Oʻzbekiston suv xoʻjaligi: yoʻqotilganlarni tiklab, oldinga intilish lozim — Ismoil JOʻRABEKOV, Viktor DUXOVNIY

12:24 19 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
507 0

Prezidentimiz raisligida 16-sentyabr kuni oʻtkazilgan, suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari masalasidagi videoselektor yigʻilishi ushbu tarmoqning respublikamiz iqtisodiyoti va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi hal qiluvchi ahamiyatiga davlat rahbari qanchalik katta eʼtibor berayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Suv tanqisligi muammosi oʻtkirlashib borgani sari bu tarmoqning roli yana-da ortmoqda.

Yigʻilish davomida koʻtarilgan masalalar suv xoʻjaligi kompleksini davlat boshqaruvining suv taʼminoti va melioratsiyani rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan alohida bir tuzilmasi sifatida tan olishga qaratilgan, izchil amalga oshirilayotgan siyosatning muhim tarkibiy qismidir. Ana shu siyosatni roʻyobga chiqarish uchun ­davlatimiz rahbari tomonidan Suv xoʻjaligi vazirligini uzoq muddatli tanaffusdan soʻng qayta tashkil etish toʻgʻrisida tarixiy qaror qabul qilindi. Bu esa, mamlakat rahbariyatining suv xoʻjaligi va yerlar melioratsiyasini butun bir tarmoq sifatida baholashidan dalolat.

Fikrimizcha, suv xoʻjaligiga nisbatan bunday kompleks yondashuv qishloq xoʻjaligi va umuman, iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida faoliyat olib boradigan barcha suv isteʼmolchilarining manfaatlarini hisobga oladi hamda suvdan oqilona foydalanish masalalarini hal etishni koʻzda tutadi.

Suv choʻlga hayot baxsh etgan

Oʻzbekiston tarixiga nazar tashlasak, hamma zamonlarda suv nafaqat respublika rahbariyatining diqqat markazida boʻlib kelgan, balki u hududlarni rivojlantirish, ham sanoat, ham uy-joy va transport, ham turli kommunikatsiyalar — muxtasar aytganda, ­infratuzilmani jadal taraqqiy ettirishga undagan.

Axir Farhod gidrouzeli va Boʻzsuv GES kaskadidan boshlab, Kattaqoʻrgʻon, Chorvoq, Andijon, Taxiatosh, Tuyamoʻyin kabi koʻplab suv inshootlari oʻz atrofidagi hududlar rivojiga turtki bergan, buni bir oz unutib qoʻygandekmiz.

Sobiq “Glavsredazirsovxozstroy” tashkilotining rahbariyati yerlarni kompleks oʻzlashtirish, Mirzachoʻl va Qarshi choʻllarida butun bir tumanlar paydo boʻlishida muhim rol oʻynagan.

Oʻsha vaqtdagi Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi Markaziy Fargʻona, Surxondaryo choʻli, Amu-Buxoro kanali zonasi va Qoraqalpogʻistonning bir qismini oʻzlashtirish, suv chiqarish boʻyicha loyihalarni oʻz kuchi bilan amalga oshirgan. Suv tarmogʻini rivojlantirish, yerlarni kompleks ravishda oʻzlashtirish yuz ­minglab odamlarning aholi juda zich joylashgan Fargʻona va Zarafshon vodiylaridan yangi hududlarga koʻchib oʻtishiga olib keldi. Bu esa yangi joylarda sanoatni rivojlantirish, demografik jihatdan bir tekis taqsimot hamda aholi ­bandligini taʼminlashga imkon yaratdi.

Eng asosiysi, sohada keyingi bir necha yilga moʻljallangan istiqbol haqida aniq tasavvur shakllangan. “Sredazgiprovodxlopok” va “Uzgiprovodxoz” kabi loyiha tashkilotlarida yuqori malakali mutaxassislar suv resurslaridan kompleks foydalanish boʻyicha sxemalarda respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti, suv va yerga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash masalalarini ham aks ettirganlar. Tizim cheklangan suv limitini hisobga olish bilan bir qatorda, boshqa tarmoqlarning ham, jumladan, sugʻorma dehqonchilikning ham rivojini koʻzda tutishi kerak edi. Bu esa, rahbariyatdan suv taqsimoti va melioratsiyada samarali ­boshqaruv, iqtisodiyotda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish masalalarini aniq yoʻlga qoʻyishni talab etdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Oʻzbekistonda ishlab chiqilib, oʻzlashtirilgan texnik va texnologik yechim va yangiliklar keyinchalik butun sobiq Ittifoq hududiga tarqalgan.

Yopiq gorizontal (tor transheyali, transheyasiz va tirqishli) drenaj, ularni oʻrnatish va tozalash uchun mashinalar, vertikal, keyinroq esa — kombinatsiyalangan drenaj, kanallarga qoplamalar qoʻyishning barcha turlari, lotokli va trubkali taqsimlagichlar — ana shularning barchasi avval Oʻzbekistonda ishlab chiqarishga keng joriy etilib, ­keyinchalik boshqa ittifoqdosh respublikalarning sugʻoriladigan yerlariga ­tarqatilgan. Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi suv xoʻjaligi tarmoqlaridan sanoat maqsadlarida foydalanishga oʻtish ishiga asos solgan, bu tizim mustahkam industrial bazaga ega boʻlib, faqat tarmoq yoki inshootda avariya sodir boʻlganda emas, balki reja boʻyicha doimiy profilaktik texnik xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Oʻz vaqtida yuqori baho va eʼtirofga sazovor boʻlgan yerlarni kompleks oʻzlashtirish va sugʻorish tadbirlari ham aynan Oʻzbekistonda yoʻlga ­qoʻyilgan.

Bunday usul oʻzlashtirilayotgan hududlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilgan. Yaʼni kompleks qurilish yangi aholi punktlarini bunyod etish, ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarni rivojlantirish va kommunikatsiyalar oʻtkazish kabilarni oʻz ichiga olib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, ish oʻrinlari yaratishda katta ahamiyat kasb etgan. Shu asosda gʻoʻzani parvarishlash jarayoni toʻliq mexanizatsiyalashtirilgan, dala yumushlarining koʻp qismi, shu jumladan, paxtani terib olish ham mashinalar yordamida bajarilgan.

Bularning hammasi kadrlar salohiyatini va fanni rivojlantirish bilan birga olib borilgan. Soha uchun mutaxassis tayyorlovchi asosiy maskan — Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va yana uchta oliy oʻquv yurtidan tashqari, turli darajadagi tarmoq xodimlarini ikki haftalik dastur asosida muntazam oʻqitib borish uchun maxsus Malaka oshirish ­instituti ham tashkil etilgan.

Aynan Toshkentda Afrika, Janubiy Amerika va qator Osiyo mamlakatlarining mutaxassislari uchun muntazam ravishda seminarlar oʻtkazilib turilgani-chi? Bu Oʻzbekiston suv xoʻjaligi sohasining rivojidan dalolat emasmi? Shuning­dek, bizning mutaxassislarimiz Afgʻonistonda yirik toʻgʻon va GESlar (Naglu, Jalolobod tizimi), Suriyada (Tapka gidrouzeli va Meskene massivi), Kuba, Liviya, Yaman, Madagaskar hamda Angolada suv inshootlarini bunyod etishda rahbar va maslahatchi sifatida ishtirok etishgan. Oʻzbekiston haqli ravishda nafaqat sobiq Ittifoq, balki xorijiy davlatlarda ham irrigatsiya va suv xoʻjaligini rivoj­lantirish boʻyicha yetakchi boʻlib hisoblangan.

Sobiq Ittifoq tarqalib ketgach, ana shu muhim sohaga eʼtibor susayib ketishi natijasida avvalgi toʻplangan tajriba ham yoʻqotildi. Loyihalash va ilmiy tashkilotlar kamayib ketdi, demak, eng dolzarb va istiqbolli vazifalarni hal etish qobiliyati ham pasaydi. Loyihalash ishlari xorijiy maslahatchilar tomonidan bajarila boshlandi, ular esa bizning gʻoyalarimiz, ishlanma va bilimlarimizdan “ustalik bilan” foydalanishga harakat qildi. Ilgari oʻzbekistonlik irrigatorlar chet elliklarga ish oʻrgatishgan boʻlsa, endi ularning oʻzi bizning mutaxassislarimiz bilimidan foydalangan holda, oʻsha tanish bilimlarni qaytadan oʻzimizga “tiqishtira” boshlashdi. Bu kimlar uchundir foyda keltirgan boʻlsa, ajab emas.

Ilgari suvdan foydalanish rejasi boʻyicha suv uzatishning aniq tizimi va uning bajarilishini nazorat qilish mexanizmi mavjud boʻlgan boʻlsa, endi uning oʻrnini tartibsiz, hisob-kitobsiz, oʻzgaruvchan va nobarqaror suv taʼminoti egalladi. Jadvallarga rioya qilmaslik, suv hisobini yuritishga nisbatan eʼtiborsizlik ana shunday holatga olib keldi.

Qadim zamonlardan eʼzozlab kelingan, xalqimiz uchun muqaddas sanalgan obihayot taqsimoti ishonib topshirilgan suv xoʻjaligidagi asosiy shaxs — mirob — kasb sifatida butunlay yoʻqolib ketdi. Suvning egasi sanalgan ­mirob endi chalasavod boshliqlarning buyruqlarini bajaruvchi oddiy xizmatkorga aylandi. Ming afsuski, biz ham ­oʻzimizning ish faoliyatimiz davomida koʻp bora bunday savodsiz va chala-chulpa texnik qarorlar qabul qilinganligining guvohi boʻlganmiz.

Vaholanki, TIQXMMI kadrlarni tayyorlashda davom etgan boʻlsa-da, diplomni endigina qoʻlga olgan yoshlar suvga halol xizmat qilib kelayotgan tajribali soha mutaxassislari qatoridan joy olishga shoshilishmas edi. Bu va boshqa institutlarni bitirganlar yosh kadrlarga ehtiyoj sezayotgan suv va melioratsiya tizimlarini ekspluatatsiya qilish sohasiga emas, tamomila boshqa tarmoqlarga — biznesga, bozorga, qurilishga ravona boʻlishardi. Buning sababi suv xoʻjaligi xodimlarining arzimas maosh olishidagina boʻlib qolmay, balki bu kasb egalariga davlat va jamiyat tomonidan yetarlicha eʼtibor va hurmat yoʻqligida ham edi.

Shubhasiz, yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sababi sohaning mamlakatda yetakchi pozitsiyalarni boy berganligida, va oʻz navbatida, ilgarigi rahbariyat tomonidan koʻrsatiladigan eʼtiborni yoʻqotganligida, shuningdek, suv xoʻjaligini moliyalashtirishning pasayib ketganligida edi. Masalan, agar 1990-yilga qadar amalga oshirilgan moliya­lashtirish bilan solishtiriladigan boʻlsa, pasayish uning dastlabki miqdoriga nisbatan 30 foizdan koʻproqni tashkil qilgan, elektr energiyasining qimmatlashgani hisobga olinadigan boʻlsa, moliyalashtirish koʻrsatkichi 4,3 barobar tushib ketgan!

Vaqt yangicha yondashuvni talab qiladi

Savol tugʻilishi mumkin — nahotki bu oʻtgan yillar davomida hech bir ezgu ish qilinmagan boʻlsa? Yoʻq, shak-shubhasiz, yutuqlar ham qoʻlga kiritilgan.

Xususan, mustaqillikka oʻtish bosqichida Oʻzbekistonning va suv xoʻjaligida band boʻlgan rahbarlarning katta yutugʻi sifatida suvni boshqarish regional organlarining: Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi — DSXMK va ikkita havza suv xoʻjaligi birlashmalarining — HSXB tashkil qilinganligini eʼtirof etish mumkin. Bu 25 yildan koʻproq vaqt mobaynida sodir boʻlgan yirik suv toshqinlari va jiddiy qurgʻoqchilik yillariga qaramay, endilikda davlatlararo transchegaraviy boʻlib qolgan suv resurslarini boshqarishning ilgarigi usullarini saqlab qolish va allaqanday nizo va tushunmovchiliklar kelib chiqishining oldini olish imkonini berdi. Aynan mana shu borada Oʻzbekiston yetakchi rol oʻynadi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi. Davlatimiz rahbari Suv xoʻjaligi vazirligining qaytadan tiklanishida tashabbus koʻrsatdi, suv va energetika resurslaridan foydalanishda, xususan, birgalikda gidroobyektlar qurish va ulardan foydalanishgacha boʻlgan koʻlamda qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlab, yaqindan hamkorlik qilishni yoʻlga qoʻydi.

2018-yilda Turkmanboshida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida Prezidentimiz hozirgi zamon daʼvatlariga va suv resurslarining oʻsib borayotgan taqchilligiga munosib turish salohiyatiga ega boʻladigan Suv resurslaridan ratsional foydalanish mintaqaviy dasturini birgalikda ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan bu borada qator hujjatlar qabul qilinib, ular doirasida Suv xoʻjaligi vazirligining zimmasiga boshqarish samaradorligini oshirish va sohani takomillashtirish vazifalari yuklatildi. Shu munosabat bilan vazirlik boʻyicha dolzarb maqsad va yoʻnalishlarni, jumladan, rahbar kadrlar malakasini oshirish borasidagi vazifalarni belgilab beruvchi buyruqlar tayyorlanib, chiqarildi.

Ushbu hujjatlar asosida ish faoliyatini viloyat va tuman bosqichlaridan boshlab takomillashtirish choralari belgilandi. Tizimdagi kadrlar malakasini oshirish boʻyicha vazirlik tomonidan oʻn kunlik oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilib, ilk bor viloyat darajasidagi rahbarlarning bilim doiralari kengaytirildi. Bu borada, ayniqsa, tizimning yangi tarkibiy qismi boʻlgan tuman suv xoʻjaligi boshqarmalari rahbarlarining malakasi oshirilishi muhim ahamiyatga egadir.

Tan olish kerakki, boshlangʻich boʻgʻin mutaxassislari bilimlari hozirgi kun talabiga mutlaqo mos emas. Shuning uchun ularning bilim darajasini muntazam tarzda oshirib borish nazarda tutilgan.

Ushbu jarayon shunchaki oʻqitish boʻlibgina qolmay, balki tinglovchilarni ularning tuman bosqichidagi roli, suvdan foydalanish uyushmalari faoliyati bilan bogʻliqligi masalalarini muhokama qilishga jalb etish hamdir. Bu zaruriyat suvni foydalanuvchilarga yetkazishning eng quyi bosqichida suv resurslarini ­boshqarish jarayonlari takrorlanishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Suv xoʻjaligi tizimining eng muhim boʻgʻini — suv xoʻjaligi tuman boshqarmalarini tiklash ularning tuman rahbarlari ixtiyoriga berilgan va demakki, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan melioratsiya ishlari murakkab kompleksidagi yangi rolini belgilashni talab etadi.

Shu boisdan tuman suv xoʻjaligi boshqarmalarining quyi bosqichda suvni ­boshqarish boʻyicha asosiy davlat organi sifatidagi yangi roli yangicha mazmun va shakl kasb etib, suvdan bevosita foydalanuvchilar va mutaxassislar oʻrtasida muhim masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻlib boradi. Mazkur yoʻnalishdagi ustuvor masala — savodli miroblarni tanlash, suvni boshqarish masʼuliyatini ular zimmasiga yuklash, shu bilan bir qatorda, ularga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish va ular faoliyati ­orqali butun suv xoʻjaligi tizimi nufuzini oshirishdir.

Melioratsiya muammolarining yechimi

Shu bilan bir qatorda, tarmoqdagi muhim masalalardan biri yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga birinchi galda eʼtibor berishdan iborat. Bugungi kunda respublikamizda 300 ming gektardan ortiq yerlar tashlandiq va foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlardir. Ularda shoʻrlanish va balchiqlanish darajasi meʼyordan juda yuqori. Umuman olganda, oʻrta va yuqori darajada shoʻrlangan yerlar 600 ming gektardan ham ziyod boʻlib, bu barcha sugʻoriladigan yerlarning deyarli 15 foizi demakdir. Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi bu yerlarga har yili muayyan miqdorda melioratsiya uchun mablagʻ ajratilishiga qaramay, ana shunday ahvolga kelib qolgan. Nima uchun shundayligini tahlil qiladigan boʻlsak, sababi — ishlar tizimli tashkil etilmaganligi va sugʻorma dehqonchilik uslubiyoti mavjud emasligida ekani ayon boʻladi.

Gidrogeolik-meliorativ ekspeditsiyalar boʻyicha materiallar baholashning haqiqiyligini koʻtarishi va melioratsiya ishlarini qatʼiy loyihalar asosida olib borishning ilmiy asoslangan das­turini tashkil etishi lozim. Ilgari melioratorlar yopiq drenaj taʼmirini oʻz vaqtida bajarish va meʼyorlarga amal qilishga doimiy eʼtibor berar edi. Bu meʼyorlarga muvofiq har yili drenajlarning yetti foizi yuvilishi, kollektorlar esa — har uch-toʻrt yilda bir marta tozalanishi kerak. Oʻz vaqtida Suv xoʻjaligi vazirligi va “Glavsredazirsovxozstroy” ixtiyorida boʻlgan quvvatlar yordamida yiliga 4,5 ming kilometr drenajni yuvish mumkin boʻlgan boʻlsa, keyinchalik, 2015-yilgacha yuvish mashinalari va vositalari yoʻqligi sababli har yili 10-marta kam drenaj tozalandi. Bu esa loyqalanishga va drenajlarning toʻliq ishdan chiqishiga olib keldi. Hozirgi kunda yuvish quvvatlari yiliga ikki ming kilometrgacha yetkazilayotgan boʻlsa-da, bu qilinishi zarur ishlarning faqat yarmini ­tashkil etadi.

Kollektorlarni tozalash kubometrlar boʻyicha olib boriladi, bunda reja­lashtirish va hisob yuritish pogonmetrlarda emas, olingan tuproq kubometrida oʻlchanadi. Bu qoʻpol buzilish boʻlib, hisobotlarning notoʻgʻriligiga olib keladi. Shuning uchun koʻpgina kollektorlar, ayniqsa, tub qismi tozalangandan keyin ham qoniqarsiz ahvolda qolib ketaveradi. Buning ustiga, tozalangan kollektorlarda suvning oqim tezligi talab darajasidan past boʻladi. Kollektor loyihaga asosan shunday tozalanishi kerakki, suv oqimining tezligi sekundiga bir metr boʻlishini taʼminlashi lozim.

Qator viloyatlarda tuzilgan ishchi guruhlar yerning meliorativ holatini tekshirib, hatto muomaladan chiqib qolganini ham aniqlashdi. Oʻsha joylarda tadqiqotlar oʻtkazib, yerlarni qayta tiklash, meliorativ holatini yaxshilash imkoniyatlari oʻrganildi. Har bir viloyat boʻyicha meliorativ kadastr tuzish uchun kompyuter metodikasining namunaviy dasturini ­ishlab chiqishga tayyorgarlik boshlandi. Buning natijasida kollektor-drenaj tizimining holatini yaxshilash boʻyicha ustuvor ishlarni navbatma-navbat olib borish tartibini aniqlash mumkin boʻladi.

Ushbu dastur bir vaqtning oʻzida minerallashgan kollektor-drenaj suvlarini sugʻorish uchun foydalanish boʻyicha tavsiyalar bera oladi. Irrigatsiya tizimlari basseyn boshqarmasi qoshida kollektor-drenaj tizimini taʼmirlash, saqlash va profilaktik xizmat koʻrsatish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalar tashkil etish haqida qaror qabul qilindi. Ular esa ishni rejalashtiradi va bajarilganidan soʻng hisobot beradi.

Ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

Vazirlik faoliyatidagi yana bir ustuvor yoʻnalish — loyihachilar tomonidan taklif etilayotgan texnik yechimlar ustidan nazoratdir.

Suv xoʻjaligi vazirligi Kampirravot toʻgʻonining quyi byefini mustahkamlash boʻyicha, Amudaryoning oʻrta oqim qismida nasoslarni boshqarish boʻyicha, ushbu daryo deltasida asoslangan boshqarish tizimini taʼminlashga nisbatan kompleks yondashuv boʻyicha toʻgʻri qarorlar qabul qildi. Bular esa Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va qulay tabiiy rivojlanish zonasiga aylantirish haqidagi taklifini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratadi.

Suv xoʻjaligi vazirligida belgilangan ishlarni takomillashtirish barobarida shuni yaxshi tushunishadiki, bir yarim yillik faoliyat davomida melioratsiya ishlarining yaxlit, bir butun kompleksini yaratishga, shuningdek, Prezident tomonidan belgilab berilgan dasturni kerakli surʼatlarda amalga oshirishga toʻla ishonchni shakllantirish uchun zarur boʻlgan ish uslubini yoʻlga qoʻyishga hali ­erishilgani yoʻq.

Joriy yil 12-mart kuni Urganch shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham davlati­miz rahbari yana suv xoʻjaligi muammolarini koʻtardi va soha vakillarini suv zaxiralaridan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqirdi. Ushbu muammolar orasida, birinchi galda, suvdan samarasiz foydalanishni qisqartirish, katta ­yoʻqotishlarning oldini olish, suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, ­s­uvdan foydalanuvchilar uyushmalarining faoliyatini kuchaytirish zarur.

Ishlar samaradorligini oshirishdagi yangi imkoniyatlar agrar tarmoqda tayyor mahsulot olishga yoʻnaltirilgan klaster tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq. Prezident tashabbusi bilan rivoj­lantirilayotgan ushbu tizimda jarayonning barcha ishtirokchisi uchun oʻz mehnati va qoʻshgan hissasiga mos ravishda soʻnggi natijadan manfaatdorlik hissi va sharoitini yaratish imkoniyati mavjud. Bunda eng muhim koʻrsatkichlardan biri — zaxiralarni, shu jumladan, suv zaxiralarini tejashdir.

Tejamkorlik aniqlikdan boshlanadi

Suv hisob-kitobini yuritish bugungi kunda shunchaki texnik masala emas. Endilikda u jamiyat va davlatning mazkur tabiiy resursga, kelajakni taʼminlashga boʻlgan munosabatini belgilab bermoqda. Amudaryoning quyi oqimi misolida Prezident bir suvdan foydalanuvchining hisob-kitoblaridagi kamchilik boshqalarning suvsiz qolishiga sabab boʻlishini aytib oʻtdi. Koʻpgina mamlakatlarda bunday hisob-kitoblar suvdan foydalanganlik uchun toʻlovlarga asos boʻladi va shu yoʻsinda adolat taʼminlanadi. Aynan suv uchun toʻlovlar dunyoning rivojlangan davlatlarida suvdan rejali foydalanish, uni tejamkorlik bilan samarali ishlatish, suv taʼminotida tartib va aniqlikka rioya qilish imkonini beradi. Biroq bu, oʻz ­navbatida, zudlik bilan butun suv tarmogʻini to oxirgi foydalanuvchigacha oʻlchov asboblari bilan toʻliq jihozlashni taqozo etadi. Bizda bu masalaga oxirgi oʻn yillarda mutlaqo eʼtibor qaratilmadi. Bunga ajablanmasa ham boʻladi. Chunki tarmoqning asosini tashkil etuvchi tajribali muhandis-texnik mutaxassislar, ayniqsa, ilmiy va loyiha tashkilotlarida faoliyat yuritayotganlar ishdan ketdi. Ularning oʻrnini egallagan xorijiy ­klerklar va muvaqqat ishlovchilar bizning suv xoʻjaligimiz ehtiyojlarini toʻla anglab yeta olmadilar. Bunaqa chirigan, bizga doʻst boʻlmaganlar tomonidan taklif etilgan amaliyotni tugatish, oʻzimizning faxrli muhandis kadrlarimizni oʻz oʻrniga tiklash kerak.

Shu bilan bir qatorda, oʻlchov asboblari bilan toʻliq taʼminlanmagan holatda ham suv uchun toʻlovlarni joriy etish boʻyicha takliflar mavjud. Hindistonlik irrigatorlar tajribasidan kelib chiqib, oʻlchov asboblarini suv tarqatish in­shootlariga oʻrnatish mumkin. Suvdan foydalanayotgan fermerlar olingan suv uchun sugʻoriladigan maydonlariga mutanosib ravishda haq toʻlaydilar. Suv uchun toʻlov joriy etilishining afzalligi shundaki, bunda suvdan foydalanish samaradorligi oshadi, suv yetkazib beruvchilar ham isteʼmolchilar oldidagi masʼuliyatlarini his etishadi. Agar dalaga meʼyor boʻyicha suv ajratish yoʻlga qoʻyilsa, bu, bir vaqtning oʻzida ham hosildorlikning oshishiga xizmat qiladi, ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tannarxining pasayishiga olib keladi.

2020-2021-yillarda tarmoqda suv hisob-kitobini yuritishni tashkillashtirish ustuvor vazifa boʻlishi kerak. Biroq bu ish allaqachon eskirgan usullarda emas, suv oqimining umumiy qiymatini koʻrsatib bera oladigan zamonaviy uskunalar yordamida bajarilishi lozim. Bu uskunalarda oʻlchov ishlari kuniga uch marta emas, doimiy ravishda onlayn-rejimda olib boriladi. Janubiy Koreyada “K-Water” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilib, sinovdan oʻtkazilgan “Smart Water” tizimi oʻlchov ishlarini ultratovushli uskunalardan foydalangan holda bajaradi. Ushbu tizimni bizning sharoitimizga moslashtirish kerak. Yaqin yillarda suv tanqisligi yana-da oshishi kutilayotgan transchegaraviy havzalardan suv olishda SCADA tizimini joriy etish ham oʻta muhim masala. Mazkur tizim “Sirdaryo” basseyn-suv xoʻjaligi tashkilotida qoʻllanilganda suv hisob-kitobini 10 foizdan 2 foizgacha aniqlikda amalga oshirish imkonini bergani ham bu masalaning naqadar muhimligini yaqqol koʻrsatadi.

Soʻzimiz oxirida butun meliorativ tizimning yuqori samaradorligini suv xoʻjaligi industriyasining mavjud inshootlari faoliyatini tiklamasdan turib taʼminlash mumkin emasligini ham taʼkidlash lozim. Bular jumlasiga lotoklar, temir-beton quvurlar, turli (polietilen, polipropilen, epoksid qatron asosidagi) polimerlar ishlab chiqarish, toʻsuvchi armaturalar, klapanlar va boshqa zarur ­qismlar tayyorlash kiradi. Gap yangi yerlarni keng miqyosda oʻzlashtirish davrida suv xoʻjaligini zarur ashyolar bilan taʼminlab turgan ulkan korxonalar haqida ketmayapti. Lekin suv xoʻjaligi turli in­shootlar, sugʻorish tarmoqlari, lotoklar, drenajlarning ishdan chiqqan qismlarini doimiy almashtirib turish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Shu bilan bir qatorda, biz tarmoqning texnik, loyihaviy va ilmiy salohiyatini tiklash, samaradorlik va foydali ish koeffitsiyentini oshiruvchi kompleks tizimni yaratish, suv va yerdan foydalanish natijadorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini ham birinchi galdagi vazifalar, deb bilamiz.

Tarmoqni rivojlantirishning istiqbollarini belgilab olish lozim. U hukumat tomonidan tayyorlanadigan suv resurslaridan samarali foydalanishning 2035-yilgacha boʻlgan strategiyasida oʻz aksini topishi kerak. Mavjud prognozlarga koʻra, aholining koʻpayishi, bizda va qoʻshnilarimizda iqtisodiy rivojlanish hajmining oshishi, xususan, ularda gidroenergetik inshootlarning barpo etilishi, iqlim oʻzgarishlari va Afgʻoniston tomonidan suvning hozirgiga nisbatan koʻproq olinishi natijasida mintaqada suv tan­qisligi yogʻingarchilik darajasiga bogʻliq ravishda yiliga 12 — 17 kub kilometrgacha yetadi. Shuning yarmi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladi. Yogʻingarchilik kam boʻlgan yillarda, masalan, 2008-yilda Oʻzbekistonda suv resurslari kamayishi 10 — 12 kub kilometrni tashkil etgan. Baʼzi basseynlar, masalan, Zarafshon uchun muzliklarning erishi katta va oldindan koʻrib boʻlmaydigan xavf tugʻdiradi. Yuzaga kelgan vaziyatni davlatimiz rahbari 16-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda aniq tasvirlab berdi: oxirgi 10 yilda, misol uchun, Oʻzbekistonda suv hajmi 12 foiz, oʻtgan yildagiga nis­batan esa bu yil 15 foiz kamaygan.

Bu muammolarni faqat aql, aniq hisob-kitob, chuqur tayyorgarlik bilan, yuqori darajada tashkil etilgan suv xoʻjaligi tizimini yoʻlga qoʻyish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali hal etish mumkin.

Buning uchun tarmoq nufuzini koʻtarish, suv xoʻjaligi tashkilotlarining quyi boʻgʻinlarida mehnat qilayotganlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, suv va elektr energiyasi sarfini kamaytirganlik uchun mukofotlash tizimini joriy etish, eng yaxshi mutaxassislarni xorijiy mamlakatlar va ilgʻor tashkilotlarga tajriba almashish uchun yuborish ishlari ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.

Ismoil JOʻRABEKOV,
Viktor DUXOVNIY,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigatorlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?