Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Li Dong Uk: “Oʻzbekiston tibbiyoti rivojiga hissa qoʻshish menga faxr bagʻishlaydi”

11:55 19 Aprel 2019 Jamiyat
344 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari maslahatchisi, Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Janubiy koreyalik mutaxassis Li Dong Uk bilan suhbatimiz mamlakatimizda tibbiyot rivoji istiqbollari va bu sohada Koreya Respublikasi tajribasi haqida boʻldi.

— Janob Li, keling, dastlab Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari, jumladan, sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro hamkorlik xususida toʻxtalib oʻtsangiz?

— Avvalo, taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida samarali hamkorlik oʻrnatilgan. Buni har ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlari misolida ham koʻrish mumkin. Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi ham doʻstona aloqalarning yangi bosqichini boshlab berishga, uni yanada yuksaltirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Birgina sogʻliqni saqlash sohasini oladigan boʻlsak, ayni paytda Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida jadal surʼatlardabarpo etilayotgan Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazini ikki tomonlama hamkorlikning samarasi sifatida baholash mumkin. Ushbu ulkan majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan. Umumiy qiymati 130,58 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur tibbiyot markazini qurish va jihozlash bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish boʻyicha ham qoʻshma loyihalar amalga oshirilyapti. Yangi tibbiyot muassasasi 280 oʻringa ega boʻlib, klinikada kuniga 250 bemorni qabul qilish va yiliga 2 mingga yaqin eng murakkab va noyob operatsiyalarni oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Koreya Respublikasi Milliy tibbiy sugʻurta xizmati oʻrtasida yurtimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilishda oʻzaro hamkorlik boʻyicha shartnoma imzolangani ham diqqatga sazovor. Shu bilan birga, Koreyaning koʻplab tashkilotlari, jumladan, “KOICA”, “KOFIH”, “EDCF” jamgʻarmalari bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlash sohasida qiymati 190 million AQSH dollaridan ziyod qator sarmoyaviy va grant loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, joriy yil 19 aprelda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston — Janubiy Koreya taraqqiyot forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vazirligi tomonidan tibbiyot sohasida hamkorlikni rivojlantirish markazini tashkil etish va boshqarish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi va boshqa qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Bu ham tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, albatta.

— Oʻzbekistonda faoliyat boshlaganingizga uncha koʻp boʻlmadi. Ilk taassurotlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

— Oʻzbekiston — ulkan salohiyatga ega mamlakat. Bu fikrni bugun dunyo jamoatchiligi bot-bot eʼtirof etmoqda, desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Chindan ham, mustaqil taraqqiyot yoʻlidan dadil qadam tashlayotgan yurtingiz iqtisodiyot, ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sport, ayniqsa, tibbiyot sohasida katta yutuqlarga erishmoqda. Bundan yetti yil avval ilk bor Oʻzbekistonga tashrif buyurganimda xalqingizning mehmondoʻstligi, samimiyati qalbimdan chuqur joy egallagandi. Oʻshanda Vatanimga qaytib ketayotib, yana yurtingizga kelishni niyat qilgandim. Mana, yana Toshkentdaman. Bilasizmi, ilk tashrifimdan keyin oradan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa-da, Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni koʻrib, toʻgʻrisi, hayratdaman.

Oʻzbekiston tibbiyoti bilan tanishish davomida Koreya Respublikasi tibbiyot sohasidagi baʼzi oʻxshashliklarga ham guvoh boʻldim. Masalan, sizlarda har bir viloyatda qishloq oilaviy poliklinikalari ish olib boradi. Bizda ham shunday: barcha hududda birinchi tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan punktlar bor. Sohadagi izchil islohotlar esa yuqoridagi kabi oʻxshash jihatlarning yanada koʻpayishiga zamin yaratishiga ishonaman.

— Sogʻliqni saqlashni jadal rivojlantirish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak, deb oʻylaysiz va bu borada qanday ishlar olib borilyapti?

— Shu oʻrinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 7 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 — 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini alohida taʼkidlash joiz. Unda tibbiyot sohasi rivoji yoʻlida qilinishi kerak boʻlgan muhim vazifalar aniq koʻrsatib oʻtilgan.

Xalqaro standartlar va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida sohani kompleks huquqiy tartibga solish, majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etish, tizimni moliyalashtirish va tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini qoʻllash, investitsiyalarni jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash hamda “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimini keng tatbiq etish kabi yoʻnalishlar shular jumlasidandir.

Ushbu vazifalarning barchasi soha rivojida birdek muhim. Misol uchun, majburiy sugʻurta tizimini joriy etish masalasini olaylik. Uni shunchaki amalga oshirib boʻlmaydi. Dastlab, majburiy sugʻurtani qanday qilib odamlar orasiga olib kirish mumkinligini ishlab chiqishimiz kerak. Aslida bu tizim mamlakatingiz uchun yangilik emas. Avval ham Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan majburiy sugʻurtani yoʻlga qoʻyish boʻyicha maʼlum ishlar qilingan. Shu bois ishni boshlashdan oldin JSST mutaxassislarining yurtingizda olib borgan tadqiqotlari bilan tanishdik. Ularning tavsiyalari, oʻtkazilgan ishlar boʻyicha natija va xulosalarini oʻrganib chiqdik. Hozir majburiy sugʻurta tizimini joriy etish qaysi koʻrinishda boʻlishi kerakligi ustida izlanyapmiz.

— Yana bir muhim yoʻnalish — “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimini joriy etish borasida nima deysiz?

— Tibbiyot sohasida aniq maʼlumotga ega boʻlish muhim sanaladi. “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimi oʻzaro axborot almashishning zamonaviy koʻrinishi boʻlib, ortiqcha qogʻozbozliklarga chek qoʻyadi. Qolaversa, bemor haqidagi maʼlumotlar kerak paytda zarur mutaxassisga yoʻnaltirilishi mumkin. Misol uchun, bemor “A” tibbiyot muassasasida tibbiy tekshiruvlardan oʻtib, “B” shifoxonasiga muolaja uchun boradi. Bunda “A” tibbiyot muassasasi xodimlari “B” shifoxonasiga bemorning tahlillari natijalari va u haqdagi boshqa maʼlumotlarni yetkazadi. Natijada bemor sifatli, toʻliq tibbiy yordam olish imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, qayta tahlil topshirish, bir qancha tibbiy maʼlumotnomalarni koʻtarib yurishga hojat qolmaydi. Ammo elektron maʼlumotlar bazasini tashkil etish uchun dastur ishlab chiqilishi lozim. Hozir shu masala ustida ishlayapmiz.

— Izchil saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi yillarda yurtimiz tibbiyoti rivojlanib boryapti. Sogʻliqni saqlash tizimi taraqqiy etgan davlat vakili sifatida ushbu oʻzgarishlarni qanday baholaysiz?

— Oʻzbekistonga birinchi tashrifim tibbiyot sohasiga aloqador emasdi. Ammo bu galgisi ayni soha bilan bevosita bogʻliq boʻlgani uchun yurtingiz tibbiyoti bilan tanishishga harakat qildim. Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston tibbiyotiga oid maʼlumotlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, shifokorlaringizning qaysi davlatlarda malaka oshirayotgani, shuningdek, xorijda ishlayotgan oʻzbekistonlik shifokorlarning Vatanga qaytib, faoliyat yurita boshlagani haqida oʻqigan edim. Tibbiyot sohasida koʻplab yangiliklar qilinayotganidan bilish mumkinki, ushbu yoʻnalishga davlat tomonidan katta eʼtibor qaratilgan.

Yurtingizdagi mehnat faoliyatim davomida onalar va bolalar salomatligi nihoyatda qadrlanishini bildim. Sogʻlom avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangani mamlakatingiz toʻgʻri rivojlanish yoʻlida ekanini anglatadi. Aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yaqinlashtirishga ham alohida ahamiyat berilayotganining guvohi boʻldim. Soʻnggi ikki yilda ixtisoslashtirilgan oltita yangi tibbiyot markazi faoliyat boshlabdi. Eʼtiborli tomoni, ixtisoslashtirilgan markazlarning ushbu filiallari hududlarda mavjud kasalliklar koʻlami chuqur tahlil etilgan holda, ehtiyoj yuqori boʻlgan joylarda tashkil qilinayotgani ham aholi salomatligi yoʻlidagi ulkan gʻamxoʻrlikdir.

Mamlakatingizda murakkab va noyob operatsiyalar oʻtkazilayotgani ham eʼtiborga molik. Mahalliy shifokorlar tomonidan buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi eng qiyin amaliyotlar muvaffaqiyatlioʻtkazilayotganligi eʼtiborga molik voqeadir. Bilishimcha, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida keyingi yillarda davolashning 500 dan ortiq yangi va samarali usullari qoʻllanila boshlangan. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida “Aqlli tibbiyot” texnologiyalarini qoʻllash borasidagi saʼy-harakatlar ham diqqatga sazovor.

Ahamiyatli jihati, davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida olib borilayotgan ishlar, boshqaruv-nazorat tizimi, xorijda amalga oshiriladigan murakkab operatsiyalarning shu yerning oʻzida bajarilayotgani haqida soha mutaxassislari bilan suhbatlashdim. Ularning fikr-mulohazalarini tinglab, amin boʻldimki, Oʻzbekiston tibbiyoti jadal surʼatda rivojlanmoqda. Tibbiyot xodimlarida bilim olish, tajriba almashishga ishtiyoq shu qadar kuchliki, yaqin kelajakda mamlakatingiz tibbiyoti hozirgidan-da taraqqiy etib, yaqin kelajakda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi sifati yanada yaxshilanishiga erishiladi.

— Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Furqat SANAYEV, “Xalq soʻzi” suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?