O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turistik multivizalar joriy etilishi mumkin

13:36 14 Mart 2018 Siyosat
842 0
Foto: tayga.info

O‘zbekiston va Qozog‘iston xorijlik sayyohlarga har ikki davlatga tashrif buyurish imkonini beruvchi turistik multivizalarni amalga kiritish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashi mumkin.
Bu haqda Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamediulining ikkitomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi arafasida aytib o‘tgan so‘zlariga tayanib “Interfaks” axborot manbasi xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, taraflar kelishadigan vizalar har ikki davlat hududida ham bir xilda amal qilishi kerak. Masalan, shunday viza bilan O‘zbekistonga kelgan sayyoh Qozog‘istonga ham bora olsin, yoki shunday viza bilan Qozog‘istonga borgan turist O‘zbekistonga ham kela olsin.

Vazirning qayd etishicha, Qozog‘istonga tashrif buyuradigan sayyohlarda O‘zbekistondagi tarixiy joylarni ham borib ko‘rish istagi bo‘ladi yoki O‘zbekistonga kelgan turistlar Qozog‘istondagi diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qilishni ham xohlaydi.

“Biz kelishuvga imzo chekamiz va uning doirasida hukumat qarorini tayyorlaymiz. Biz buni tezlashtirishga mas’ulmiz”, — dedi u.

Vazirning aytishicha, bunday rejalar Hukumatlararo komissiya majlisi kun tartibiga kiritilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?