“O‘zbekiston tomon ochilish: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifiga dastlabki nazar”

17:03 11 May 2018 Siyosat
653 0
Foto: tiranatimes.com

2018 yilning 14 may kuni AQSH poytaxti Vashington shahrida Atlantika kengashi va AQSH tashqi siyosati bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti tomonidan “O‘zbekiston tomon ochilish: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifiga dastlabki nazar” mavzusida tadbir o‘tkaziladi. 

Shu munosabat bilan Atlantika kengashi saytida shunday yoziladi: “Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan Vashington shahri, Kolumbiya okrugiga keladi. Prezident Mirziyoyev rahbarligidagi yangi hokimiyat O‘zbekistonni xalqaro hamkorlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalariga ochib berish uchun siyosiy va iqtisodiy islohotlarini e’lon qildi. Toshkentning yangi mintaqaviy siyosati chegara demarkatsiyasi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekstremizm va terrorizm, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish kabi eski masalalar yechimi uchun shiddat hamda istiqbol baxsh etdi. 

Atlantika kengashi va AQSH tashqi siyosati bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga tashrifini, shuningdek, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar istiqbollari, yanada keng miqyosdagi xalqaro hamda mintaqaviy masalalar, mintaqadagi umumiy barqarorlikni muhokama qilish va baholash uchun guruh yig‘moqda”.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Eldor Aripov mehmon delegatsiya vakillari sifatida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mezbonlardan esa AQSH Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortis, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, Buyuk ipak yo‘lini o‘rganish dasturi asoschisi va direktori Frederik Starr qatnashishi belgilangan.
Tadbirga AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, Atlantika kengashining Yevroosiyo markazi direktori Jon Xerbst moderatorlik qiladi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?