O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi

13:06 27 Iyun 2018 Sport
856 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Rossiyada futbol bo‘yicha jahon chempionati qizg‘in pallaga kirgan bir paytda dunyo shifokorlari o‘rtasidagi jahon birinchiligi musobaqalari ham boshlanmoqda.

30 iyundan 8 iyulga qadar Chexiya poytaxti Praga shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli bellashuvda Braziliya, Argentina, Germaniya, Angliya, Meksika kabi 22 mamlakatning shifokorlaridan iborat terma jamoalar ishtirok etadi. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi ham bor.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘taiz, tibbiyot xodimlarimizdan tarkib topgan terma jamoamiz to‘rtinchi bor mazkur musobaqada qatnashmoqda. O‘tgan yili Avstriyada o‘tkazilgan jahon chempionatida vakillarimiz yarim finalga qadar yetib borgan edi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Shifokor futbolchilarimiz bu yilgi chempionatda ham munosib ishtirok etishlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har tomonlama yordam berildi. Xususan, mamlakatimizning barcha viloyatlaridan shifokor futbol jamoalari ishtirokida saralash turniri o‘tkazildi. Bu turnirda jami 180 nafardan ortiq shifokor futbolchilar ishtirok etgan bo‘lsa, turnir yakuniga ko‘ra, eng kuchli 26 nafar mahoratli o‘yinchi terma jamoa uchun tanlab olindi.

Jamoani musobaqalarga tayyorlash maqsadida “Bunyodkor” professional futbol klubi murabbiyi Sergey Chagudayev va Denis Karsnichenkolar bilan shartnoma ham imzolandi. Murabbiylar tomonidan mart oyidan boshlab, haftada 4 kun davomida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, 3 marotaba tashkil etilgan o‘quv yig‘inida o‘yinchilar jismoniy va texnik jihatdan puxta tayyorgarlikdan o‘tishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan xabar qilinishicha, futbolchilarni ushbu nufuzli musobaqaga kuzatish marosimi tashkil etilgan. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev ishtirok etdi.

Tadbirda havaskor tibbiyot xodimlaridan iborat terma jamoa o‘yinchilari har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur chempionatga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuksak darajada sharoit yaratib berilganligi uchun minnatdorchilik izhor etib, ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlariga va’da berishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?