifi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yanada faollashtirish yoʻlida muhim qadam boʻlgani taʼkidlandi.

Ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari rahbarlarining uchrashuvi chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha keng koʻlamli masalalar batafsil muhokama etildi. Bunda parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oxirgi ikki yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinning siyosiy irodasi va qatʼiyligi tufayli Oʻzbekiston-Rossiya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlangani taʼkidlandi.

Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar surʼati tinimsiz oshib bormoqda. Bu ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq javob beradi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Yuksak darajadagi yangicha muloqot oʻzaro ishonch muhitini yaratdi, ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarida oʻz aksini topmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish Oʻzbekiston va Rossiya tashqi siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari oʻrtasidagi nuqtayi nazarlarning yaqinligi va bir-biriga mosligi taʼkidlandi hamda hamkorlikning bugungi holatiga va istiqbollariga, parlamentlararo munosabatlarning darajasiga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi hamkorligi boʻyicha parlamentlararo komissiyasi faoliyatiga yuqori baho berildi.

Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari tomonidan MDH Parlamentlararo assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro va mintaqaviy parlament tashkilotlari doirasida hamkorlik qilish boʻyicha ishlarni kuchaytirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgani qayd etildi. Ikki mamlakat parlamentlari palatalari koʻmagida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor berildi. Shu nuqtayi nazardan Rossiyada boʻlib oʻtadigan ikkinchi Oʻzbekiston-Rossiya hududlararo forumiga tayyorgarlik boʻyicha samarali ish olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?