Oʻzbekiston terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligida yana gʻalaba qozondi

10:11 17 Oktyabr 2018 Sport
807 0

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkentda Qatar bilan oʻrtoqlik bahsini oʻtkazib, 2:0 hisobida gʻalaba qozondi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmagan boʻlsa, ikkinchi boʻlimda barchasi oʻzgarib ketdi. 72-daqiqada Akmal Shorahmedov oʻng qanotdan jarima maydoniga uzatgan toʻpni himoyachilar eʼtiboridan chetda qolgan Odil Ahmedov yaqin masofadan boshi bilan darvozaga yoʻllab, hisobni ochdi.

85-daqiqada Odil Ahmedovning ajoyib pasidan soʻng, Marat Bikmayev darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib, toʻpni uning ustidan oshirib, darvozaga yoʻlladi va oʻyindagi yakuniy hisobni oʻrnatdi.

Natijada, Oʻzbekiston terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligidagi qatorasiga ikkinchi marta gʻalaba qozondi. Jamoa 13 oktyabr kuni Toshkentda KXDR terma jamoasini Marat Bikmayevning dubli evaziga 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratgandi. Sentyabr oyida esa Suriya (1:1) va Eronga (0:1)qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlari jamoa gʻalaba qozona olmagandi.

Oʻrtoqlik uchrashuvi

Toshkent, “Milliy” stadioni, 12155 tomoshabin

Oʻzbekiston - Qatar 2:0 (0:0)

Gollar: Odil Ahmedov (72), Marat Bikmayev (85)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?