Oʻzbekiston – Turkiya munosabatlari tarixida yangi muloqot formati

22:22 19 Fevral 2020 Siyosat
163 0

Anqara shahrida 19-fevral kuni Oliy darajadagi Oʻzbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018-yili davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonotiga muvofiq tuzilgan.

Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, madaniyat, taʼlim, fan va texnika, innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash va boshqa oʻzaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari erishilgan natijalar toʻgʻrisida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi kengashning muvofiqlashtiruvchi organlari hisoblanadi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Turkiya va Oʻzbekistonning qoʻshma loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik va cheksiz hurmat uchun Turkiya rahbari va xalqiga tashakkur izhor etdi.

– Bu uchrashuv strategik sherikligimiz yuksak bosqichga koʻtarilganining yaqqol ifodasidir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishda ham ushbu kengash, albatta, muhim zamin boʻladi. Biz bugungi yigʻilish natijalarini mustahkamlab, kelgusi yili boʻlib oʻtadigan uchrashuvning kun tartibi va hamkorligimizning asosiy yoʻnalishlari haqida hozirdan oʻylashimiz maqsadga muvofiqdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston bilan Turkiya hamkorligi, ayniqsa, oxirgi uch yilda ancha jonlandi. Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabrda Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdogʻanning 2018-yil aprelda Oʻzbekistonga davlat tashriflari oʻzaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yoʻl ochdi.

Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar natijasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Masalan, 2016-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi salkam 1,2 milliard AQSH dollari boʻlgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 2,5 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda yurtimizda Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1300 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Transport sohasidagi aloqalar ham rivojlandi. 2019-yilda bu boradagi koʻrsatkichlar avtomobilda 33 foiz, temir yoʻlda 17 foiz, havo yoʻllarida 42 foiz oʻsgan.

Shuningdek, oʻtgan yili Oʻzbekistonga 64 ming turkiyalik sayyoh tashrif buyurgan.

Ikki davlat rahbarlarining qoʻllab-quvvatlashi va yaratilayotgan sharoitlar natijasida hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston va Turkiya savdo vazirlari soʻzga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik rivoji toʻgʻrisida batafsil axborot berdi.

Muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qoʻshma loyihalar kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish uchun Rejep Tayyip Erdogʻanni Oʻzbekistonga taklif qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?