Oʻzbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari uchun viza jarayonlari soddalashtirishga oid Bitim kuchga kirdi

12:12 28 Oktyabr 2019 Jamiyat
403 0

2019-yilning 26-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida ishbilarmon doiralari vakillari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish toʻgʻrisida 2019-yil 27-avgustda Pekin shahrida imzolangan Bitim kuchga kirdi.

Bitimga koʻra, har bir tomon 5 ish kuni ichida muddati 6 oygacha boʻlgan koʻp martalik ishbilarmonlik vizasi berishga majburdirlar.

Oʻzbekiston fuqarolari Xitoy Xalq Respublikasining ishbilarmonlik vizasini rasmiylashtirish uchun mazkur mamlakatning Toshkent shahridagi Elchixonasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari zarur:

Asosiy hujjatlar:

1. Pasportning asl nusxasi, pasportning maʼlumotlar bor sahifasi nusxasi;

2. Viza rasmiylashtirish uchun anketa va rasm.

Qoʻshimcha hujjatlar:

3. Xitoyning vakolatli tashkilotidan rasmiy taklifnoma yoki Xitoyga taklif qilayotgan tomon yordamida olingan mazkur taklifnomaning tasdigʻi (shtrix kod bilan).

3-bandda koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim qilish imkoni boʻlmaganda, quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

- davlat hokimiyati tegishli organlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari (www.gov.uz saytida koʻrsatilgan) va banklarining rasmiy xati hamda Xitoy tomonidan taklif qiluvchining odatiy taklifnomasi;

yoki

- Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining (SSP) kafolat xati, SSPga aʼzolik toʻgʻrisidagi guvohnoma, kompaniya yoki yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziyasi, arizachining ish joyidan maʼlumotnoma taklif qilayotgan Xitoy kompaniyasining litsenziyasi ilova qilingan odatiy taklifnoma.

Xitoy Xalq Respublikasining Toshkent shahridagi Elchixonasi Konsullik boʻlimiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilib, batafsil maʼlumot olish mumkin: +99871 2334728.

Ishbilarmon doira vakillari – Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolariga koʻp martalik ishbilarmonlik vizasini rasmiylashtirish uchun taklif qilayotgan tomon Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi shart:

Asosiy hujjatlar:

1. Taklif qilayotgan tashkilotning rasmiy blankida chop etilgan oʻrnatilgan tartibdagi viza arizasi;

2. “evisa.mfa.uz” saytida toʻldirilgan elektron viza anketasi;

3. Taklif qilinayotgan kishining shaxsni tasdiqlovchi hujjati nusxasi (milliy pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi, xorijga chiqqan paytda ishlatiladigan hujjat). 

Qoʻshimcha hujjatlar:

4. Taklif qilinayotgan shaxsning ish joyidan maʼlumotnoma (davlat tili yoki rus tiliga tarjimasi bilan).

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga +99871 2362707 yoki +99871 2337340 raqamlari orqali qoʻngʻiroq qilib, batafsil maʼlumot olish mumkin.

Bitimning toʻliq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?