Oʻzbekiston va Qozogʻistonning “Oltin kvadrat”i. U nima degani?

16:06 23 Iyul 2019 Siyosat
322 0

Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchisi Saidakrom Niyozxoʻjayev “Kazinform” axborot agentligiga bergan intervyusida shu haqda toʻxtalib oʻtdi.

“Men turizm, yaʼni mamlakatlarimiz sayyohlik oqimini bir necha barobar koʻpaytirish imkonini beradigan turizm klasteri, turizm yoʻnalishi masalasiga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Buyuk ipak yoʻli tarixini oʻrganish maqsadida Oʻzbekistonga kelayotgan odamlar nafaqat bizning mamlakat, balki Qozogʻistonga ham tashrif buyurishlari kerak. Bu tarixiy yoʻllar haqida toʻlaqonli manzarani taqdim etadi”, - dedi u.

Diplomatning soʻzlariga koʻra, xuddi shu kabi Qozogʻistonga borgan sayyohlar Oʻzbekistonga ham kelishlari mumkin. Yaʼni bu qoʻshma turistik yoʻnalish boʻladi.

“Biz shartli ravishda “Oltin kvadrat” deb nomlangan ushbu loyihani ishlab chiqyapmiz. Rossiyada, masalan, “Oltin xalqa” bor va umid qilamizki, “Oltin kvadrat” loyihasi ham yaqin vaqt ichida muvaffaqiyatli amalga oshiriladi”, - deya qayd etib oʻtdi u.

Elchining qoʻshimcha qilishicha, bugun Nur-Sultondan Toshkentga haftasiga 6 ta reys yoʻlga qoʻyilgan. Bular faqat Qozogʻistonning milliy tashuvchilaridir. Oʻzbekistondan ham shuncha reys qatnamoqda. Bundan tashqari, Almatidan Toshkentga va Toshkentdan Qozogʻistonning janubiy poytaxtiga oʻntagacha parvoz amalga oshirilyapti.

“Qolaversa, Toshkent – Almati – Nur-Sulton yoʻnalishida temir yoʻl ochildi, Toshkentdan Nur-Sultongacha toʻgʻridan-toʻgʻri 8 ta avtobus yoʻnalishi qatnamoqda. Takrorlayman, Qozogʻiston va Oʻzbekiston iqtisodiyotlari bir-birini toʻldiruvchidir va biz birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Markaziy Osiyo hududida qudratli iqtisodiy maydon yarata olamiz”, - dedi S.Niyozxoʻjayev.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Qozogʻiston bir necha yildan buyon Markaziy Osiyo shengeni deya atalayotgan Silk Visaʼni joriy etish boʻyicha muzokaralar olib borayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?