O‘zbekiston — Tojikiston: tutash tomirlar, yagona tarix va yorqin kelajak

10:41 15 Avgust 2018 Siyosat
599 0
Arxiv foto / "Xalq so'zi" 

Markaziy Osiyoni yagona tarix, umumiy kelajak birlashtirib turadi. Bu haqiqat davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ezgu g‘oyalarda yaqqol aks etdi, o‘zining hayotbaxshligi bilan mintaqa aholisi turmushida, tom ma’noda, tub burilish yasadi. Endilikda do‘stlik, oqibat, mehr-muhabbat tushunchalari ma’lum davrlarda sinovdan o‘tishini his etgan holda ikki jonajon qo‘shni mamlakat bugungi global davrda taraqqiyot va hamjihatlik yo‘lidan dadil borishmoqda. Ikki daryo oralig‘idagi serhosil zaminda qadim-qadimdan inoq va ahil yashab kelgan xalqlarning tutash tomirlari bir-birlarini tushunishga xizmat qilayotgani alohida maqtovga sazovor. Do‘stlik, qardoshlik, tinchlik, barqarorlik, ishonch tuyg‘ularini mustahkamlagani uchun O‘zbekiston rahbariga mintaqa xalqlari qatori, Tojikiston aholisi ham minnatdorligini bildirmoqda. Prezident Imomali Rahmonning yurtimizga amalga oshirilishi kutilayotgan davlat tashrifi oldidan o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar ushbu mamlakatda bo‘lishganida bunga yana bir karra ishonch hosil qilishdi.

Xo‘jand — zamonaviy shahar

Tojikiston shimolida joylashgan Xo‘jand shahrining dovrug‘i yetti iqlimga ketgan, desak ­mubolag‘a emas. Aleksandr Makedonskiy bu go‘zal kentdan naryog‘iga o‘tishni istamaganidanmi yoki, haqiqatdan ham, Yer yuzining so‘nggi nuqtasiga yetib keldim, deb o‘ylaganidanmi, unga Aleksandriya Esxata ­(chekka Aleksandr) nomini bergan edi. Bosqinchi mo‘g‘ullar Movarounnahrga yurishlarida O‘tror va Banokent zabtidan so‘ng tutqunlikka tushgan o‘n minglab asirlarni bu yerga qul qilib haydab kelib, qal’a mudofaasini sindirmoqchi bo‘lishgan. Ammo Jaloliddin Manguberdining ustozi va do‘sti, g‘oyat iste’dodli sarkarda ­Temur Malik boshchiligidagi mudofaachilar Xo‘jand qal’asini mardonavor turib himoya qilishadi. Temur Malik shirvoniy shaklda yopilgan qayiqlardan foydalanib, daryoning o‘ng sohilida joylashgan mo‘g‘ullar qarorgohiga yarim tunda to‘satdan hujum uyushtirib, ularning kuchini qirqishga muvaffaq bo‘lgan ekan. Bugungi kunda mazkur qal’aning qadimiy me’moriy shakli tiklanib, tarix muzeyi ham shu yerdan joy olgan. Har kuni bu yerga tashrif buyurgan yuzlab mahalliy va xorijiy sayyohlar Temur Malikning o‘lmas jasoratlari haqidagi hikoyalarni tinglashadi. Uning qahramonliklari nafaqat Xo‘jand, balki Markaziy Osiyo xalqlarining barchasi uchun beqiyos ibrat ekanligini e’tirof etishadi. Uning jasoratlari mangulikka daxldorligi xususida o‘zbek va tojik adiblari, san’atkorlarining tarixiy asarlari guvohlik beradi. G‘oyat murakkab taqdir yo‘lini bosib o‘tgan Temur ­Malik hayoti, irqu millatidan qat’iy nazar, yurtni sevish, uning ravnaqi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishning yorqin namunasidir. Buyuk sarkardaning xotirasini abadiylashtirish uchun Xo‘jandda bunyodkorlik ishlari davom ettirilayotgani tahsinga loyiq. ­Jaloliddin Manguberdi yodga olingan zahotiyoq, darhol Temur Malik ham esga tushadi. Bu ikki xalqning turmush tarzi, urf-udumi, qiyofasi bir bo‘lgani singari qahramonlari ham bir ekanligi ularni yanada yaqinlashtiradi.

Yigirmanchi asrda inqiloblar, urushlar jafokash bu ikki xalqning boshiga qanchadan-qancha kulfatlar soldi. Shu bilan birga ilm-fan, madaniyatda yuksalish davrini ham tarix sahifalariga muhrladi. Temur Malik himoya qilgan Xo‘jand qal’asidan uncha olis bo‘lmagan joyda loydan tiklangan uychada ulg‘ayib, turmush kechirish mushkulligidan otasi bilan Qo‘qon tomonlarga mardikorchilikka jo‘nagan xipcha o‘spirin keyinchalik o‘zbek ilm-fani darg‘asi sifatida dong taratdi. O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) asoschilaridan biri ekanligidan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti bo‘ldi. “Ulug‘bek va uning ilmiy merosi” asari esa uning nomi mangulik bilan bo‘ylashib ketishiga kafolat yaratib berdi. Xo‘janddan chiqib, o‘zbek ilm-faniga beqiyos ulush qo‘shgan bu o‘spirin akademik Toshmuhammad ­Niyozovich Qori Niyoziy edi! Qomusiy bilim ­egasi bo‘lgan bu ulug‘ allomaning hayoti va ­ijodi bugungi kunda har ikkala mamlakat yoshlari uchun ibrat ­maktabidir.

Siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jihatdan rivojlanib borayotgan Sug‘d viloyatining markazi Xo‘jand mintaqadagi yirik sanoatlashgan shaharlardan biri hisoblanadi.

— Hozirgi kunda qo‘shni O‘zbekiston bilan aloqalarimiz rivojlanib borishi har ikkala tomon uchun manfaatlidir, — deydi viloyat hokimi Rajabboy ­Ahmadzoda. — Turizm va tadbirkorlikka mamlakatimizda alohida e’tibor qaratilayotgan joriy yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanishimiz bu sohadagi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. O‘zbekistonda issiqxonalar tashkil etilishi namunali yo‘lga qo‘yilgan ekan. Bu sohadagi tajribalar ham biz uchun samarali bo‘ladi. Ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma’rifiy sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Sport, ilm-fan har ikkala mamlakat yoshlarining bir-birlari bilan bordi-keldi aloqalarini mustahkamlaydi. Shu maqsaddan kelib chiqib, turli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tojik-o‘zbek ishbilarmonlari hamkorligida korxonalar tashkil etilishi bo‘yicha ilk qadamlar qo‘yilmoqda.

Tojikiston mustaqilligi yillarida ulug‘ fors-tojik shoiri Kamol Xo‘jandiyning hoki Tabrizdan keltirilib, uning uy-muzeyiga asos solindi. “Bahoriston” sanatoriysi, “Istiqlol” majmuasi, shayx Maslihaddin Badeuddin Nurining maqbarasi shaharning diqqatga sazovor maskanlaridandir. Ayniqsa, tunu kun darvozalari yopilmaydigan Payshanba bozori ­sharqona shukuhi bilan e’tiborni tortadi.

O‘tgan asrda xo‘jalik rahbarlari Saidxo‘ja O‘rinxo‘jayev, Abdug‘afur Samadov qishloq xo‘jaligi sohasida dong taratgan edi. Ularning erishgan yutuqlari ittifoqdosh respublikalar xo‘jaliklariga ibrat qilib ko‘rsatilar edi. Saidxo‘ja O‘rinxo‘jayevning shahardan uncha uzoq bo‘lmagan o‘z xo‘jaligida “Arbob” deb nomlangan beqiyos saroy bunyod ettirgani ham hammaga ma’lum. O‘ziga xos me’moriy tuzilishga ega bo‘lgan bu inshoot muhtashamligi bilan hanuz kishini lol qoldiradi. Uning ayvonidan Xo‘jand shahri, o‘rtadan tasmadek oqib o‘tayotgan Sirdaryo, daryoning naryog‘idagi Mo‘nug‘il tog‘i kaftdagidek yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. 1992 yil respublika parlamentining 16-sessiyasi shu yerda bo‘lib o‘tgani uning tarixiylik ahamiyatini yanada yuksaltirgan. Tojikiston Prezidenti Imomali ­Rahmonning siyosiy fao­liyati ham aynan shu joydan boshlangani tufayli saroy mamlakat aholisining o‘ziga xos ziyoratgohiga aylangan.

“Kuy yaqin, ohang yaqin — dil yaqin!”

Sug‘d viloyatining qadimiy tarixga ega bo‘lgan shaharlaridan yana biri Istaravshanga yo‘l olgan O‘zbekiston jurnalistlarini Mug‘ deb atalgan tepalikka qurilgan amfiteatrning muhtasham darvozalari oldida karnay-surnay sadolari, non va asal bilan kutib olishdi.

— Do‘stligimiz asaldek shirin bo‘lishini istaymiz, — deydi istaravshanlik shoira Ra’noi Zoirdo‘xt. — Shuning uchun tuz o‘rniga asal qo‘ydik.

Ajabo, shunchalik sog‘inch, mehr-muhabbat, yaqinlik!

O‘yin-kulgi, kuy-qo‘shiq, raqsu quvonchlar!

Kim ayta oladi, bu ikki xalqni bir-biridan uzoqda deb?

Kuy yaqin, ohang yaqin — dil yaqin!

Til esa ko‘ngildan mujdalar olib chiqqanida ishqqa evrilib, barchaga birdek tushunarli bo‘lish qudratiga ega. Zero, ulug‘ Jaloliddin Rumiy lutf etganidek:

Ishq tili rubob tilidek sir emish,

Turku arabu yunonga bir emish.

Zahiriddin Muhammad Bobur “tole yo‘q”ligidan o‘z yurtini tark etar ekan, yo‘l-yo‘lakay O‘ratepa va uning tevarak-atrofidagi qishloqlarda oylab yashaydi. Boburchak qishlog‘i, Bobur toshi singari undan qolgan yodgorliklarni ­mahalliy aholi e’zozlab keladi. Aytishlaricha, Zahiriddin Muhammad Bobur tog‘ etaklaridagi buloq boshida o‘z qo‘li bilan o‘tqazgan zirk daraxti yaqin-yaqinlargacha bo‘lgan, bu yerda odamlar yashay boshlagach, shu zirk tufayli qishloq nomini “Boburchak” deb atashgan ekan.

— Sirdaryo viloyati aholisi uchun O‘ratepa tog‘lari ajoyib dam olish maskani bo‘lib kelgan, — deydi Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi Sultonmurod Hojiboyev. — Ularga hozir ham bag‘rimiz ochiq. Pirimqul Qodirov o‘tgan asrning yetmishinchi, saksoninchi yillarida tug‘ilgan qishlog‘i Kengko‘lga tez-tez kelib turardilar. O‘shanda O‘ratepada kitob do‘konlari ko‘p bo‘lardi. ­Abduvohid ismli markaziy kutubxona direktorini Pirimqul aka yaxshi tanib qolganlari uchun u Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Erkin ­Vohidov, O‘tkir Hoshimovni ham yaxshi tanib ­qolgan, uchragan odamga ularni tanishini aytib, maqtanib yurardi. Ayniqsa, Erkin Vohidovga bu yerlar juda yoqib qolganidan dam olish maskanlarimizga o‘zlari ham kelib-ketaverardilar.

Ardoqli o‘zbek shoirining:

Do‘st bilan obod uying,

Gar bo‘lsa u vayrona ham.

Do‘st qadam qo‘ymas esa,

Vayronadir koshona ham,

degan unutilmas satrlari ham ehtimol o‘shandagi mehru muhabbatlar taftidan shoir qalbida alangalanib, beixtiyor tiliga quyilib kelgandir?

— Pirimqul Qodirov o‘sha mahallardagi bir maqolasida o‘zbek-tojik xalqlarining do‘st-birodarligini O‘ratepadagi qishloqlar misolida tasvirlab bergan edi, — deya davom etadi S. Hojiboyev. —Bir qishloqda tojiklar ­yashasa, ikkinchisida o‘zbeklar istiqomat qiladi, deb yozgan edi sevimli yozuvchimiz.

O‘ratepa aholisi orasida ikki xalqning yaqinligini ifoda etuvchi turli-tuman latifanamo gaplar yuradi. Shundaylardan birida aytilishicha, O‘ratepaning somon bozorida ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshab ketadigan tojik bilan o‘zbek uchrashib qolibdi.

— Bu menmi yo bu senmisan? — dermish o‘zbek soddadillik bilan uning ko‘ksiga barmog‘ini nuqib.

Boshqa bir hangoma esa qovun bozori yonidagi so‘rida bolg‘alik bilan surkatlik yonma-yon qovun yeb o‘tirishgani haqida.

— Xudoba shukr! — debdi bolg‘alik o‘zbek qovunni yeb bo‘lgach, o‘zini tojik tilining bilimdoni ko‘rsatganicha.

— Xudoga shukr! — dermish surkatlik tojik ham til borasida undan qolishmasligini namoyish etganicha.

Mug‘ tepaligidagi amfiteatrning atrofini o‘ragan ayvonlarda Istaravshanning tojigu o‘zbek qishloqlari aholisi o‘z hunarlarini namoyish qilayotgan ekan. Darvoqe, bu tumanda yog‘och o‘ymakorligi, pichoqchilik, kandakorlik, kulollik, to‘qimachilik, temirchilik singari xalq hunarmand­chiligi qadim-qadimdan rivojlanib kelgan. Bugungi sanoatlashgan zamonda bunday ko‘hna hunarlar bilan ro‘zg‘or tebratish anchalik mushkul kechsa-da, qadriyat sifatida ular xalq orasida hamon e’zozlab kelinadi. Havosi salqin bu hududda qishloq xo‘jaligining mevachilik, ­sabzavotchilik sohalari ham yaxshi rivojlangan.

— Ilgari Toshkent bozorlarida biz olib borgan sabzi-kartoshka, olma-noklarni talashib-tortishib olishardi, — deydi Chorbog‘ qishlog‘ida istiqomat qiluvchi dehqon Habibilla ­Nurullayev. — Hovlimda yetishtirgan olmalarga Qo‘yliq bozoridan xaridorlar kelib, o‘zlari olib ketishardi. Qovun-tarvuzlarni esa Mirzacho‘ldan keltirardik.

O‘ratepa qir-adirlarida uzumchilikni rivojlantirish uchun ham beqiyos imkoniyatlar mavjud ekan. Bozorlar ochiq bo‘lsa, mahsulotni olib tursa, bu sohalar o‘z-o‘zidan rivojlanaveradi.

— Bu tomoni Jizzax, bu yog‘i Sirdaryo viloyatlari bizning yon qo‘shnimiz, — deydi Istaravshan tumani hokimi Bahrom Inoyatzoda. — O‘zbekistonning ko‘p joylarida bo‘lgani kabi Zomin tog‘lari bilan tutashib ketgan bizning bahavo qir-adirlarimizda ham ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari katta. Ayniqsa, yoz oylarida tog‘ hududlaridagi soya-salqin joylarda, sharqiroq buloqlar bo‘yida dam olishga nima yetsin?

Tuman hokimi e’tirof etganidek, tabiatning bag‘ri keng, u hech kimdan o‘z saxovatini ayamaydi.

Toshga bitilgan baytlar

O‘ratepadan chiqib mamlakat poytaxti Dushanbe shahri sari yo‘nalgan tog‘ yo‘li bo‘yidagi so‘lim maskanda ijodiy guruhni shahristonliklar ­kutib olishdi. Shahristonda olib borilgan ­arxeologik izlanishlar natijasida Markaziy Osiyo tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar ­topilganini mutaxassislar yaxshi bilishadi. Shahriston dovonidan o‘tgach, Ayniy, Mastchoh ­tumanlari boshlandi. Zahiriddin Muhammad ­Bobur “Maschoning pastki kenti Obburdondir. Obburdondan quyiroqda bir chashma bo‘lib, bu chashmadan yuqorisi Maschoga qarashli. Quyisi ­Palg‘arga taalluqlidir. Ushbu chashma boshida, uning yoqasidagi toshga bu uch baytni sabt ettim.

Shunidamki, Jamshedi farruxsirisht,

Ba sarchashmaye bar sange navisht:

Bar in chashma chun mo base dam zadand,

Biraftand to chashm barham zadand.

Giriftem olam bo mardiyu zo‘r,

Va lekin naburdem bo xud ba go‘r”.

Ma’nosi:

Eshitgan edimki, Jamshiddek nomdor

Bosh buloq toshiga yozdirdi yodgor:

Bu buloq boshiga ko‘plar yetdilar,

Ko‘z yumib ochguncha yitib ketdilar.

Mardligu zo‘rlik-la olamni oldik,

Lekin qabristonga quruq yo‘l soldik.

Fors adabiyotining buyuk namoyandasi Sa’diy Sheroziy qalamiga mansub baytlar bitilgan bu toshni mashhur tarixchi olim Aleksandr ­Semyonov “Bobur toshi jahonning eng mashhur muzeylari ziynati bo‘la oladi!” deya ta’riflagani haqida gap-so‘zlar yuradi. Hozirgi kunda Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida saqlanayotgan mana shunday sip-silliq qora toshlardan yana biri Tojikiston Milliy muzeyida ham bo‘lib, unda ham Mirzo Bobur Shayx Sa’diyning purma’no satrlarini toshga bitgan. Bu bitiklarda aks etgan inson hayotining mazmun-mohiyati, yashashdan maqsad-muddao nima ekanligi haqidagi umrboqiy g‘oyalar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Buyuk zotlarning umumbashariy g‘oyalari qisqa umri davomida ­inson hayotini bezaydigan asosiy narsalarga e’tibor qaratishi lozimligiga undaydi.

Me’moriy yechimining o‘zi bir mo‘jiza

Kitobga bo‘lgan munosabat orqali har qanday jamiyat haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Tojikiston kutubxonalarida o‘tgan asrda chop etilgan barcha kitoblar ham ko‘z qorachig‘idek e’zozlab, asrab kelinadi. Shu sababli qishloq kutubxonalari zaxiralari ham ancha boy. Mamlakat shaharlaridagi markaziy kutubxonalar esa poytaxt Dushanbe shahridagi Tojikiston Milliy kutubxonasi bilan zamonaviy axborot uzatish texnologiyalari orqali doimiy aloqada. Milliy kutubxona me’moriy yechimining o‘zi bir mo‘jiza, uning tashqi ko‘rinishiyoq kishini hayrat olami sari yetaklaydi. Uning devorlari kulrang tusda bo‘lib, kishi ruhida allaqanday yoqimli taassurot uyg‘otadi. Uzoqdan qaragan kishiga sahifasi ochib qo‘yilgan kitobni eslatadi. Tojik madaniyatiga hissa qo‘shgan 22 nafar ijodkorning byusti kitob sahifalaridan boqib turgandek. 2012 yil 20 martda Prezident Imomali Rahmon ishtirokida ochilgan to‘qqiz qavatli mazkur kutubxonaning uzunligi 167, balandligi 52 metrni tashkil ­etadi. Uning umumiy maydoni 45 ming kvadrat metrga teng. O‘nlab o‘quv zallari, galereyalar, tadbir va ko‘rgazmalar o‘tkazishga mo‘ljallangan zallarga ega.

— Kutubxonamizda mijozlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik mavjud, — deydi xalqaro munosabatlar va madaniy aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Salima Rajabova. — ­Elektron katalog va kutubxonalar tuzilgan, yuksak darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida ­innovatsion loyihalardan foydalanyapmiz.

Mazkur kutubxona Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan mus­tahkam aloqa bog‘lagan.

Qayirmaliklar

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidan bir guruh hamyurtlarimiz o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Ko‘lobga borib joylashib qolishgan ekan. Hozirgi kunda ular Tomoshatepa degan joyda yashashadi.

— o‘uzorning Qayirmasidanmiz, — deydi o‘zini Hojixushnazar Rajabov deb tanishtirgan oppoq soqolli sakson yashar otaxon. — Ota-­bobolarimiz tuyaga o‘tirib, bu yerga kelib qolishgan. Mana hozir ko‘payishib, 400 xo‘jalikka ­yetdik.

— Qavmu qarindoshlarimiz, urug‘larimiz bilan bordi-keldi qilib turamiz, — deydi ­Mirzo Mengliyev. — Biz endi shu yerga ko‘nikdik.

Qadim afsonalarga o‘xshab ketadigan bu voqea hayratlanarlidir. Bu yog‘ini olib qarasangiz, O‘ratepada ham Qayirma qishlog‘i bor. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva Boyovut tumanida tavallud topgan bo‘lsa ham, ota-bobolari shu qishloqdan. Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida ham qayirmaliklar istiqomat qiladi.

Bu misoldan ham ko‘rinib turibdiki, o‘zbegu tojik et bilan tirnoq kabi bir-biridan ajralmas og‘a-inilardir.

— Bu bir sinov davri, — der ekan Samar­qand viloyatining Urgut tumanida tavallud topib Dushanbe shahrida yashagan zullisonayn shoir O‘lmas Jamol mahalladoshlariga taskin-tasalli berganicha. — Kun kelib bir mard o‘rtaga chiqadiyu, aloqalarimiz yana tiklanganida mana shu sinov davrining saboqlari hali juda asqatadi.

Boxtar shahrining Urgut mahallasida keksalar marhum zullisonayn shoir O‘lmas Jamolning bu so‘zlarini eslashib, uning o‘zi bu kunlarni ko‘rolmaganiga afsuslanishdi, uning ruhiga o‘zbek ijodkorlari bilan birgalikda duo o‘qishdi.

Sinov davri ortda qoldi.

Endi esa zamondan ortda qolmay hamnafas harakat qilish, bir-birini tushunish tomirlari tutash, tarixi yagona, kelajagi mushtarak ­xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi.

Shoyim BO‘TAYEV, “Xalq so‘zi” maxsus muxbiri.
Toshkent — Xo‘jand — Dushanbe — Toshkent.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?