Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalarini oʻzaro bogʻlovchi avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi

13:57 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
115 0

Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshni davlatlar bilan aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, Qirgʻiziston davlati bilan doʻstona munosabatlar savdo, iqtisodiyot, ijtimoiy va madaniy sohalarda oʻz ifodasini topmoqda. Shu kungacha “Doʻstlik” va “Madaniyat” bojxona postlari orqali har kuni oʻn minglab fuqarolarning erkin harakati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bugundan boshlab har ikki mamlakatni oʻzaro bogʻlab turuvchi mikroavtobus qatnovi ham yoʻlga qoʻyildi.

Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan ushbu avtobuslar bir kunda 6-marta qatnovni amalga oshiradilar. Yoʻl haqi atigi 16 ming soʻm ekanligini inobatga olsak, bu yoʻlovchilar uchun katta imkoniyat ekanligiga guvoh boʻlamiz. Haqli savol tugʻiladi: avtobusning chegara hududdan oʻtishida muammolar kuzatilmaydimi? Tashkilotchilar tomonidan bu masala atroflicha oʻrganib chiqildi va avtobus qatnovi uchun alohida yoʻlak ajratiladigan boʻldi. Bu esa yoʻlovchilar vaqtini tejash imkonini beradi.

-Men Oʻsh shahridagi oliygohlardan birida tahsil olaman,-deydi talaba Baxtiyor Olimov. –Oʻqishga borish uchun tungi soatda yoʻlga chiqardim. “Doʻstlik” oʻtkazuv postigacha yengil avtomashinalar 15 ming soʻmdan kira haqi oladi.Bojxona postidan oʻtguncha oʻrtacha ikki soat vaqt yoʻqotaman. Ushbu avtobusning yoʻlga qoʻyilishi natijasida ham mablagʻim tejaladi, ham vaqtim. Bundan nihoyatda xursandman.

Andijon shahridagi avtoshohbekatda birinchi yoʻlovchilarni kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda har ikki millat vakillari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik va qondoshlik aloqalari haqidagi iliq fikrlar tilga olindi.

Saminjon HUSANOV, (“Xalq soʻzi”)

Zuhriddin UMRZOQOV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?