O‘zbekiston va AQSh hamkorlikning yangi qirralarini belgilab oladi

10:34 11 May 2018 Siyosat
422 0
Foto: president.uz

15 — 17 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlariga ilk rasmiy tashrifini amalga oshiradi. Toshkentning Vashington bilan siyosiy muloqoti haqida nimalarni bilmoq lozim, ikki mamlakat yetakchilarining navbatdagi uchrashuvi qanday istiqbollarni ochadi — ushbu maqola ana shu mavzuga bag‘ishlangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan, 1992 yil 19 fevralda esa mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston — AQSh munosabatlari o‘zining kompleksliligi, uzoq muddatli va ko‘p qirraliligi bilan ajralib turdi. Siyosiy muloqot xalqaro huquqning umume’tirof etilgan, o‘zaro hurmat hamda bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan.

100 dan ziyod hujjatlardan iborat bo‘lgan qamrovli shartnoma huquqiy poydevor ko‘p qirrali hamkorlikni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashmoqda. 2002 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi Deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarda muhim o‘rin tutayapti.

So‘nggi bir yarim yil esa aloqalar faollashuvida misli ko‘rilmagan davr bo‘lib qoldi. Ikki davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev hamda Donald Trampning ochiqlik, barcha yo‘nalishdagi aloqalarni kuchaytirish, ularni aniq-ravshan mazmun bilan boyitishni namoyon etgan siyosiy irodasi tufayli o‘zaro ishonchning yuqori darajasiga erishildi.

Birgina 2017 yilning o‘zida O‘zbekiston va AQSh yetakchilari ikki marotaba — Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdilar. Shuningdek, davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan qat’iy intilishni ko‘rsatganlari holda, dolzarb ahamiyatga ega voqealar munosabati bilan telefon orqali muloqotda bo‘ldilar hamda o‘zaro tabriknomalar almashdilar.

Hamkorlikka tizimli mazmun bag‘ishlash va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekistonda Qo‘shma Shtatlar bilan barcha manfaatli sohadagi sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli “Yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.

AQSh hukumatining eng muhim idoralari vakillaridan iborat turli darajalardagi delegatsiyalar O‘zbekistonga muntazam ravishda keladi. Har yili o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar esa hamkorlikning muhim masalalarini hal qilish bo‘yicha amaliy mexanizm vazifasini bajarmoqda.

Davlatlarimiz qonunchilik organlari o‘rtasida ham samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, o‘tgan yili O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi tashkil etildi, AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi Amerika kongressmenlari guruhi respublikamizga keldi.

O‘zbekistonda davlat hamda jamiyat hayotining barcha sohasida boshlangan keng qamrovli islohotlar yana bir o‘zaro yaqinlashtiruvchi omillardan bo‘ldi. AQSh ijtimoiy-siyosiy doiralari mamlakatimizda olib borilayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borishmoqda va qo‘llab-quvvatlashmoqda. Vashingtonning bu boradagi nuqtai nazari turli minbarlardan bir necha marotaba bayon qilindi. Shu o‘rinda Davlat kotibi yordamchisining inson huquqlari, demokratiya hamda mehnat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rendi Berri boshchiligidagi delegatsiya yaqinda respublikamizda bo‘lib, islohotlarning borishi va ularning natijalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lganini eslab o‘tish ham maqsadga muvofiq. 

Ekspertlarning qayd etishlaricha, Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston ko‘pgina sohalardagi ulkan salohiyati bilan Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi siyosatida ob’ektiv ravishda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni o‘zgartirish bo‘yicha tashlangan jiddiy qadamlar Vashingtonda katta qiziqish uyg‘otdi. AQSh boshqaruv doiralari Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhitni shakllantirishga imkon bergan rasmiy Toshkentning zamonaviy tashqi siyosiy yo‘lini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladilar.

Masalan, 2017 yilning dekabrida davlatimiz rahbari hamda Prezident Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda AQSh Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini olqishladi.

Tomonlar 2015 yilning noyabrida Markaziy Osiyoning besh davlati hamda AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida asos solingan “AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari” (S5+1) formatidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirgi paytgacha mazkur mexanizm doirasida besh marotaba uchrashuv o‘tkazildi, uning oxirgisi joriy yilning yanvar oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tdi.

Vashingtonning Afg‘onistondagi hozirgi strategiyasi ham Qo‘shma Shtatlar siyosatida O‘zbekiston yo‘nalishining ahamiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Afg‘onistonga xavf-xatar manbasi emas, balki uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyat sifatida qarayotgan O‘zbekistonning yangi yondashuvi Qo‘shma Shtatlarda munosib e’tirof etildi.

Shu boisdan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi Oq uyda yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani ajablanarli emas. Prezident Donald Tramp davlatimiz rahbariga yo‘llagan maktubida O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa, o‘z navbatida, vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiy, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini ravnaq toptirishini qayd etdi.

“Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz katta muvaffaqiyatlar keltirdi. O‘tgan yili noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiya butun Markaziy Osiyo bo‘ylab istiqbolli hamkorlik muhitini yaratdi, Prezident Ashraf o‘ani bilan dekabr oyidagi uchrashuvingiz esa mustahkam hamkorlik va taraqqiyotga zamin hozirlab berdi”, deyiladi AQSh ma’muriyati rahbarining maktubida.

Toshkent forumida AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Davlat kotibi o‘rinbosari o‘z chiqishida ushbu konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani hamda bu tadbir dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Bir oz keyinroq esa mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida diplomat “Kobuldagi muloqot Toshkentga ko‘chdi hamda xalqaro maqom kasb etdi”, deya bayonot berdi.

Umuman olganda, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning Vashingtonda bo‘lajak uchrashuvi O‘zbekiston hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining yaqin yillarga mo‘ljallangan munosabatlaridagi ustuvorliklarni belgilash bilan birga, ikki tomonlama va kun tartibidagi xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan “soat millarini to‘g‘rilab olish” imkonini beradi. Ekspertlarning e’tiroficha, mazkur tashrifning natijalari O‘zbekiston — AQSh strategik muloqotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkoniyat yaratishi barobarida, har ikki mamlakat manfaatlari hamda XXI asrning bugungi xalqaro munosabatlari realliklariga to‘la javob beradi. Shuningdek, bu vazifa yaqinda mamlakatimiz Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga hamohangdir.

Shahriyor TURG‘UNBOYEV,
«Jahon» AA.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?