Oʻzbekiston “Tolibon” harakati bilan Afgʻoniston hukumati oʻrtasida murosa topishga yordam bera olish salohiyatiga ega — AQSHlik ekspertlar

17:04 15 Sentyabr 2020 Siyosat
175 0

AQSHning Afgʻoniston va Pokistondagi sobiq maxsus vakili Richard Olsen, Jorj Vashington universitetining Xalqaro munosabatlar maktabi professori Jeyms Durso va Omaxa shahrida joylashgan Nebraska universitetining Afgʻoniston tadqiqotlari Markazi direktori Sherjon Ahmadzay Doxa shahrida (Qatar) 12-sentyabr kuni afgʻonlararo muzokaralarning boshlanishi rasmiy marosimi va tinchlik jarayonida Oʻzbekistonning tutgan oʻrni haqida “Dunyo” AAga intervyu berdi.

Richard Olsenning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston koʻp yillar davomida afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etishga hissa qoʻshib kelayotgan, Afgʻonistonga eng xayrixoh boʻlgan qoʻshnilardan biridir.

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi bir necha yilda bu yoʻnalishda Oʻzbekistonning tashqi siyosiy harakatlarida alohida surʼat kuzatilmoqda.

“2018-yil mart oyida boʻlib oʻtgan Toshkent anjumani afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatish uchun muhim qadam boʻldi va AQSH boshlagan hozirgi tinchlik jarayoni Afgʻonistonda barqarorlikka erishish boʻyicha erishilgan mintaqaviy kelishuvga asoslanadi”, dedi diplomat.

Uning fikriga koʻra, Oʻzbekiston Afgʻoniston uchun muhim savdo-iqtisodiy sherikdir. Bunga misol tariqasida amalga oshirilayotgan muhim infratuzilmaviy loyihalarni keltirish mumkin. “Shu bilan birga, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarda AQSH uchun muhim sherik boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda”, dedi AQSHning sobiq maxsus vakili.

“Oʻzbekiston hurmatga munosib va betaraf mintaqaviy ishtirokchi sifatida koʻriladi – mamlakat «Tolibon” harakati bilan Afgʻoniston hukumati oʻrtasida murosa topishga yordam bera olish salohiyatiga ega. Oʻzbekistonning mavjudligi va uning tinchlikka erishishdagi taʼsiri muzokaralar stolida seziladi, deb ishonaman», - dedi Richard Olsen.

Professor Jeyms Durso Oʻzbekistonning Afgʻonistonda inson salohiyatini yuksaltirish va mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvida muhim oʻrin tutishini qayd etdi.

“Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻonistonda malakali kadrlar tayyorlash uchun darvoza hisoblanadi. Termizdagi kabi oʻquv markazlari yosh afgʻonlarni butun mintaqa uchun toʻgʻri yoʻnalishda rivojlantirishga yordam beradi. Mehnat munosabatlari, ishbilarmonlik muhiti, moliyaviy barqarorlik va boshqa sohalarda Oʻzbekistonda olinadigan amaliy koʻnikmalar afgʻon yoshlari uchun oʻz mamlakati kelajagini yaratishda juda muhim”, - deydi ekspert.

U Oʻzbekistonning muhim transport salohiyati haqida fikr bildirar ekan, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Pokiston va Eron savdo yoʻllariga bogʻlanish istiqboliga ega Navoiy shahridagi xalqaro aeroport va logistika markazi hamda Hayraton orqali Termiz shahridan Mozori Sharifdan Hirotgacha boʻlgan temir yoʻl tarmogʻi Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.

Ilgari Afgʻoniston Prezidenti maʼmuriyatida asosiy lavozimlarni egallagan Nebraska universitetining Afgʻoniston tadqiqotlari markazi rahbari Sherjan Ahmadzay Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan hamkorlikni kengaytirishi masalasiga xayrixoh ekaniga ishonch hosil qilayotganini taʼkidladi. Bu AQSHning Markaziy va Janubiy Osiyodagi oʻzaro bogʻliqlik haqidagi tasavvurlariga juda mos keladi. Qoʻshma Shtatlar 2001-yildan beri Afgʻonistonda boʻlib, mintaqadagi davlatlar bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilishlari va savdo-sotiqni mintaqa manfaati uchun ilgari surishga turtki beruvchi siyosatni ishlab chiqmoqda.

Amerikalik tadqiqotchiga koʻra, Markaziy Osiyoda hamkorlik tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgani mintaqaviy hamkorlikning hayotiy zarurat ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Agar Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi jarayonlarning boshqaruvchisiga aylangan boʻlsa, Afgʻoniston mintaqaning Eron, Hindiston va Janubiy Osiyo bilan savdo markazi yoki koʻprigiga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi Sherjan Ahmadzay.

Oʻzbekiston har ikki tomonni, Doha qarorgohidagi toliblarni ham, Afgʻoniston hukumatini ham uzoq muddatli barqarorlik va tinchlikka yoʻl ochib beruvchi murosaga erishish uchun birlashishga, shuningdek, iqtisodiyotni mustahkamlash va ikki davlat oʻrtasidagi savdoni oshirishga undab, ushbu jarayonda ijobiy oʻrin tutmoqda, deya taʼkidladi amerikalik tadqiqotchi.

“Ikki tomonlama savdo koʻlamini 1,5 milliard dollarga yetkazish maqsadi, ayniqsa, pandemiya davrida muhim koʻrsatkichdir. Bu Afgʻoniston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi mintaqaviy aloqalar va savdo-sotiqni targʻib qilishda ulkan qadam boʻladi”, - deydi Sherjon Ahmadzay.

Ekspertga koʻra, “Qoʻshma Shtatlar mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va Afgʻonistonni bu jarayonlarga jalb etish borasidagi Oʻzbekiston saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Donald Tramp maʼmuriyati iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydi, binobarin, oʻsishning oʻzi mintaqa davlatlari ichida roʻy berishi kerak. Taraqqiyot uchun ulkan salohiyat mavjud boʻlib, bunga sarmoya jalb etilishi kerak. Ikki tomonlama savdo aloqalari va mintaqaviy aloqalarning ulkan imkoniyatlari Oʻzbekiston va Afgʻonistonga Markaziy Osiyo boʻylab uzoq muddatli tinchlik va barqaror taraqqiyotni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlish imkonini bermoqda”.

“Oʻzbekiston rahbari tashabbuslari oʻz natijalarini berdi va Afgʻoniston jamoatchiligi hamda hukumat doiralari oʻrtasida ijobiy baholandi. Afgʻoniston hukumati va xalqi Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning maʼmuriyati Afgʻonistonda faol ishtirok etayotganidan juda mamnun. Insonlar Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston hukumatining ijobiy ishtirokini qayd etib, Afgʻonistonda tinchlikka erishishda barcha sheriklarni birlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni nekbinlik kayfiyatida qarashi olmoqda”, - deydi ekspert.

Uning qayd yetishicha, Afgʻonistonda tinchlikka erishishda ushbu jarayonga jalb qilingan davlatlar muhim ahamiyatga ega. Xususan, Oʻzbekistonning Samarqandda tinchlik muzokaralarini oʻtkazish taklifi, 2019-yilning avgustida esa “Tolibon” delegatsiyasining qabul qilinganini toʻgʻri tushunish kerak. «Bu qadamlar har ikki tomon bilan muloqot oʻrnatish uchun zarur edi. 2018-yilda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Kobulga tashrifi chogʻida Afgʻoniston hukumati va boshqa tomonlar bilan muzokaralar oʻtkazganini qayd etish joiz. Vazir Abdulaziz Komilov va Oʻzbekistonning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashevning Afgʻonistonda tinchlik jarayonini muhokama qilish uchun Dohada “Tolibon” harakati yetakchilari, xususan, Mulla Barodar Oxund bilan uchrashuvlarini ham tilga olish zarur. Bu muhim qadamlar edi», deya taʼkidlaydi amerikalik tadqiqotchi.

Sherjon Ahmadzay fikriga koʻra, bularning barchasi Oʻzbekistonning tinchlik va xavfsizlikka boʻlgan qiziqishidan darak berib, nafaqat Afgʻoniston, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari uchun ikki tomonlama savdo-sotiq uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?