Oʻzbekiston va Belarus mintaqaviy forum doirasida qariyb 200 mln dollarlik 82ta shartnomani imzoladi

12:23 13 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
570 0
Foto: Tashqi savdo vazirligi

Oʻzbekiston-Belarus biznes-mintaqaviy forumida hamda kooperatsion birjada oʻzbek va belarus ishbilarmon doiralarining 500ga yaqin vakillari, shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va idoralari vakillari ishtirok etdi. Tadbir 2018 yil 12 sentyabr kuni Toshkent shahrida, Belarus Respublikasi prezidenti A.Lukashenkoning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Tashkilotchilar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari boʻldi.

Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, forumni savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining hamraisi – Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov va Belarus Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari Mixail Rusiy ochib berdi.

Tomonlar ikki yil davomida ketma-ket oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsish tendensiyasiga alohida urgʻu berdilar. Hozirda aynan ushbu ijobiy tendensiya yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga, investitsiyalar hamda tovar oqimlarini ragʻbatlantirishga imkon bermoqda. Ikki mamlakat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga misol sifatida Toshkent qishloq xoʻjalik mashinasozlik zavodi negizida tashkil etilgan yoʻl qurilishi va maxsus texnika ishlab chiqarish boʻyicha “Amkodor-Agrotexmash” qoʻshma korxonasini aytib oʻtish mumkin.

– Forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yengil, elektr, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarishdir, – taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev.

Forumda umumiy qiymati 193,3 million dollar boʻlgan 82ta eksport-import shartnomalari imzolandi va umumiy qiymati 38 million dollar boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Kelgusi yillarda taxminan 20ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahrining markazida Oloy bozori hududida Belarus mahsulotlari doʻkoni oʻz faoliyatini boshladi va Minskda xuddi shunday oʻzbek mahsulotlari doʻkonini ochish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

Biznes-forum davomida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki mamlakat oʻrtasida mintaqalararo aloqalarni oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi. Tomonlar Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilev va Gomel viloyatlarida va Minsk sharida Oʻzbekiston hududlari vakillarining tashrifi chogʻida oʻtkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijalarining yuqori samaradorligini qayd etdilar.

- Oʻzbekiston va Belarus ishbilarmonlari oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish maqsadida Toshkent va Minsk savdo-sanoat palatalari, shuningdek, Toshkent va Gomel viloyatlaridagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi, – deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov.

Tomonlar standartlashtirish idoralari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, jahon standartlarini qoʻllash boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, xalqaro sertifikatlashtirish idoralarida laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish va kadrlarni tayyorlashning samarali tizimini yaratishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?