O’zbekiston — Turkiya: Buyuk tarix bunyod etgan ikki ulug’ xalq

10:56 27 Aprel 2018 Siyosat
1415 0

2016 yilda O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi o’zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo’lsa, 2017 yilda bu ko’rsatkich 1,5 milliard dollardan oshdi.

O’tgan yilning o’zida yurtimizda turk ishbilarmonlari investitsiyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxonalar tashkil etildi, 53 kompaniya vakolatxonasi akkreditatsiyadan o’tkazildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda Turkiya kapitali ishtirokidagi 550 dan ziyod firma va kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

So’nggi yillarda O’zbekiston hamda Turkiya o’rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo’g’onning siyosiy irodasi, qat’iyati muhim asos bo’ldi. Ya’ni ikki mamlakat rahbarlari o’rtasidagi do’stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o’zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda.

Jumladan, 2016 yil noyabr oyida Rejep Tayyip Erdo’g’onning Samarqandga tashrifi, 2017 yil may oyida Pekinda o’tkazilgan “Bir makon, bir yo’l” forumida, sentyabr oyida Ostona shahri mezbonlik qilgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo’yicha sammiti hamda 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida O’zbekiston va Turkiya rahbarlari ikki tomonlama aloqalar istiqbollari to’g’risida fikrlashdilar.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ana shu muloqotlarning mantiqiy davomi bo’ldi. Tashrif asnosida o’tkazilgan muzokaralar chog’ida O’zbekiston bilan Turkiya o’rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, qishloq xo’jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yaqin kunlarda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’onning O’zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Shubhasiz, bu do’stlik rishtalarini yana bir pog’ona yuqoriga olib chiqadi.

Ko’ngillar yaqin, niyatlar mushtarak

Turkiya deganda, yurtdoshlarimizning aksariyati mazkur davlatni Istanbul, Anqara, Antaliya kabi mashhur shaharlari, betakror tarixiy obidalari, turizm salohiyati, yuqori sifatli to’qimachilik mahsulotlari, taniqli san’atkorlari, ommabop film va seriallari orqali biladi. Ish yuzasidan, sayyoh sifatida ushbu mamlakatda bo’lganlar, tabiiyki, bu borada ko’proq tasavvurga ega. Hatto bunday imkoniyatdan foydalanmaganlar ham, hech bo’lmaganda, yuqorida sanab o’tilgan jihatlardan qisman xabardor.

 Foto: Shavkat Ortiqov, "Xalq so’zi". 

“Xalq so’zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari tahririyati tashabbusi bilan Turkiyaga qilgan ijodiy safarimiz davomida rasmiy idoralar, biznes vakillarini qo’ya turing, oddiy odamlar, xoh u taksi yoki avtobus haydovchisi, xoh mehmonxona xizmatchisi yoxud ishchi bo’lsin, suhbatlashib, ilk xulosamiz shunday bo’ldiki, mazkur mamlakat aholisi ham O’zbekistonni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi afsonaviy shaharlari, noyob yodgorliklari orqali yaxshi taniydi yoki ular to’g’risida etarli ma’lumotga ega. 

Sayyoh sifatida ana shu kentlarimizni tomosha qilib, milliy taomlarimizdan tatib, xalqimizning mehmondo’stlik fazilatidan hayratga tushganlari, hali-hanuz o’sha taassurotlarini yodga olganda, maroq bilan gapirib beradiganlari ham ko’p. O’zbekiston to’g’risida “ota yurtimiz” degan ibora bot-bot qo’llaniladi. Bunday mehrga yo’g’rilgan izhorlarni tinglaganda, Anqarada Amir Temur bog’i, “Toshkent” ko’chasi, Konyada Toshkent tumani, Istanbulda o’zbek mahallasi, Samarqand madaniyat markazi, qolaversa, ushbu go’zal shahrimiz nomi bilan yuritiluvchi teleradiokanal borligi, qator hududlarda o’zbek oshxonalari faoliyat yuritayotganini ko’rganda qalbda o’zgacha his-tuyg’ular jo’sh uradi. Darhaqiqat, bu ikki xalq bir-biriga har jihatdan yaqin, shuning uchun ham bir-biriga “do’stim, qardoshim” deya hurmatini bildiradi.

Shu o’rinda Turkiyaga oid ayrim fakt va raqamlarni ham keltirib o’tsak. Mamlakatda 81 provintsiya mavjud. Aholi soni ayni paytda 81 million nafar. Nufusi ko’pligi bo’yicha Istanbul (16 millionga yaqin), Anqara (5 million 445 mingdan ziyod), Izmir (qariyb 4 million 300 ming), Bursa (3 million atrofida), Antaliya (2 million 400 ming nafardan ortiq) shaharlari oldingi o’rinlarda turadi. Iqtisodiy salohiyatiga ko’ra, Turkiya dunyodagi katta yigirmatalikka kiruvchi davlatlardan biri sanaladi. Jahon banki prognoziga qaraganda, mamlakat iqtisodiyoti joriy yilda 6,2 foiz o’sadi. 

Bu Evropadagi eng yuqori ko’rsatkichdir. 2017 yilda mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 345 milliard AQSh dollarini tashkil etdi, xususan, eksport hajmi 154 milliard dollarga teng bo’ldi.

Turkiyaning turli sohalardagi yutuqlarini o’rganish, ilg’or tajribalaridan foydalanish, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan qo’shma loyihalarga turk tadbirkorlari va kompaniyalari sarmoyalarini jalb qilish mamlakatimiz manfaatlariga to’la mos keladi. O’z navbatida, O’zbekistonning ulkan bozori, tobora erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, tarixiy shaharlari va muqaddas qadamjolari Turkiyada katta qiziqish uyg’otmoqda. Ya’ni hamkorlikni mustahkamlashdan har ikki tomon ham manfaatdor.

Safarimiz mobaynida Anqara, Konya, Istanbul shaharlarida bo’lib, turli soha vakillari, aholining mamlakatimizdagi islohotlar, tashqi siyosatimizdagi yondashuv haqidagi fikrlari bilan qiziqdik. Diqqatga sazovor joylarini borib ko’rdik. Bu jarayonlarni tashkillashtirishda Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi, O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi yaqindan ko’maklashdi.

«Ikki dengiz uchrashuvi» — qalb olamiga yo’l

Ushbu davlatni tarixiy jihatdan yurtimiz bilan bog’lab turadigan shaharlaridan biri, bu — Konyadir. Sababi, mazkur hududda jahon adabiyotining betakror siymolaridan biri, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk so’z san’atkorlari o’zlariga ustoz deb bilgan ulug’ inson — Mavlono Jaloliddin Rumiy mangu qo’nim topgan.

 Foto: Shavkat Ortiqov, "Xalq so’zi". 


Anqaradan Istanbul tomon yo’l olishdan avval ana shu tabarruk qadamjoni ziyorat qilishni dilga tugdik. Mamlakat poytaxtidan Konyaga tezyurar poezdda qariyb ikki soatda etib borilarkan. 250 kmG’soat tezlikda harakatlanuvchi mazkur temir yo’l transporti, undagi qulayliklar, servis xizmati, vagon kuzatuvchilarining muomalasi xuddi bizdagi “Afrosiyob”ni eslatadi. Tashqaridagi manzara, dalalar ham o’xshash. Goh-gohida yam-yashil bug’doyzorlar, endigina shudgorlanib, ekin uchun tayyorlab qo’yilgan paykallar ko’zga tashlanadi. Turarjoylar, turli binolar... Agar bir zumga Turkiyada ekanligingizni unutsangiz, ishoning, o’zingizni go’yo Samarqand yoki Buxoro tomonlarga ketayotgandek his qilasiz.

Ana shunday taassurotlar bilan zum o’tmay manzilga etdik. U yerda Matbuot va axborot bosh boshqarmasi Konya bo’limi mudiri Abdurahmon Fidanji kutib oldi. Mezbon eski qadrdonlardek quchoq ochib ko’risharkan, “Tabarruk yurtdansiz, O’zbekistonga hurmatimiz, mehrimiz cheksiz”, deya qo’shimcha qildi. Bilasizmi, bunday samimiy munosabat Vataningdan faxrlanish tuyg’usini cheksiz orttirib, ruhiyatingga boshqacha ta’sir qilarkan. Umuman, Konya ko’plab tarixiy binolar, masjid va madrasalar, muzeylar joylashgan go’zal shaharki, bu yerda azaldan mavjud bo’lgan ulkan ma’naviy muhit bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Buni mahalliy aholi vakillarining madaniyatidan, so’zidan, muomalasidan ham bilish mumkin.

Qisqa suhbatimizda asosiy mavzu davlatlarimiz o’rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga chiqib borayotgani, bordi-keldilar faollashgani, bundan xalqlarimiz behad mamnunligi haqida bo’ldi. Shundan so’ng, mezbonning tavsiyasi bilan ziyoratni dastlab Jaloliddin Rumiyning ma’naviy ustozi Shams Tabriziy maqbarasidan boshladik.

Inshoot hovlisidagi lavhda qayd etilganidek, yuksak ma’naviyati, ilmi, o’tkir zehni bilan nom qozongan, o’z davrining ulug’ shayxlaridan tahsil olgan Tabriziy Mavlono Jaloliddinning komil inson sifatida shakllanishida katta o’rin tutgan. Tabriziy Rumiy haqida eshitib, uni qidirib Konyaga keladi. Bu buyuk zotlarning uchrashuvi tarixda “Ikki dengiz uchrashuvi” (ayrim manbalarda “Ikki dengiz birlashuvi” deb ham yuritilgan) deya ta’riflanadi. Uch yarim yil birgalikda yurib, Rumiy ustozidan ko’p narsa o’rganadi va hayotida yangi ufqlar ochiladi.

Ushbu maskandan chiqib, yayov yurilsa, taxminan 5 daqiqada “Mavlono muzeyi”ga etib boriladi. Majmua xodimi Osman Sanning aytishicha, bu tarixiy inshoot dastlab “Mavlono dargohi”, 1927 yildan “Konya osoriatiqalar muzeyi” va 1954 yildan e’tiboran “Mavlono muzeyi” nomi bilan yuritila boshlangan. Unga kiriladigan har bir eshik alohida nom va ma’noga ega. Bu yerda Jaloliddin Rumiyning qabri, hujralar, masjid, eksponatlar qo’yilgan xonalar, kutubxona va boshqa xonalar o’rin olgan.

Ma’lumki, Jaloliddin Rumiy 1207 yilda Balx shahrida, o’z davrining mashhur mutasavvuf donishmandi, yirik xatib va voizi bo’lgan Bahouddin Valad oilasida tug’ilgan. Bahouddin Valad ba’zi siyosiy voqealar sababli Balxdan ketishga majbur bo’lgan. Bir necha yillar turli shaharlarda istiqomat qilib, nihoyat aynan Konyadan qo’nim topgan. Rumiy o’sha davrning yirik ilmiy markazlarida tahsil olib, donishmand bo’lib etishadi. Ulug’ alloma o’zidan keyingi avlodlarga qimmatbaho asarlar qoldirgan. Bular g’azal va ruboiylardan iborat “Devoni kabir”, ya’ni “Buyuk devon” nomi bilan mashhur devon, tasavvufiy-ishqiy asar — “Masnaviyi ma’naviy”, Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy kitob — “Fiyhi ma fiyh”, Rumiyning turli yillarda yaqinlari, do’stlari, ayrim olimlar va davlat amaldorlariga yozgan maktublaridan tashkil topgan to’plam — “Maktubot”, shuningdek, o’git va pand-nasihatlardan iborat bo’lgan “Majolisi sab’a” asarlaridir. Bularning har biri bebaho durdonalardir. Masalan, “Masnaviyi ma’naviy”ni inson ma’naviy hayotining qomusi sifatida nafaqat Sharqda, balki o’arbda ham ixlos bilan o’rganishgan.

“Mavlono muzeyi”da allomaning asarlari, shaxsiy buyumlari, liboslari, turli kitoblar, qandillar, musiqiy asboblar saqlanadi. Kutubxonada qo’lda yozilgan 4 mingdan ortiq tarixiy adabiyotlar mavjud bo’lib, e’tiborlisi, ana shu asarlar barchasining CD shaklidagi elektron nusxalari ham yaratilgan. Bu manzilning Turkiya ziyorat turizmida qanchalik muhim o’rin tutishini bitta raqam bilan izohlash mumkin: har yili bu yerga dunyoning turli nuqtalaridan, turli millat va dinga mansub 3,5 million nafar sayyoh tashrif buyurarkan.

Turistlarga ushbu tabarruk manzil yonginasida joylashgan yangi muzeyga tashrif buyurish ham tavsiya etiladi. Muzeyning pastki qavatidagi devorlarga Jaloliddin Rumiyning bolaligidan to so’nggi kunlarigacha bo’lgan umr yo’li tasvirlangan, qo’lda chizilgan suratlar osilgan. Yuqori qavatdagi tomosha zalida qadimiy Konya, uning aholisi turmush tarzi maketlar shaklida, xuddi jonlidek gavdalantirilgan.

Shunday yorqin taassurot va o’zgacha his-tuyg’ular og’ushida navbatdagi manzil — Istanbul sari yo’l oldik.

“2020 yil: O’zbekiston dunyoni hayratga soladi”

Istanbul Evropa va Osiyoni bir-biriga bog’lab turuvchi, mamlakat tarixida, iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hayotida muhim o’rin tutuvchi shahar hisoblanadi. Savdo-sotiq, sanoat yuksak darajada rivojlangan. Misol uchun, Turkiya savdo sohasi hajmining qariyb 30 foizi ushbu kent hissasiga to’g’ri keladi. 

 Foto: Shavkat Ortiqov, "Xalq so’zi". 

Yirik biznes va sanoat markazlari mavjud. Bir qancha xususiy banklar, firmalar, mashhur telekanallar, tahririyatlarning bosh ofisi shu yerda joylashgan. Tarixiy maskanlari, yodgorliklari ko’pligi, dengiz sohili, yuqori darajali servis xizmati tufayli Istanbul butun dunyodan turistlar e’tiborini jalb qiladi. Har yili o’rtacha 7 — 9 million nafar atrofida xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Bu yerda oddiy mehmonxonalardan tortib, besh yulduzli bo’lganlarini ham topish mumkin.

Istanbulda Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar qo’mitasining Turkiya — O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi Izzet Ekmekchibashi bilan uchrashib, mamlakatimiz o’rtasidagi hamkorlik aloqalari, hayotga tatbiq etilayotgan yirik loyihalar xususida suhbatlashdik.

— Avvalo, Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar qo’mitasi haqida qisqacha aytib o’tadigan bo’lsam, uning tarkibida bir qancha xoldinglar, kompaniyalar, firmalar mavjud bo’lib, faoliyati tashqi savdo, xalqaro investitsiyalar, xizmatlar ko’rsatish, logistika va boshqa jabhalarda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, — deydi suhbatdoshimiz. — Masalan, men qurilish sohasiga ixtisoslashtirilgan “Gentes” kompaniyalar guruhi rahbari sifatida ushbu qo’mita a’zosiman. Biz sanoat ob’ektlari, turarjoylar, banklar, ta’lim va sog’lomlashtirish muassasalarini qurish, injiniring xizmatlari ko’rsatish, tarixiy ob’ektlarni restavratsiya qilish kabi qator yo’nalishlarda faoliyat olib boramiz. 

Turkiya — O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi sifatida ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo’shishni burchim, vazifam deb bilaman. Bu yo’lda bor bilim va salohiyatimni ishga solayapman.

O’zbekistonning Jizzax viloyatida “O’zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda go’shtni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Uzgen” qo’shma korxonasini tashkil etish ustida ish olib bormoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o’tgan yili Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ana shu loyiha taqdimotini ham o’tkazgan edik.

“Uzgen” chiqitsiz texnologiya asosida faoliyat yuritadigan yirik majmua bo’ladi. Uning tarkibidan kushxona, muzlatkichli omborxonalar, go’shtga ishlov berish, go’sht va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish, qadoqlash tsexlari, bitta savdo do’koni o’rin oladi. Teri va chiqindilarning barchasi qayta ishlanadi. Hatto ana shu jarayonlarda foydalanilgan suv ham tozalanib, dehqonchilik uchun etkazib beriladi. Bundan tashqari, Turkiyadan ham xom ashyo sifatida charm olib borib, sumka, kamar va boshqa charm-attorlik mahsulotlari tayyorlash ko’zda tutilgan. Majmua to’liq quvvat bilan faoliyat boshlasa 2500 kishining bandligi ta’minlanadi.

— O’zbekistonda so’nggi yillarda kuzatilayotgan o’zgarishlar, olib borilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan muhit haqida nimalar deya olasiz? — so’raymiz undan.

— Men yurtingizga ilk bor ancha yillar ilgari borgandim, — deydi Izzet Ekmekchibashi. — Ochig’i, o’sha davrlarda aeroportdayoq shu darajada murakkab rasmiyatchilikka duch kelardingizki, odam bezib ketardi. Oradan ko’p vaqt o’tdi. So’nggi paytlarda loyihalarimiz ijrosi yuzasidan O’zbekistonga tez-tez safar qilayapman. Har bir yangilik tashqaridan qaragan odamga yaqqolroq ko’rinadi. Farq osmon bilan yercha. Men bir yoki ikki yilni emas, mana shu oxirgi olti oydagi o’zgarishlarni misol sifatida aytganimda ham — hayratlanarli, deya ta’riflagan bo’lardim. Aeroportdan o’tish juda osonlashdi, Turkiya fuqarolari uchun ham O’zbekistonda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi. Tashqi siyosatda, avvalo, qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga alohida ahamiyat qaratilib, barcha muammolar bartaraf etildi. Odamlar qo’shni davlatlarga emin-erkin borib kelishayotganiga guvohman. Bular o’z-o’zidan bo’ladigan ishlar emas. Juda katta natijalardir va xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Shu orqali O’zbekistonning imiji ko’tarilib borayapti.

Yana bir jihat. Bir paytlar turli sabablarga ko’ra, ayrim ilmiy salohiyatli insonlar, ishbilarmonlar O’zbekistondan boshqa davlatlarga ketib, faoliyatini davom ettira boshlagandi. Ular aslida mamlakat uchun kerak. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada ham juda oqilona siyosat yuritib, ana shunday insonlarni Vatanga qaytarish, O’zbekiston taraqqiyotiga hissa qo’shishga chorlamoqda. Qanday sharoit zarur bo’lsa, yaratib berishga intilayapti. Natijada bu borada ijobiy holatlar ko’zga yaqqol tashlanmoqda. Xorijiy investorlarda ham mamlakat bozoriga qiziqish kuchaydi. Xususan, hozir Turkiya ishbilarmonlari yana O’zbekistonga qaytish, biznesini yo’lga qo’yish istagida.

Bugungi islohotlardan O’zbekiston fuqarolari ham mamnun ekanligini kuzatish mumkin.

O’zbekiston rahbari bilan Turkiyaga davlat tashrifi chog’ida uchrashish nasib etdi. Bundan juda mamnunman. Men dunyo kezgan bir tadbirkor sifatida Shavkat Mirziyoyevning ish tajribasiyu fazilatlaridan hayratga tushaman. U uzoqni ko’ra biladi, xalqning hayotidan yaxshi xabardor, ahamiyatlisi, ishni markazda turib olib bormaydi. Viloyatma-viloyat, qishloqma-qishloq kezib, odamlarning ahvolini o’rganadi. Borgan joyida biror muammo ko’rsa, darrov o’sha masalani echish bo’yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar beradi. “Tortolmagan” rahbarlarni vazifasidan olib, o’rniga boshqasini qo’yadi. Sinaydi, intilishi kuchli kadr bo’lsa, qo’llab-quvvatlaydi. Natijada islohotlar olis hududlarga ham etib borayapti. Ayniqsa, xorijiy tillarni biladigan, zamonaviy fikrlaydigan yosh mutaxassislarga alohida ahamiyat qaratayotgani diqqatga sazovor.
Shulardan kelib chiqib shaxsan men bir fikrni bildirishni istardimki, 2020 yildan keyin O’zbekiston butunlay boshqacha, jadal rivojlangan davlat sifatida namoyon bo’ladi.

“O’zbekiston Prezidentidan intervyu olish — orzuimiz”

Turkiya media sohasi ham ancha rivojlangan. Bu yerda davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari sog’lom raqobat asosida faoliyat yuritadi. Mamlakatda “Turkuvaz Medya Grubu” xususiy kompaniyasi alohida o’ringa ega bo’lib, tarkibida “Atv”, “a2”, “A haber, “A Spor” kabi 15 ga yaqin mashhur ixtisoslashtirilgan telekanallar, o’ndan ortiq radiokanal, “Sabah”, “Daily Sabah” singari nomdor gazetalar, xalqaro miqyosga chiqqan jurnallar, keng omma e’tiboriga tushgan internet saytlar bor. Ushbu media kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, “A news” telekanalining xabar va efirga uzatish koordinatori Orxan Sali bilan muloqot qildik.

 Foto: Shavkat Ortiqov, "Xalq so’zi". 

— “A haber” — Turkiyaning eng ko’p tomosha qilinadigan informatsion telekanalidir, — deydi suhbatdoshimiz. — Men ushbu kanalda sakkiz yildan beri ishlayman. Kasbimiz axborotni ommaga birinchi bo’lib etkazishni taqozo qiladi va butun jamoamiz mana shu yo’lda astoydil intilmoqda. Natijada taxminan 30 — 40 oydirki, Turkiyadagi reytingda yuqori o’rinda turibmiz. Bizning asosiy yo’nalishimiz mamlakatimiz rahbari Rejep Tayyip Erdo’g’on yuritayotgan siyosatdan, Turkiyadagi yangiliklardan dunyo ahlini xabardor qilish.

Bugun globallashuv davrida, axborot xuruji kuchaygan bir sharoitda yashayapmiz. Xorijdagi ayrim noxolis hamkasblarimiz Turkiya haqida noto’g’ri fikrlarni shakllantirishga urinib, bo’hton xabarlarni ham tarqata boshlagandan keyin kompaniyamiz o’tgan yili ingliz tilidagi “A news” telekanalini tashkil etishga qaror qildi. Men shu telekanalga mas’ulman. Biz yangi telekanal orqali dunyo ahliga Turkiyaning asl qiyofasini, ezgu niyatli davlat ekanligini ularning o’z tilida ko’rsatishga intilayapmiz. Axborotlarni, shuningdek, nemis va arab tilida ham efirga uzatamiz. Yaqin kelajakda rus va xitoy tilini yo’lga qo’yish niyatidamiz. Turkiyada 90 nafarga yaqin, qariyb 30 ta davlatda 50 ta muxbirimiz bor. Bizni keng auditoriya — oddiy odamlardan tortib siyosatchilargacha kuzatadi.

Do’st va qardosh davlatlar haqida doimo yaxshi xabarlar tayyorlab, jahon ahliga taqdim qilish ham faoliyat yo’nalishimizning muhim bir qismi sanaladi. Shu ma’noda, so’nggi yillarda Turkiya va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganidan hammamiz behad mamnunmiz. Chunki madaniyatimiz, an’analarimiz o’xshash, qarashlarimiz yaqin. Biz hamjihatlikda ko’p narsalarga erishishimiz mumkin. Media sohasida ham shunday hamkorlik mustahkamlanishini istardik. Afsuski, bizning kompaniyamiz O’zbekiston ommaviy axborot vositalari, xususan, telekanallari bilan u qadar yaqin emas. Lekin aloqalar yo’lga qo’yilishini juda xohlaymiz. “Turkuvaz Medya Grubu” nomidan aytishim mumkinki, biz bunga tayyormiz.

To’g’ri, yurtingiz haqida shu paytgacha ko’plab xabarlar uzatdik va  bu jarayon izchillik kasb etgan. Biroq ana shu yangiliklarning asosiy qismini axborot agentliklari orqali olamiz. Biz mamlakatingizda muxbirimiz bo’lishini, ijodiy jamoamiz bilan borib, O’zbekistonning tarixi buyuk, bugun jadal rivojlanib borayotgan davlat ekanligini o’z videomateriallarimiz orqali namoyish qilishni istaymiz.

Eng katta maqsadlarimizdan biri — O’zbekistonni yangi marralar sari dadil olib chiqayotgan, kuchli siyosatchi, xalqaro maydonda yuksak mavqega ega Prezident Shavkat Mirziyoyevdan intervyu olishdir. Bu suhbatni amalga oshira olsak, ingliz, nemis, arab tillarida efirga uzatishni rejalashtirganmiz. Umid qilamizki, ana shu niyatimiz ro’yobga chiqadi.

Fursatdan foydalanib, do’st O’zbekiston xalqiga, hamkasblarimga muvaffaqiyatlar doimo yor bo’lishini tilayman!

...Albatta, O’zbekiston va Turkiya munosabatlari yangi bosqichga chiqib borayotgani, uning hayotiy ifodalarini bitta maqolaga sig’dirish mushkul. Hozirgi natijalar yuksak marralarning debochasi xolos. Buyuk tarix bunyod etgan ikki ulug’ xalqning hamjihatlikda erishadigan kelgusi yutuqlari, shubhasiz, navbatdagi materiallarimizga mavzu bo’ladi.

Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so’zi» maxsus muxbiri.

Toshkent — Anqara — Konya — Istanbul — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?