Oʻzbekiston va Afgʻoniston: Mushtarak maqsadlar va doʻstlik rishtalari

10:32 19 Avgust 2019 Jamiyat
135 0

19-avgust kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi davlat mustaqilligining yuz yilligini nishonlaydi.

Afgʻoniston asrlar davomida mamlakatimizning eng yaqin qoʻshnilaridan biri, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, diniy eʼtiqod, urf-odatlar bogʻlab turadigan oʻlka boʻlib kelgan. Oʻzbek va afgʻon xalqlari oʻzaro birodardir hamda bu uzoq tarixdan buyon oʻz isbotini topib kelmoqda. Shuning uchun ham mazkur sana xalqlarimiz fikr-oʻylari va intilishlarini ifodalaydigan umumiy bayram sifatida tilga olinadi.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil oktyabr oyida oʻrnatilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan siyosatini pragmatik yoʻlga oʻzgartirdi. Pirovardida Oʻzbekiston — Afgʻoniston aloqalari mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi va ular yangicha mazmun va izchillikni kasb etdi.

Ochiqlik, oʻzaro ishonch, hamkorlikning iqtisodiy jihatiga ustuvor eʼtibor bugungi yuqori darajadagi munosabatlarning asosini tashkil qilmoqda. Aytish joizki, bunday daraja shu paytgacha hech qachon kuzatilmagan edi.

Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ashraf oʻanining siyosiy irodasi tufayli amaliy natijalarga erishilyapti. Prezidentlarning keng koʻlamli saʼy-harakatlari va ochiqlik ruhidagi shaxsiy muloqotlari bunday olamshumul mavqega yetishga imkoniyat yaratdi.

Shuni taʼkidlash lozimki, 2017-yildan buyon ikki davlat rahbarlarining samimiylik va toʻliq ishonch ruhidagi oltita uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf oʻanining 2017-yil 4 — 6-dekabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi Oʻzbekiston — Afgʻoniston aloqalarining yanada mustahkamlanishida muhim bosqichlardan biri boʻldi. Muloqotlar yakunida xavfsizlik, energetika va transport sohalariga oid 20 ta qoʻshma hujjat, qiymati 500 million dollardan ziyod 40 ta tijorat shartnomasi imzolandi.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiya afgʻon davlatchiligining zamonaviy tarixidagi yirik voqea boʻldi.

Anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinchlikparvar muzokaralarni zudlik bilan boshlash zarurligi boʻyicha mintaqaviy va global darajadagi yagona pozitsiyani namoyish etdi.

Oʻzbekiston tinchlik oʻrnatish boʻyicha siyosiy muzokaralar afgʻon mojarosining barcha ishtirokchisi, mamlakatning hamma partiyalari va harakatlari, etnik guruhlarni qamrab olishi kerakligi boʻyicha qatʼiy pozitsiya tarafdoridir. Aynan Toshkent konferensiyasidan soʻng bu yoʻnalishdagi xalqaro saʼy-harakatlar sezilarli tarzda faollashdi.

Afgʻoniston muammosi BMT Xavfsizlik Kengashining yana diqqat markaziga tushdi. Afgʻoniston boʻyicha tuzilgan “Kobul jarayoni”, “Osiyo yuragi”, Istanbul jarayoni”, “Moskva formati”, “Xalqaro muloqot guruhi” va “SHHT — Afgʻonistonmuloqot guruhi” kabi boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar faoliyati ham yangi izchillik kasb etdi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tezkor barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlari mamlakatimiz toʻgʻridan-toʻgʻri afgʻonlararo muzokaralarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha siyosiy jarayonning ajralmas qismiga aylanishiga olib keldi.

Oʻzbekiston ushbu mamlakatda tinchlikka erishish yuzasidan quyidagi asosiy tamoyilning tarafdori boʻlib qolmoqda — mamlakatda mustahkam tinchlik boʻyicha siyosiy jarayon faqat afgʻonlarning oʻzlari va Afgʻoniston xalqi yetakchiligida amalga oshirilishi shart. Oʻzbekiston Respublikasining bugun afgʻon mojarosining barcha taraflari tomonidan tan olingan mazkur prinsipial va uzoq muddatli pozitsiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Xavfsizlik boʻyicha va ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari yoʻnalishidagi aloqalar oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishidir.

2018-yil fevral va 2019-yil mart oylarida Toshkent va Kobulda Oʻzbekiston va Afgʻoniston xavfsizlik kengashlari rahbarlari darajasida xavfsizlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston — Afgʻoniston qoʻshma komissiyasining yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

2017-yil yanvar oyida Toshkentda Oʻzbekiston va Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi raundi tashkil etildi. 

2018-yil oktyabr oyida Termiz shahrida Afgʻoniston Islom Respublikasining Bosh konsulxonasi ochildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakilining tayinlanishi Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan Afgʻoniston bilan aloqalarni bosqichma-bosqich va maqsadli rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtiborning yana bir tasdigʻidir. Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi, deb hisoblaydi va mamlakatni mintaqaviy integratsion jarayonlarga keng jalb qilishga intilmoqda.

Joriy yil yanvar oyida Samarqand shahrida mintaqadagi barcha davlatlar koʻmagida Afgʻonistonning “Hindiston — Markaziy Osiyo” muloqotiga qoʻshilishidek eʼtiborli voqea sodir boʻldi.

Tabiiyki, Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani qayta tiklash ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishning muhim sharti hisoblanadi.

Shu maqsadda Afgʻonistonda transport va logistika, energetika, savdo va taʼlim sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston tomonidan bunyod etilayotgan Surxon — Puli-Xumri elektr liniyasi, Termiz shahrida ochilgan afgʻon fuqarolarini oʻqitish boʻyicha taʼlim markazi, bojxona terminaliga ega “Termiz-kargo” logistika markazi, Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻli qurilishi loyihasi bor.

2017-yil noyabr oyida 30 yillik tanaffusdan soʻng Toshkent — Kobul — Toshkent aviaqatnovining ochilishi koʻp qirrali aloqalarimizni yanada rivojlantirishning yana bir muhim bosqichi boʻldi.

Mamlakatlarimiz oʻzaro savdo hajmini oshirishga intilmoqda. 2019-yilning birinchi yarmida Afgʻoniston bilan oʻzaro savdo ayirboshlash 266 million dollarni tashkil qildi. Ushbu koʻrsatkichni yaqin orada 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston bilan hech qanday vositachilarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri savdo amaliyotini bajarish va oʻzbek oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu mamlakatga pasaytirilgan narxlarda yetkazib berish boʻyicha qarori bu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan boʻldi.

Ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy tarixida birinchi marta amalga oshirilgan Oʻzbekiston Bosh vazirining Afgʻonistonga safari muhim voqea boʻldi. Mazkur tadbir oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi istiqbolli yoʻnalishlarni ochdi.

Taʼkidlash lozimki, 2019-yil 17-iyul kuni Toshkentda savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uning arafasida Oʻzbekiston — Afgʻoniston biznes forumi, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari koʻrgazmasi hamda hukumat va ishbilarmon doiralar vakillari muloqoti shaklidagi majlis tashkil etildi.

Bugun Oʻzbekistonda afgʻon kapitali ishtirokida 300 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda, ulardan 20 tasi 100 foiz xorij mablagʻlari hisobiga tashkil etilgan. Bundan tashqari, Termiz shahrida “Termiz-kargo” logistika markazi va “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi, Kobul va Mozori- Sharif shaharlarida Oʻzbekiston savdo uylari ochilgan.

Samarali hamkorlikni amalga oshirishda madaniy-gumanitar soha ham muhim rol oʻynaydi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi asrlarga tatiydigan aloqalar madaniyatlararo rishtalarda ham oʻz ifodasini topgan. Afgʻoniston hududida bugun oʻzbek millatiga mansub 4 milliondan koʻproq aholi istiqomat qilayotgani oʻzaro hamkorlikka ijobiy taʼsir oʻtkazmoqda. Ular oʻz mehnati bilan nafaqat afgʻon davlatchiligi asoslarini mustahkamlashga, balki Oʻzbekiston — Afgʻoniston aloqalarini har tomonlama takomillashtirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Taʼlim sohasi oʻzaro hamkorlikning ustuvor jihatidan boʻlib qolmoqda. 2018-yil yanvar oyida Termiz shahrida afgʻon fuqarolarini oʻqitishga ixtisoslashtirilgan taʼlim markazining ochilishi buning yorqin ifodasidir. U Afgʻoniston uchun oʻzbek tilini oʻqitish va temir yoʻl sohalarida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻziga xos maskanga aylandi.

Ikki mamlakat madaniyat va ilm-fan vakillari delegatsiyalari bilan almashuv faollashmoqda. Afgʻoniston delegatsiyasi 2018-yil sentyabr oyida Shahrisabzda maqom sanʼati xalqaro festivalida qatnashdi, oʻzbek olimlari delegatsiyasi Kobulda Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 2018-yil dekabr oyida Toshkentda Temuriylar sulolasining atoqli vakili Gavharshodbegim hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro simpozium oʻtkazildi.

2019-yil iyul oyida Toshkentda “Afgʻoniston XX va XXI asrlar chorrahasida: tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorlik masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Oʻzbekiston hamisha doʻst afgʻon xalqiga yordam qoʻlini choʻzadi. Bu nafaqat hurmat belgisi, balki uning bugun Markaziy Osiyo va dunyoda roʻy berayotgan jarayonlardagi alohida roli eʼtirofi hamdir. Afgʻoniston zaminiga uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlik oʻrnatiladigan kun, albatta, keladi.

“Dunyo” AA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?