Oʻzbekiston va Kanada — iqtisodiy muloqotlarni faol rivojlantirish tarafdori

12:30 09 Avgust 2020 Iqtisodiyot
332 0

Oʻzbekistonning Kanadadagi elchixonasi (qarorgohi Vashingtonda) Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasining Yevrosiyo boʻyicha bosh vakili Darsi Ferron, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika boʻyicha mintaqaviy direktori Robert Kemeron bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Videokonferensiyada elchi Javlon Vahobov yirik investitsiya loyihalari doirasida respublikaning xorijiy moliya institutlari bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari haqida batafsil soʻzlab berdi. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar, shuningdek, xorijiy eksport kredit agentliklari kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytib oʻtildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga neft-gaz va togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, turizm va boshqa sohalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Darsi Ferron Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va chet el biznesi uchun ochilayotgan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasi respublika hukumati va moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalasini katta qiziqish bilan oʻrganayotganini taʼkidladi. Korporatsiya Kanada kompaniyalaridan arizalar kelib tushsa, Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha takliflarni qabul qilishga tayyor ekani maʼlum qilindi.

Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasining Istanbuldagi vakolatxonasi Oʻzbekiston yoʻnalishini muvofiqlashtiradi, shuningdek respublikada biznes qilishni rejalashtirgan Kanada kompaniyalariga yordam beradi. Darsi Ferronga koʻra, soʻnggi besh yil ichida korporatsiya Oʻzbekistonga, asosan, qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoatini rivojlantirish uchun Kanada kompaniyalari hamda 4 ta kichik va oʻrta korxonaga 7,6 million dollar ajratgan.

Suhbat davomida korporatsiya vakillari elchixonaning Oʻzbekistonda Kanada ilgʻor texnologiyalari asosida goʻsht ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. Elchining taʼkidlashicha, 2020-yil respublikada chorvachilik sohasida 84 yangi loyiha amalga oshiriladi va goʻshtni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasining mol goʻshti yetishtirish va eksport qilish, shuningdek, qoramollar soni boʻyicha Kanadada yetakchi boʻlgan Alberta viloyatiga tashrifini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika boʻyicha mintaqaviy direktori Robert Kemeron korporatsiya Kanada kompaniyalarining 184 ta xorijiy mamlakatda investitsiyalarini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Mijozlarni chet elda qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirish maqsadida korporatsiya 17 mamlakatda oʻz vakolatxonalarini ochgan.

Bundan tashqari korporatsiya 200 dan ortiq tashqi bozorda, shu jumladan 130 rivojlanayotgan mamlakatlarda faoliyat yuritadigan kompaniyalarga yordam beradi. Natijada, korporatsiyaning bevosita koʻmagi bilan 2019-yilda 510 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan, shuningdek, Kanadaning 542 kompaniyasi va xalqaro moliyaviy institutlar oʻrtasidagi aloqalarni oʻrnatishda yordam koʻrsatgan.

Uchrashuv yakunida Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasi vakillari Oʻzbekiston bozoriga kirish va biznes loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor boʻlgan Kanada kompaniyalari bilan hamkorlikni oʻrnatish imkoniyatlarini oʻrganishni tasdiqladi. Shuningdek, Kanada tomoni respublikaga investitsiya loyihalarini taqdim etish uchun Kanada biznes hamjamiyati orasida qoʻshma onlayn-biznes brifinglarni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Kanada eksportni rivojlantirish korporatsiyasi 1944-yil Kanada kompaniyalarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirgi kunda korporatsiya Kanadadagi korxonalarga eksportni moliyalashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan asosiy moliya institutidir.

Kanada korxonalarining tashqi iqtisodiy operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash doirasida korporatsiya oʻz mijozlariga eksportni sugʻurtalash, eksportni kafolatli qoʻllab-quvvatlash va eksportni moliyalashtirish, shuningdek konsalting xizmatlarini taklif etib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?