“Oʻzbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostidagi madaniyat va doʻstlik festivalining hududiy bosqichlari boshlanmoqda

18:11 03 May 2019 Madaniyat
456 0

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalarining koʻrsatilishicha, 98 foizdan ziyod respondentlar yurtimizda yashovchi barcha millat va elat vakillari Oʻzbekistonni oʻz uylari sifatida boʻlib, ularning huquq hamda erkinliklari toʻliq taʼminlanayotganini qayd etganlar va jamiyatda millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtiborga yuqori baho berganlar.

Bu mamlakatimizda insonparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillari asosida olib borilayotgan demokratik islohotlarning oʻziga xos koʻzgusidir. Binobarin, Konstitutsiyamizning 8-moddasida belgilanganidek, Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil qiladi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yakdil, ahil boʻlib yashayotgani, har bir insonning hayotiy manfaatlari hamda ezgu maqsadlari roʻyobi uchun teng va keng imkoniyatlar yaratib berilgani alohida eʼtirofga hamda ibratga loyiq. 140 ga yaqin milliy madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun har tomonlama koʻmaklashilayotgani turli millat vakillarining oʻz ona tili, madaniyati, sanʼati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishida muhim oʻrin tutmoqda.

Ular “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlar va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqish 7 tilda olib borilmoqda. Tele-radio koʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilmoqda.

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat Dasturini amalga oshirilishi ham, milliy madaniy markazlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, millati, irqi va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, fuqarolar ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Davlat dasturining 238 bandiga muvofiq, Milliy-madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari rolini yanada oshirish va ularning aholi hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga doir Chora-tadbirlar dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanib, uning doirasida madaniy-maʼrifiy ishlar, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarda aholining keng qatlamlari va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga doir ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida anʼanaviy doʻstlik va madaniyat festivali muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu festival ikki bosqichda – hududiy va respublika bosqichlarida ikki yilda bir marotaba oʻtkazilib, aytish joizki, Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” tamoyilini amalga oshirish bilan birga, yoshlarni millatchilik va ekstremizm aqidalariga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, mustaqillik gʻoyalariga sodiq boʻlgan barkamol avlodni tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega boʻlib kelgan.

Festivalning navbatdagisiga may oyida start berilib uning hududiy bosqichlari mutasaddi vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikdayangicha ruhda va shakllarda tashkil etish rejalashtirilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan maʼqullangan chora-tadbirlarga muvofiq, festivalning hududiy bosqichlarida eng avvalo yoshlari bagʻrikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, tarix, madaniyat, milliy anʼana va urf-odatlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bunday ishlar davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirishga hamohang boʻlib, uning doirasida davra suhbatlari, turli tadbirlar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, festival doirasida mamlakatimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan koʻrgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilib, Milliy madaniy markazlari qoshidagi konsert jamoalari va folklor jamoalarining gala konserti tashkil etiladi.

Festivalning hududiy bosqichlarini oʻtkazish doirasida turli nominatsiyalarda tanlovlar oʻtkaziladi va gʻolib va sovrindorlari munosib taqdirlanadilar.

Joriy yilning oxirida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan festivalning respublika bosqichi, hududiy bosqichlarning gʻolib va sovrindorlari ishtirokida, Toshkent shahrining eng guzal va hashamatli maydonlari va saroylarida oʻtkaziladi.

Muxtasar aytganda, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostidagi anʼanaviy madaniyat va doʻstlik festivali,millatlararo totuvlik va dinlaaro bagʻrikenglik sohasida Oʻzbekistonning oʻz maqsadlariga sodiqligining yorqin ifodasi sifatida xizmat qilishi bilan birga, mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, “xalq diplomatiyasi” vositasida chet eldagi vatandoshlar bilan munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Festivalning hududiy bosqichlari oʻtkazilishi borasida reportajlar va maqolalar berib boriladi.

Adham HUSEYNOV, Qoʻmitaning boʻlim boshligʻi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?