O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib boradigan murabbiy ma’lum bo‘ldi

10:09 23 Iyul 2018 Sport
10744 1
Foto: nileinternational.net

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini argentinalik Ektor Kuper boshqarib boradi. Bu haqda “Xalq so‘zi Online”ga vaziyatdan xabardor manbalar ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi argentinalik mutaxassis bilan kelishuvga erishgan. Yaqin soatlar ichida mazkur bitim borasida rasmiy xabar berilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, bungacha portugaliyalik Karlush Keyrush va xorvatiyalik Zlatko Dalich nomzodlari bilan ham muzokaralar olib borgan. Biroq ular bilan kelishuvga erishilmagan. Ektor Kuper va O‘FAning o‘zaro manfaatlari bir-biriga mos kelgani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ektor Kuperning so‘nggi jamoasi Misr termasi edi. 2015 yilda jamoaga tayinlangan 62 yoshli mutaxassis misrliklar bilan JCH-2018dagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng iste’foga chiqarilgandi.

Bunga qadar, argentinalik murabbiy Argentinaning “Urakan”, “Lanus”, Ispaniyaning “Malorka”, “Valensiya”, “Real Betis”, “Rasing”, Italiyaning “Inter”, “Parma”, Turkiyaning “O‘rduspor”, Gretsiyaning “Aris”, BAAning “Al-Vasl” klublarida, Gruziya (2008-2009) terma jamoasida faoliyat olib borgan.


Izohlar


Nodir Temirov

Yunusali Khodjamov (khodjamov78@gmail.com):

Нимага Миср терма жамоаси билан ҳатто Саудия Арабистонига ютқазиб гуруҳда охирги ўринни олган Купер билан келишилади? Кейрушнинг Эрон термаси ЖЧ да ҳарқалай муносиб ўйнади.

12:2129.07.2018