Oʻzbekiston Turkiyadan 24 ta turk zirhli mashina oldi

10:32 09 Avgust 2019 Jamiyat
296 0

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari “Eyder Yalchin” 4X4 rusumidagi 24 ta turk zirhli mashinasini qabul qilib oldi. Bu haqda Dunyo qurol savdosi markazi Turkiya Harbiy-sanoat kompleksi maʼlumotlariga asoslanib xabar berdi.

Manbada aytilishicha, 2017-yilda Turkiyaning Nurol Makina xususiy mudofaa kompaniyasi UzAuto bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan. Unda Oʻzbekiston korxonalarida 1000 ta “Eyder Yalchin” zirhli mashinasini hamkorlikda ishlab chiqarish koʻzda tutilgan edi. Ushbu hujjatda Oʻzbekistonga ushbu rusumdagi 24 ta texnikani yetkazib berish, kelgusida ularni oʻzbek korxonalarida ham ishlab chiqarish va uchinchi davlatga sotishga ruxsat berish belgilab berilgan.

Qayd etilishicha, zirhli mashinalardan chegaralarni qoʻriqlashda foydalaniladi.

Maʼlumot uchun, “Eyder Yalchin” texnikasi Turkiya qurolli kuchlari tomonidan mamlakat sharqi va Suriyadagi amaliyotlarda keng qoʻllanilgan. 2019-yil may oyida mazkur turdagi zirhli mashinalarni Vengriyaga ham yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib borilayotgani maʼlum boʻlgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?