Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri: “Markaziy Osiyo hamisha yagona va boʻlinmas mintaqa boʻlib kelgan”

16:22 19 Fevral 2019 Siyosat
273 0

Arxiv foto

Onlayn nashrimizda “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshlagani, uning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A. Kamilov nutq soʻzlagani haqida xabar bergandik. Xoʻsh, vazir oʻz chiqishida nimalarga alohida toʻxtalib oʻtdi? Quyida shular xususida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.

Vazir konferensiya ishini ochib berar ekan, jumladan, shunday dedi: “Bizning konferensiya shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi va mintaqa davlatlarining yetakchi tahlil muassasalari koʻmagida oʻtkazilmoqda”.

U konferensiya kun tartibidagi asosiy masalalar, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida Oʻzbekistonning nuqtai nazariga toʻxtalib oʻtdi.

“Bugun dunyo tasavvurga sigʻmaydigan tezlikda oʻzgarmoqda. Yaqinda Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferensiyasining diqqat markazida boʻlgan jahonda roʻy berayotgan global jarayonlar bizning mintaqadagi vaziyatga ham taʼsir oʻtkazmadan qolmaydi.

Markaziy Osiyo noyob geostrategik joyni egallagan holda, ming yillar davomida Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlab turuvchi oʻziga xos koʻprik boʻlgan.

Mintaqamiz ulkan energetik hamda mineral resurslar, madaniy-sivilizatsiyaviy va eng muhimi — inson salohiyatiga ega. Shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda yetakchi global davlatlarning oʻzaro raqobatli manfaatlari kesishadi.

Mintaqada xalqaro terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidi mavjud, u bevosita beqarorlikning yirik oʻchogʻi yaqinida joylashgan.

Oʻnlab yillar davomida zamonamizning eng murakkab muammolaridan biri — afgʻon mojarosi hal etilmay kelyapti.

Shu munosabat bilan oldimizda ushbu dolzarb savol turibdi: bizning mintaqa qay darajada barqaror va aniq kelajakka ega? Bizni qanday umumiy xavf-xatarlar kutmoqda?

Ushbu savollarga javoblar asosiy mintaqaviy muammolar hamda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar tinchligi va gullab-yashnashi yoʻlida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini aniq belgilab olish uchun oʻta muhimdir.

Oxirgi paytlarda Markaziy Osiyo rivojlanishning ijobiy surʼatlarini namoyon etyapti. Barcha sohada mintaqaviy oʻzaro aloqalar kuchaymoqda. Mintaqa ichidagi eng oʻtkir muammolar — xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish tizimli asosda hal qilinyapti.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Oʻtgan yili Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtgandi.

Aprel oyida Toshkentda ikkinchi shunday uchrashuv oʻtkaziladi.

Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari rahbarlari va tashqi siyosat idoralari boshliqlari uchrashuvlari muntazamlik xarakterini kasb etyapti.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha rezolyutsiyaning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan bizning mintaqa mamlakatlari jipslashuvi, binobarin, ular birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan umumiy muammolarni yechish, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qodir ekanligi tan olinayotganining yorqin tasdigʻidir. BMT doirasida ushbu muhim hujjatni birgalikda ilgari surishda faol ishtirok etgan barcha mamlakatlarga minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Oʻzbekistonning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorligi strategik sheriklik xususiyatga ega boʻlganini alohida qayd etishni istardim.

Savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli darajada faollashdi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar aylanmasi 2018 yilda 50 foiz ortdi. Hamkorlikning oʻsib borayotgan surʼatlaridan mintaqadagi barcha mamlakatlar real foyda olyapti. Mintaqaviy hamkorlikning kuchayishi, bu — obyektiv, barqaror va ortga qaytmas tendensiyadir.

U mintaqadagi barcha davlatlarning qatʼiy irodasi hamda chuqur tarixiy ildizlarga asoslanadi.

Bugun Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish hamda barchamiz uchun dolzarb boʻlgan muammolar hal etilishini ilgari surgan holda, mintaqaviy hamkorlik ravnaqiga hissa qoʻshmoqda. Markaziy Osiyoda yaqinlashuv jarayoni kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilmaganini taʼkidlashni istardim.

Aksincha, mintaqaviy hamkorlikka investitsiya kiritish Markaziy Osiyo barqaror va gullab-yashnayotgan mintaqa, demak, ishonchli va aniq kelajakka ega xalqaro sherik sifatida qad rostlashiga koʻmak berayotir.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti hamisha va bundan keyin ham mintaqamizning bir qismi boʻlib qoladigan Afgʻonistonda tinchlikka erishish bilan chambarchas bogʻliq.

Biz Afgʻonistondagi mojaroni hal etish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlar sezilarli darajada faollashganini olqishlaymiz va qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Oʻylashimcha, odamlar, kapital, tovar va xizmatlar harakatlanishi, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashuv uchun qulay sharoitlar yaratilgan, jipslashgan, ochiq, jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo barchamizning umumiy manfaatlarimizga javob beradi.

Shu munosabat bilan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kelishilgan nuqtai nazarni ishlab chiqish zarur.

Xavfsizlik, savdo, transport, suvdan foydalanish, taʼlim va boshqalarga doir dolzarb masalalar boʻyicha samarali ishlayotgan koʻp tomonlama sheriklik mexanizmlari mintaqamizning ajralib turadigan jihati boʻlishi lozim.

Shu maqsadda quyidagi vazifalarni hal qilish kerak.

Birinchidan, Markaziy Osiyoda koʻp tomonlama hamkorlikning mexanizmi va reglamentini ishlab chiqish hamda kelishish. Davlat rahbarlari sammitlari, tashqi ishlar vazirlari va ekspertlar uchrashuvlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish tartibini aniqlab olish joiz.

Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi erkin savdo rejimi toʻliq ishlashi, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, chegaralarimizdan oʻtishni yengillashtiruvchi “yashil” yoʻlaklar va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishni taʼminlashni muhim, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, dengiz portlari va yangi bozorlarga eng qisqa yoʻl orqali olib chiqishni taʼminlovchi oʻzaro bogʻlangan mintaqaviy transport-logistika tizimlarini shakllantirish zarur.

Toʻrtinchidan, turizm Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy rivojlanishining yangi drayveriga aylanib borayotir.

Mintaqaning dunyoda qabul qilinishi yaxshilanishi asnosida mamlakatlarimizning turizm sohasidagi hamkorligi uchun ham mintaqa ichida, ham xalqaro darajada katta istiqbollar ochilmoqda.

Beshinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash muammolari boʻyicha muzokara mexanizmlarini yaratish.

Oltinchidan, mintaqada suvdan foydalanish va ekologiya muammolari tez tartibga solinishini taʼminlash.

Orol fojiasi bilan bogʻliq eng muhim muammolarni yechishdagi saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirishimiz kerak.

Bunda oʻtgan yil noyabr oyida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast fondi tuzilgani muhim rol oʻynamoqda.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish.

Markaziy Osiyo hamisha yagona va boʻlinmas mintaqa boʻlib kelgan. Bizni umumiy tarix va din, tillar, urf-odatlar va maʼnaviy qadriyatlarning oʻxshashligi birlashtirib turadi.

Bizning tariximiz bir va kelajagimiz umumiy. Koʻp ming yillik qardoshlik rishtalari va xalqlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlash, ushbu ijobiy jarayonlarga yosh avlodni yanada faol jalb etish muhimdir.

Xonimlar va janoblar!

Imkoniyatlarimiz va intilishlarimizni birlashtirish hamkorlik hamda taraqqiyotni prinsipial jihatdan yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi.

Biz birgalikda Markaziy Osiyoni mustahkam, barqaror va iqtisodiy jihatdan gullab-yashnayotgan mintaqaga aylantira olamiz”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?