Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida 5,8 mlrd. dollar miqdorida 104 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda

16:56 16 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
94 0

Bu haqda joriy yilning 15-sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakovning Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari A.Overchuk bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ma'lum qilindi.

Uchrashuv koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida yana bir qadam boʻldi - tomonlar oʻzaro kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar, shuningdek, qoʻshma tashabbus va loyihalar doirasidagi keyingi amaliy harakatlarni belgilab oldilar.

Investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli oʻsish dinamikasi qayd etildi - faqatgina joriy yilning sakkiz oyi davomida 209 qoʻshma korxona tashkil etildi va Rossiya kapitali ishtirokidagi Oʻzbekistondagi korxonalarning umumiy soni soʻnggi uch yil ichida ikki baravarga koʻpayib 2 mingtadan oshdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni kelishish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi — ayni paytda sanoat kooperatsiyasi sohasida 5,8 mlrd dollar miqdorida 104 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qoʻshma loyihalar keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga sotilishi uchun har ikki mamlakat hududida yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan. Shuningdek, yangi natijador loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiyaviy sheriklikni yana-da kengaytirish uchun ustuvorliklar belgilandi.

Imzolanishi ikki mamlakat oʻrtasida tovar aylanmasini oshirish uchun qulay sharoit shakllantirishga imkon yaratadigan bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar kelishuvini jadallashtirish mexanizmlari koʻrib chiqildi.

Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha alohida kelishuvga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, bir qator qoʻshma tadbirlarni jumladan, Mintaqalararo hamkorlikning II Forumi, XHYUK hududida Oʻzbekiston Respublikasi Koʻrgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskvada “Made in Uzbekistan” Milliy koʻrgazmasi, Taʼlim forumi va Mediaforum tashkil etilishining amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi va bu boradagi faol ikki tomonlama munosabatlarni davom ettirish yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Kelishilgan loyihalar va tashabbuslarni tezkor ravishda tatbiq etish va amalga oshirish jarayonini har oyda koʻrib chiqish hamda Oʻzbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralarini investitsiyaviy sheriklikni oshirish imkoniyatlari va ikki tomonlama savdo hajmini koʻpaytirish mexanizmlari toʻgʻrisida xabardor qilishga kelishib olindi.

Ular, shuningdek, mehnat migratsiyasini tizimlashtirishning amaliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va vatandosh-muhojirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga va ularning Rossiya Federatsiyasida yashash va mehnat faoliyatini olib borish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tartibga solingan tizimni joriy etish boʻyicha kelgusida birgalikda ish olib borishning zarurligini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?