Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida taʼlimga oid hujjatlar oʻzaro tan olinadi

17:51 21 Iyul 2020 Jamiyat
156 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi davomida 2019-yil 1-avgust kuni Minsk shahrida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida taʼlimga oid hujjatlarni, oʻqishga oid hujjatlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida bitim” imzolangan.

Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan va ratifikatsiya qilingan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yuqorida koʻrsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilangan.

Bitimning 16-moddasiga muvofiq “mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni Tomonlar bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi” deb belgilangan. Shunga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi tomoni mazkur protseduralarni yakunlanganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani Tashqi ishlar vazirligining 2020-yil 24-yanvardagi notasi orqali Belarus Respublikasiga yuborgan edi.

Belarus Respublikasi tomoni mazkur protseduralarni yakunlanganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani Belarus Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi notasi orqali 2020-yil 12-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kelib tushdi.

Ta'lim inspeksiyasi Belarus Respublikasi Elchixonasining notasi oxirgi xabarnoma hisoblanishini inobatga olib, mazkur Bitim 2020-yil 13-iyuldan kuchga kirganini maʼlum qildi.

Mazkur bitimga asosan Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab ikki davlatdagi davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim muassasalari yoki ilmiy tashkilotlar tomonidan berilgan quyidagi taʼlimga oid va oʻqishga oid hujjatlar akademik maqsadlarda (toʻgʻridan-toʻgʻri hech qanday byurokratik toʻsiqlarsiz va tan olish jarayonlarisiz) oʻzaro tan olinadi:

— ikki davlatda berilgan oʻqish davomiyligi 9 yildan kam boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomalar oʻzaro tan olinadi hamda hujjat egalariga umumiy oʻrta taʼlimning keyingi bosqichida 10-11-sinfda yoki oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha davom ettirish huquqini beradi;

— Belarus Respublikasida berilgan umumiy oʻrta maʼlumot toʻgʻrisidagi attestat, umumiy oʻrta maʼlumot bilan birga kasb-texnika maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplom va Oʻzbekiston Respublikasida berilgan umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi attestat, oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom oʻz egalariga taʼlimni oliy taʼlimning bakalavriatida davom ettirish huquqini beruvchi taʼlimga oid hujjat sifatida oʻzaro tan olinadi;

— ikki davlatda berilgan oʻqish davomiyligi 4 yildan kam boʻlmagan oliy maʼlumot yoki bakalavr darajasi toʻgʻrisidagi diplomlar oʻz egalariga oʻqishni oliy taʼlimning ikkinchi bosqichida (magistratura) taʼlim dasturi boʻyicha davom ettirish huquqini beruvchi taʼlimga oid hujjat sifatida oʻzaro tan olinadi;

— ikki davlatda berilgan magistr diplomlari oliy taʼlimdan keyingi tayanch doktorantura dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beruvchi taʼlimga oid hujjat sifatida oʻzaro tan olinadi.

Mazkur Bitim asosan akademik maqsadlarda oʻzaro tan olishni belgilaydi, yaʼni ilm olaman, malaka oshiraman, oʻqishni va izlanishni davom ettiraman deganlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda va turli byurokratik toʻsiqlar olib tashlanmoqda.

Jumladan, shu vaqtga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Belarus Respublikasining taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun hujjat topshirish jarayonida taʼlim hujjatini tan olish va nostrifikatsiyalashdan oʻtkazish talab etilar edi. Bunda Belarus Respublikasi qonunchiligi boʻyicha maʼlum miqdorda yigʻim toʻlanishi belgilangan. Mazkur Bitimning imzolanishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu jarayon uchun oʻz mablagʻlarini va vaqtlarini sarflashiga hojat qolmadi. Bu esa fuqarolarimizning xorijiy, jumladan Belarus Respublikasining nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Xuddi shuningdek, Belarus Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidagi taʼlim muassasalarida tahsil olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun esa Oʻzbekiston Respublikasida ham Belarus Respublikasida ham amaldagi qonunchiligi doirasida sinov orqali yoki belgilangan imtiyozlarga ega boʻlingan holatlarda maxsus sinovlarsiz amalga oshiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu bitim har ikkala davlatda ham tahsil olayotgan va olmoqchi boʻlgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shu oʻrinda qoʻshimcha sifatida taʼkidlash lozimki, mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar berilgan taʼlimga oid hujjatlar, oʻqishga oid hujjatlarning tan olinishi Tomonlar davlatlarining qonunchiligi bilan tartibga solinishi belgilangan. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida Nizom”da belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Mazkur Bitim kelgusida har ikkala davlatda fan va taʼlimning yana-da rivojlanishiga, taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarining kuchayishiga, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos boʻlishiga va taʼlim hujjatlarining tan olinishi jarayonlarini soddalashtirishga olib keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?