Oʻzbekiston – Turkiy tilli davlatlar kengashi uchun yangi nafas

10:10 26 Oktyabr 2019 Jamiyat
108 0

Maʼlumki, joriy yilning 15-oktyabr kuni Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar kengashining(TTDK) yettinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Kuzatuvchi mamlakat sifatida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Purli Agamurodov qatnashdi.

Bundan buyon ushbu platformani toʻla-toʻkis deb hisoblash mumkin

Sammitda Oʻzbekiston Kengashning toʻla huquqli aʼzosi sifatida ishtirok etishi uning muhim hodisasiga aylandi va bu jarayon tadbirning kun tartibida turgan eng muhim masalalardan biri boʻldi. Mamlakatimizning TTDKga qoʻshilishi mazkur Tashkilotga asos solinganining 10 yillik bayramiga toʻgʻri kelgani ham diqqatga sazovor.

Kuzatuvchilar va aʼzo davlatlar respublikamizni Kengashga kirishini koʻtarinki kayfiyat bilan kutib oldi hamda buni turkiy tilli mamlakatlar uchun tarixiy voqea deb atadi. Ularning fikricha, “bundan buyon ushbu platformani toʻlaqonli deb hisoblash mumkin, zero, Toshkent turkiy tilli davlatlar oilasida oʻzining sharafli oʻrnini egalladi”.

Binobarin, Kengash davlatlari rahbarlari tomonidan qabul qilingan qoʻshma bayonotda ham Oʻzbekistonning TTDKga qoʻshilishi tarixiy xarakter kasb etishi taʼkidlandi. Ular Toshkentning turkiy tilli mamlakatlar bilan munosabatlarni jadallashtirish sari qoʻygan ishonchli qadamini faxru iftixor va mamnuniyat bilan eʼtirof etishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda soʻzlagan nutqida Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini maʼlum qildi.

Xalqaro kuzatuvchilarning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik davlatlardan birining turkiy tilli mamlakatlar oilasiga qoʻshilishi Kengash faoliyatiga yangi surʼat baxsh etadi, mintaqa va butun dunyoda uning salmogʻi hamda ahamiyatini oshiradi. Shuningdek, bu hodisa turkiy tilli davlatlarning jipsligi va birdamligini mustahkamlashdagi muhim voqea ekanligi ham aloxida taʼkidlanmoqda.

Xoʻsh, bular nimalarda oʻz inʼikosini topadi?

Avvalo, turkiy tilli davlatlar orasida Oʻzbekiston aholi soni boʻyicha ikkinchi, YAIM hajmi boʻyicha uchinchi oʻrinni egallaydi.

Demak, respublikamizning ulkan darajadagi inson resurslari, barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti va yirik xom ashyo zaxiralariga boy ekanligi hamkorlikning iqtisodiy tarkibini yangi imkoniyatlar bilan toʻldirishga qodir.

Ayni chogʻda Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar, balki Afgʻoniston bilan ham chegaradosh yagona davlatdir. Yurtimizning strategik joylashuvini inobatga olgan holda uning Tashkilot transport-kommunikatsiya loyihalaridagi ishtiroki ham ijobiy baholanyapti. Zotan, respublikamizning tranzit salohiyati Kengashga aʼzo davlatlar uchun Janubiy Osiyo va Xitoyga chiqishdek qulaylikni taqdim etadi.

Bundan tashqari, Vatanimiz tarixda turkiy tilli madaniyatlar ravnaqida yetakchi oʻrinni egallagan. Bu esa turkiy xalqlar maʼnaviy-madaniy qadriyatlarini keng ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshish imkonini beradi.

Yuqoridagi jihatlarning barchasiga uygʻun ravishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan faol va pragmatik tashqi siyosat sharofati bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi oʻrnini mustahkamlab boryapti. Aynan shu hududda turkiy tilli davlatlarning aksariyati jamuljamdir.

Oʻz navbatida Toshkent afgʻon mojarosini hal qilishda asosiy ijrochi sifatida maydonga chiqmoqda. Pirovardida jahon afkor ommasining mintaqada sodir boʻlayotgan jarayonlarga nisbatan qiziqishi ortayotir. Buni xorijlik hamkorlar mamlakatimiz timsolida mintaqaning salmoqli vakilini koʻrayotgani, uni ishonchli va uzoq muddatli sherik deb hisoblayotgani ham tasdiqlaydi.

Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish – asosiy vazifa

Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish Sammit kun tartibidagi asosiy mavzuga aylangani bejiz emas. Oʻzbekiston Prezidenti ham tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va ishonchli aloqalarni oʻrnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratish ustuvor vazifa ekanligini aytib oʻtdi. Shu borada qoʻshma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamgʻarmalari tashkil qilish, qoʻshma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbarining takliflari boshqa aʼzo davlatlar tomonidan ijobiy qabul qilinib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi.

Yurtboshimizning ushbu sohaga alohida eʼtibor berganligi bugungi kunda Oʻzbekistonda bu tarmoqning rivojlanishiga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralishi va Tashkilot doirasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay mexanizmlarning mavjudligi bilan bogʻliq. Shular qatorida TTDK qoshida faoliyat koʻrsatuvchi Ishbilarmonlar kengashini yaqqol misol tariqasida koʻrsatish mumkin.

Joriy yilning oktyabr oyida ushbu tuzilmaning investitsion forumi Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi. Tadbirda Kengashga aʼzo davlatlarning 500 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etishdi.

Bundan tashqari tadbirkorlar oʻrtasida muloqot va hamkorlikni kuchaytirish va oʻzaro tajriba ayirboshlash uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida bugungi kunda biznes portal “www.turkicbusiness.com” faoliyat koʻrsatmoqda.

Qolaversa, Bokudagi sammit doirasida ham aʼzo mamlakatlar tadbirkorlik salohiyatini aniqlash va oʻzaro hamkorlik uchun istiqbolli sohalarni belgilash maqsadida biznes forum oʻtkazildi.

Sammit doirasidagi aʼzo davlatlar rahbarlari yigʻilishining yakunida qabul qilingan 6 boʻlimdan iborat Qoʻshma deklaratsiyaning ilk boʻlimi ham mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarga bagʻishlandi. Bu holat ushbu yoʻnalishning qanchalik ustuvor ahamiyat kasb etayotganligining yana bir yaqqol dalilidir.

Shu oʻrinda, ushbu hujjatning boshqa boʻlimlariga ham eʼtibor qaratsak, unda davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik turli sohalarda keng quloch yoyayotganini guvohi boʻlamiz. Jumladan, Deklaratsiyaning 2-boʻlimida tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarida munosabatlarni rivojlantirish haqida soʻz yuritiladi.

Va bunda taʼkidlab oʻtish lozimki, turkiy tilli davlatlar uchun umumiy boʻlgan xalqaro ekstremizm va terrorizm koʻrinishidagi tahdidlar mavjud. Tashkilotga aʼzo mamlakatlar esa bu xavflarga qarshi yakdillik va dadillik bilan kurash olib borish zarurligini chuqur anglab yetishgan. Birgalikda ishlab chiqiladigan umumiy choralargina bu tahdidlarni avvaldan koʻrib, bartaraf etishga imkon beradi.

Prezident belgilab bergan ustuvor yoʻnalishlar va kutilayotgan iqtisodiy samara

Eʼtiborli jihati, Prezidentimiz oʻz chiqishida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Kengashga aʼzo mamlakatlarning transport imkoniyatlaridan samarali foydalanish va qoʻshma sayyohlik dasturlarini amalga oshirishni hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berdi.

Boisi TTDK faoliyati tahlili va unga aʼzo mamlakatlar salohiyati shuni koʻrsatmoqdaki, mazkur yoʻnalishlar Oʻzbekiston uchun muhim iqtisodiy dividend(foyda) keltiradi.

Bular nimalarda koʻrinadi?

Birinchidan, Kengashda savdo-iqtisodiy xarakterdagi masalalarni birgalikda hal etish uchun turkiy tilli davlatlar imkoniyatlarini birlashtirish boʻyicha katta salohiyat mavjud.

Bu umumiy 115 mln. kishilik aholi va 1,1 trln. dollardan ziyod yalpi ichki mahsulotga ega Kengash miqyosi oʻzbek mahsulotlari eksporti uchun istiqbolli bozor ekanligidan dalolat beradi.

Ayniqsa, buni oxirgi yillarda aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik TTDK kun tartibida ustuvor ahamiyat kasb etib borayotganidan ham bilsa boʻladi. Jumladan, uning tuzilmasida Ishbilarmonlik Kengashi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda esa Istanbulda Savdo-sanoat palatasi tuzildi.

Shularga hamohang tarzda Kengash mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2018-yilda 2015-yilga nisbatan 29 foiz ortib, 7 mlrd. dollarni tashkil etdi.

2016-yildan buyon yurtimizning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro mahsulot ayirboshlashi esa 40 foiz oʻsdi. TTDK ekspertlarining baholashlaricha, Oʻzbekistonning Kengashga qoʻshilishi unga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasini yiliga 12 mlrd. dollarga yetkazish imkoniyatini berar ekan.

Ikkinchidan, TTDK mamlakatlarining tranzit salohiyati Oʻzbekistonga Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Binobarin, Kengash ishtirokchilari bilan hamkorlikda “Boku-Tbilisi-Kars”(“BTK”) temir yoʻli bilan bogʻliq Transkaspiy transport yoʻlagini rivojlantirishga eʼtibor qaratilyapti. Mamlakatimizning mazkur loyihaga qoʻshilishi Yevropa davlatlariga yuk tranzitini tashkil etish boʻyicha ishlarni faollashtirishga xizmat qiladi. Bu “Toshkent – Turkmanboshi porti – Axalkalaki-Kars” yoʻnalishi boʻyicha Osiyoni Yevropa bilan bogʻlovchi “Marmaray” tunneliga chiqish deganidir.

Shunday ekan, Kengashga aʼzo davlatlar bilan transport-kommunikatsiya sohasida hamkorlik qilish respublikamizning transport yoʻllarini diversifikatsiyalash va savdo-iqtisodiy sheriklar doirasini kengaytirish boʻyicha tashqi iqtisodiy maqsadlariga mos keladi.

Qolaversa, istiqbolda “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” va uni “BTK” bilan bogʻlash Chin oʻlkasidan Yevropagacha boʻlgan tarixiy Buyuk Ipak yoʻlini tiklashda muhim hissaga aylanadi.

Zero, bu yoʻl qachonlardir aynan turkiy tilli yurtlar hududlaridan oʻtib, xalqlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy rishtalarni rivojlantirishga xizmat qilgan.

Transport loyihalarini yoʻlga qoʻyish samaradorligini oshirish maqsadida tashkilot doirasida muntazam ravishda transport vazirliklari va bojxona idoralari xodimlari oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazilib boriladi.

Uchinchidan, Oʻzbekistonning 2018-yilda ishga tushirilgan “Zamonaviy Ipak yoʻli” qoʻshma turistik loyihasida faol qatnashuvi yurtimiz sayyohlik imijini Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharq davlatlarida ilgari surish, shuningdek, diyorimizga keladigan sayyohlar oqimini koʻpaytirishga yordam beradi.

Bugungi kunda ushbu dastur doirasida tomonlar yagona turistik vizani joriy etish imkoniyatini koʻrib chiqishyapti. Bu borada, ayniqsa, ziyorat turizmi jadal rivojlanishi kutilmoqda.

Gap shundaki, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda musulmon mamlakatlaridan yurtimizga kelgan sayyohlar orasida turklar birinchi oʻrinni(41,2 ming) egallagan.

Bundan tashqari, joriy yil yakuniga kelib “Boku-Tbilisi-Kars” temir yoʻli boʻylab yoʻlovchi tashishni ham tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunday keng koʻlamli faoliyat natijasida mintaqaviy turizm ravnaq topadi. Istiqbolda bu Oʻzbekiston uchun ham katta imkoniyatlar baxsh etadi.

Shu oʻrinda yana shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, ushbu sammit doirasida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning kiritgan 2020-yilda “Xivaga shahriga turkiy tilli davlatlar madaniyat markazi” degan maqomni berish taklifi toʻliq qoʻllab- quvvatlandi va amaliy jihatdan kuchga kirdi. Bu degani Tashkilot doirasidagi madaniy tadbirlar kelasi yili Xivada boʻlib oʻtadi va bu hodisa koʻhna va qadimiy shaharning jahonda turistik jozibasini kengroq namoyon boʻlishiga yana bir turtki beradi.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning TTDK faoliyatidagi ishtiroki xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirishga qaratilgan boʻlib, davlatimiz rahbarining mamlakat tub manfaatlarini turli tashkilotlar doirasida ilgari surish yoʻlidagi qatʼiy intilishini tasdiqlaydi.

Ayni chogʻda Oʻzbekistonning Kengashga qoʻshilishini Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan respublikamizni butun dunyoga ochiqligini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan faol tashqi siyosatining yana bir amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin.

Bu Markaziy Osiyoda qulay mintaqaviy muhit va yaqin mamlakatlar bilan konstruktiv muloqot hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hisobiga Oʻzbekiston atrofida barqarorlik kamarini yaratishga qaratilgan yaxshi qoʻshnichilik siyosatining mantiqiy davomidir.

Muxtasar aytganda, xalqaro maydonda sezilarli faollashgan va mintaqaviy integratsiyalashuvi jarayonlarida oʻz rolini kuchaytirib borayotgan davlatimizning TTDKga qoʻshilishi mazkur tashkilot ishini yanada faollashtiradi, uning kun tartibini yangi gʻoyalar hamda aniq takliflar bilan boyitadi. Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekistonning Kengashdagi faoliyati mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va oʻrnini yanada ortib borishiga xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun: TTDK (Turkiy tilli davlatlar kengashi) rivojlanib borayotgan mintaqalararo tashkilotlardan biri boʻlib, turkiy tilli mamlakatlarning tarixiy, milliy va etnolingvistik birligi asosida yaratilgan. Kengash 2009-yilda Ozarbayjonda Naxichevan bitimi imzolash bilan taʼsis etilgan. Kengash Kotibiyati Istanbulda joylashgan. Kengash tashkil topgan paytda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston uning doimiy aʼzosi boʻlgan. Joriy yildan ularning safiga Oʻzbekiston ham qoʻshildi. Vengriya esa 2018-yildan tuzilma ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelyapti.

Aziz Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?