Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari yillik siyosiy maslahatlashuvlar formatini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirishga kelishib oldi

12:24 21 Noyabr 2020 Siyosat
245 0

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kecha Oʻzbekiston – Amerika Qoʻshma Shtatlari siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Oʻzbekiston elchixonasi xabariga koʻra, AQSH delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisining birinchi oʻrinbosari Din Tompson boshchilik qildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibidan Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Prezidentning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov joy oldi.

Oʻzaro munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQSHga tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi. Koʻp qirrali Oʻzbekiston-AQSH hamkorligini yana-da chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Ikki tomon ham hamkorlikning joriy surʼatini saqlab qolish, qoʻshma kun tartibining barcha masalalari boʻyicha yaqin va muntazam muloqotda boʻlish, strategik sheriklikning shartnoma-huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga qiziqish bildirdi.

AQSH tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, respublika hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan keng miqyosli islohotlarning natijalariga yuqori baho berdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoyasini yaxshilash, majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinliklarni kengaytirish boʻyicha islohotlarni amalga oshirishdagi muhim yutuqlarini eʼtirof etdi va Oʻzbekistonning 2021-2023-yillarda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylanganini mamnuniyat bilan olqishladi qildi.

Siyosiy sohadagi Oʻzbekiston-AQSH hamkorligi tizimli va barqaror tus olgani qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar va koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashildi.

COVID-19 inqirozining jiddiy iqtisodiy taʼsiri qayd etilib, Amerika Qoʻshma Shtatlari global pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda Oʻzbekistonga yordam berishda qatʼiy ekani tasdiqlandi.

Amerika tomoniga BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Oʻzbekiston rahbari ilgari surgan tashabbuslarning konseptual ahamiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

“S5+1” shaklining mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish va birgalikdagi ishlarning aniq yoʻnalishlarini belgilab olishda muhim oʻrin tutishi eʼtirof etildi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy Osiyoning global transport va tranzit koridorlariga chuqur integratiyalashuvini taʼminlash hamda mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va energetika sohalaridagi aloqalarni faollashtirish boʻyicha amaliy choralarni kuchaytirish masalalari alohida koʻrsatildi.

“Oʻzbekiston – AQSH – Afgʻoniston” uch tomonlama shakli doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Afgʻonistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va integratsiya jarayonlariga faol jalb etish hamda uning tranzit salohiyatini oshiruvchi investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish mazkur mamlakatda mustahkam tinchlik oʻrnatishning muhim yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar shaklini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Muloqotning taʼsis yigʻilishini 2021-yil Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Muzokaralarning asosiy natijalari maslahatlashuvlar yakunida qabul qilingan qoʻshma bayonotda oʻz ifodasini topdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?