Oʻzbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqada 3-oʻrin bilan kifoyalandi

15:13 25 Mart 2019 Sport
213 0

Shu kunlarda futbol boʻyicha turli mamlakat terma jamoalari FIFA kunlari munosabati bilan oʻz qitʼalarida oʻtkaziladigan chempionatga chiqish uchun saralash bahslarida oʻrtoqlik oʻyinlarida yashil maydonga chiqishmoqda.

Ektor Kuper murabbiyligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi Xitoyda tashkil etilayotgan “China Cup 2019” xalqaro turnirida qatnashdi. Xitoy, Urugvay, Tailand va Oʻzbekiston milliy terma jamoalari oʻzaro kuch sinashgan bellashuvlarda Oʻzbekiston terma jamoasi 3-oʻrinni egalladi. 

Dastlab kuchli terma jamoalardan biri ikki karra jahon chempioni Urugvayga qarshi oʻynagan futbolchilarimiz 0:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Gollarga Pereyro va Stuani (dubl) mualliflik qilishgan.

Birinchi oʻyinda Tailand terma jamoasidan magʻlub boʻlgan (0:1) Xitoy terma jamoasi 3-oʻrin uchun bahsda Oʻzbekiston terma jamoasiga raqiblik qildi. Yaqinda oʻz nihoyasiga yetgan bellashuvda vakillarimiz toʻliq tashabbusga ega boʻlishdi. Bir qator xavfli hujumlarni yakunlashda terma jamoamiz futbolchilariga bir oz omad yetishmadi. Oʻyin taqdirini hal qilgan golni Eldor Shomurodov 34-daqiqada kiritdi va yurtdoshlarimiz kichik hisobda gʻalaba qozonishdi.

Musobaqaning gʻolibi soat 16:35 da boshlanadigan Urugvay — Tailand jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda aniqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?