Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Afgʻoniston rahbari bilan uchrashdi

10:24 28 Avgust 2018 Siyosat
334 0

2018 yilning 27 avgust kuni Kobul shahriga amaliy tashrif bilan borgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani tomonidan qabul qilindi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Vazir Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Afgʻoniston rahbariyatini dunyo musulmonlarining muhim bayrami — Qurbon hayiti munosabati bilan yana bir bor samimiy tabrikladi hamda butun birodar afgʻon xalqiga tinchlik va farovonlik tilaklarini yetkazib qoʻydi.

Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida 2018 yil 27 mart kuni Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining asosiy qoidalari amalga oshirilishining borishi eʼtibor markazida boʻldi. Jumladan, Afgʻonistonda tinch siyosiy jarayonga koʻmaklashish boʻyicha oʻzaro kelishilgan choralar muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo oliy darajadagi muntazam Oʻzbekiston—Afgʻoniston muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ham koʻrib chiqildi. Xususan, tomonlarning temir yoʻl va energetika sohalari boʻyicha mutaxassislari “Mozori-Sharif—Hirot” temir yoʻl liniyasi hamda “Surxon—Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq baʼzi muhim masalalarni muhokama qildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa mavzularini ham koʻrib chiqdi.

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston delegatsiyasi Kobul shahrida Afgʻoniston prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Hamdulla Muhib, Ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla va tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Nosir Andisha bilan muzokaralar oʻtkazdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?