O‘zbekiston tashabbuslarini Vashintondagi rasmiylar iliq kutib olishayapti 

17:21 11 Aprel 2018 Siyosat
1372 0

Yaqinda dasturlarimizning biriga “O‘zbekistonda inson huquqlari borasida ro‘y berayotgan yangiliklarni, o‘zgarishlarni AQSh, G`arb ahli qanday baholaydi?” degan savol kelib tushdi. Umuman, so‘nggi paytlarda bunday murojaatlar tez-tez yangramoqda.

Uzoq davr mobaynida O‘zbekiston, deyilganda Vashingtonda inson huquqlari bo‘yicha salbiy qarash mavjud edi. Bugungi kunga kelib, Amerika rasmiylari bilan gaplashganimizda va ulardan “O‘zbekistonda yangi rahbar ish boshlaganiga bir yildan ziyod vaqt bo‘ldi, hozirgi islohotlarni qanday baholaysiz?” deya so‘raganimizda, ular amalga oshirilayotgan ishlarni “Umidga, optimizmga to‘la”, deb baholashmoqda. O‘zbekona ta’bir bilan aytganda, bu munosabatlarga ko‘z tegmasin, degan ma’no mujassam. Ya’ni “Mana shu ijobiy to‘lqin, o‘zgarishlar jarayoni davom etaversin, orqaga qadam tashlanmasin hamda O‘zbekiston dunyo va o‘z xalqi uchun ochilaversin” mazmunidagi munosabatlarni eshitayapmiz.

O‘tgan bir yildan ortiq muddatda O‘zbekistonda 25 ga yaqin siyosiy mahbus ozod qilindi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi rasmiy ravishda bayonotlar berib, O‘zbekiston Hukumatining bunday tashabbuslarini olqishlamoqda. Va hozir kim bilan gaplashmang, “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlanishi uchun olg‘a qadamlar tashlanaversin, tub muammolarga qarshi kurash kuchayaversin”, degan fikrlarni bildirmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashabbuslarini Vashintondagi rasmiylar iliq kutib olishayapti.

Navbahor IMOMOVA,
«Amerika ovozi» muxbiri.
“Xalq so‘zi” uchun.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?