O‘zbekiston sport delegatsiyasining Buenos-Ayres Olimpiadasi uchun litsenziyalari soni 33 taga yetdi

17:51 02 Avgust 2018 Sport
197 0

Xabaringiz bor, oktyabr oyida Argentinaning Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi mazkur nufuzli musobaqaga jiddiy ravishda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kuni kecha, Xalqaro dzyudo federatsiyasining kadetlar o‘rtasidagi reyting musobaqalari yakuniy ro‘yxati e’lon qilindi, deb yozadi MOQ matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 66 kg.gacha vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Jayhunbek Nazarov, qizlar o‘rtasida esa 52 kg.gacha vazn toifasida bahslarda qatnashgan Nilufar Yermagembetova yakuniy reytingga binoan o‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etadigan bo‘lishdi.

Qayd etib o‘tish lozimki, reyting musobaqalarida qatnashgan besh nafar o‘zbekistonlik yosh dzyudochi Olimpiya o‘yinlari me’yorini bajargandi. Biroq qoidaga ko‘ra bir mamlakatdan ko‘pi bilan ikki nafar dzyudochi o‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etishi mumkin. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi qaroriga ko‘ra aynan Jayhunbek Nazarov va Nilufar Yermagambetova Argentinadagi musobaqada ishtirok etish uchun tanlab olindi.

Shu tariqa, O‘zbekiston sport delegatsiyasining Buenos-Ayres Olimpiadasi uchun litsenziyalari soni 33 taga yetdi.

Bugungi kunga kelib III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari uchun terma jamoamiz hisobida quyidagi sport turlarida litsenziyalar mavjud:

Sport kurashlari – 5ta

Yengil atletika – 4

Boks – 3 ta

Og‘ir atletika – 3 ta

Baydarka va kanoeda eshkak eshish – 3 ta

Akademik eshkak eshish – 3 ta

Sport gimnastikasi – 2 ta

Sport akrobatikasi – 2 ta

Dzyudo – 2 ta

Trampolin – 1

Badiiy gimnastika – 1 ta

Ot sporti (konkur) – 1 ta

Taekvondo – 1 ta

Karate – 1

O‘q otish – 1

Ma’lumot uchun, 2010 yilda ilk marotaba Singapurda o‘tkazilgan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta litsezniya qo‘lga kiritgan. 2014 yilgi Nankin Olimpiadasida esa O‘zbekiston sport delegatsiyasi 28 nafar sportchidan iborat bo‘lgan. Demak, bu boradagi rekord allaqachon yangilanib bo‘ldi va bugungi kungi kelib 33 nafar o‘smirimiz Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib ulgurishdi. Sportchilarimiz hali suzish va tennis sport turlarida ham litsenziyalar qo‘lga kiritish imkoniga egalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?