O‘zbekiston — Turkmaniston: Do‘stlik va ahillikning hayotiy ifodalari

10:34 20 Aprel 2018 Siyosat
626 0

Ayni paytda “Xalq so‘zi” maxsus muxbiri Odilbek ODAMBOYeV Turkmaniston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. U ilk taassurotlarini qog‘ozga tushirib, tahririyatga yo‘lladi. Quyida ana shu material bilan tanishasiz.

Turkman xalqi biz uchun nafaqat yon qo‘shni — jon qo‘shni, balki qon-qardoshimiz, yaxshi-yomon kunlarda yelkadoshimizdir. O‘zbek hamisha turkman birodarini “jigarim”, deb ardoqlasa, turkman o‘zbekni “do‘g‘onim”, deya e’zozlaydi.

Samimiy, shirinso‘z odamlari, dong‘i yetti iqlimga ketgan gilamlari, “Axaltaka” zotli uchqur otlari bilan mashhur turkman diyoriga ijodiy safarimiz “Toshhovuz” bojxona maskanidan boshlandi. Toshhovuz shahri poytaxt Ashxoboddan 546 kilometr uzoqda joylashgan. Keyingi yillarda bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Turkmaniston qishloq xo‘jaligi instituti, “Ruhiyat” saroyi, -Andalib nomidagi musiqali drama teatri, “Baxt saroyi”, “Tarix va o‘lkani o‘rganish muzeyi”, “Garashsizlik” stadioni kabi qator inshootlar bunyod etilgan. Toshhovuz “Tarix va o‘lkani o‘rganish muzeyi” shahardagi eng diqqatga sazovor maskanlardan biri sanaladi. Biz ana shu maskanlarni aylanib, mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdik. Ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu haqda navbatdagi maqolalarimizda batafsil -to‘xtalamiz.

“Turkmaniston havo yo‘llari”ning zamonaviy samolyotida keyingi manzil — Ashxobod tomon parvoz qildik. Ellik daqiqadan so‘ng poytaxt aeroportiga yetib keldik. 2016 yilda foydalanishga topshirilgan, umumiy qiymati 2,3 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan Ashxobod xalqaro aeroporti uchishga chog‘lanayotgan lochin timsolida barpo etilgan. O‘ziga xos ushbu loyiha har qanday mehmon e’tiborini tortadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “havo darvozasi” soatiga 1600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Istiqlol yillarida Ashxobod zamonaviy hamda milliy me’morchilik an’analari uyg‘unlashgan go‘zal shaharga aylandi. Uni bejiz “Oq marmar binolar shahri” deb aytishmaydi. Hudud markazidagi Konstitutsiya yodgorligi, tog‘ bag‘ridagi teleminora, “Og‘uzkent” mehmonxonasi, “Betaraflik” monumenti, “Baxt” saroyi kabi binolar poytaxt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.

1995 yil 12 dekabrda Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilingan. Shu munosabat bilan bunyod etilgan “Betaraflik” monumenti eng mahobatli yodgorliklardan biri bo‘lib, zamonaviy Turkmanistonning o‘ziga xos timsoli sanaladi.

Ashxobod shahrining markaziy ko‘chalaridan biri ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan ataladi. Buyuk shoir dahosiga hurmat-ehtirom ramzi sifatida uning salobatli haykali o‘rnatilgan. Mazkur ko‘chada joylashgan “Ilhom” sayilgohida esa Markaziy Osiyoda ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan olimu fuzalolar qatorida Shayx Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va boshqa buyuk bobokalonlarimiz haykallari qad rostlagan.

Umuman, Ashxoboddagi sayyohlar e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotgan, zamonaviy shaharsozlikning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassamlashtirgan, noyob me’moriy yechimga ega inshootlar turkman xalqining ulkan bunyodkorlik salohiyatidan darak berib turibdi.

— Qo‘shni davlatlar, jumladan, Turkmaniston bilan do‘stona aloqalarni kuchaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvorlik kasb etayotganidan mintaqada yashayotgan barcha xalqlar birdek mamnun bo‘lmoqda, — deydi Turkmaniston Majlisining xalqaro va par-lamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Nuri Komekov. — Har ikkala mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar ham yildan-yilga rivoj topmoqda. Prezidentimizning O‘zbekistonga rejalashtirilgan tashrifi ushbu do‘stona aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ijodiy safarimiz rejasidan turkmanistonlik ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar ham o‘rin olgan bo‘lib, muloqotlarimiz nihoyatda jo‘shqin hamda maroqli kechmoqda.

— Zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillarining ijod namunalarini turkman tilida o‘quvchilarimizga yetkazayapmiz, — deydi “Dunyo adabiyoti” jurnali bo‘lim muharriri Annamuhammad Kirshenov. — Yaqin istiqbolda yurtingizdagi adabiyotga ixtisoslashtirilgan nashrlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bizning nashrda o‘zbek adiblarining, sizning nashrlarda turkman ijodkorlarining asarlarini chop etib borsak, ayni muddao bo‘lardi.

Ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik dasturlari doirasida madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekistonda hamda Turkmanistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘riklar, ko‘rgazma hamda forumlarda faol qatnashib kelayapti. Jumladan, Ashxobod shahrida ayni kunlarda davom etayotgan “Aydim-saz san’atining qadimiy cheshmelari” deb nomlangan xalqaro ilmiy anjuman va festivalda mamlakatimiz vakillari ham ishtirok etishmoqda.

— Festival doirasida Maxtumquli nomidagi milliy musiqali drama teatrida o‘tkazilgan do‘stlik konsertida o‘zbek san’atkorlari ijrosidagi “Tohir va Zuhra” dostonidan “Namasan” qo‘shig‘i hamda “Xorazm lazgisi” tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi, — deydi Turkmaniston Madaniyat ishlari vazirligining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Bilbil Babayeva. — “San’at sarhad bilmaydi”, deganlaridek, o‘zbek qo‘shiqlarining turkman elida muxlislari ko‘paymoqda, turkman qo‘shiqlari O‘zbekistonda sevib tinglanayapti. Boshqacha aytganda, ikki xalqning yaqin qo‘shnichilik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?