O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar samaralari Jenevada taqdim etildi

17:49 23 May 2018 Jamiyat
395 0

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 
Har yili tashkil etiladigan mazkur anjumanda sog‘liqni saqlash sohasida kuzatilayotgan global muammolar va ularning yechimlari borasida muhokamalar o‘tkaziladi. Bu yilgi sessiyada atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta’siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta’minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilinmoqda. 
Tadbirda JSSTga a’zo 194 ta davlatning sag‘liqni saqlash tizimlari rahbarlari qatnashmoqda. 
O‘zbekiston delegatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov rahbarlik qilmoqda. 

Assambleyada O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri ma’ruza qildi. Vazir o‘z chiqishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida to‘xtalib o‘tdi. 
“So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda aholining barcha qatlamiga, ayniqsa, uzoq qishloq aholisiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bugun davlat siyosatining bosh maqsadiga aylandi, — dedi A. Shadmanov. — Shu maqsadda 100 dan ortiq huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Ularda sohaning barcha yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar qamrab olingan. Hozirda O‘zbekiston belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qator ijobiy natijalarga erishdi. Bunga misol qilib, 1283 ta tez tibbiy yordam avtotransport vositalari xarid qilingani, natijada, chaqiriq tushgach, tez yordam xizmatining yetib borish vaqti 20-30 daqiqdan 10-15 daqiqagacha, xizmat radiusi esa 5-12 kilometrgacha qisqardi. 2017 yilda O‘zbekistonga 311 nafar xorijlik mutaxassislar taklif qilindi. Ular bilan hamkorlikda 800 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. 290 nafardan ortiq mamlakatimiz mutaxassislari esa dunyoning yetakchi klinikalarida malaka oshirib keldi. 

O‘zbekiston tibbiyotidagi eng katta yangiliklardan biri sifatida transplantatsiya amaliyotining yo‘lga qo‘yilganini aytmoqchiman. Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda buyrak, jigar va o‘zak hujayra transplantatsiyasi bajarilmoqda. 
Shuningdek, vazir mamlakatimizda xususiy sektorni rivojlantirish, immunoprofilaktika sohasidagi natijalar bilan tanishtirdi. Vazirning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha qaroridan so‘ng O‘zbekistondagi xususiy klinikalar soni so‘nggi yilda 3040tadan 4073ta oshgan. Mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta xususiy klinikalarga deyarli barcha yo‘nalishlarda, xususan, abdominal jarrohlik, torakal jarrohlik, neyroxirurgiya, onkologiya, travmatologiya va bolalar jarrohligi bo‘yicha litsenziya berishga ruxsat etildi. 
Milliy emlash kalendari bo‘yicha mamlakatimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanmoqda. Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplanib, emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada 2017 yil Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e’tirof etildi. 

Shuningdek, vazir o‘z ma’ruzasida 2019-2020 yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va unda belgilangan vazifalar bilan tanishtirdi.

“Ushbu natijalar biz ko‘zlagan marraning boshlanishi. Kelajakda tibbiy xizmat boshqaruvini optimallashtirish, infrastrukturani yaxshilash, tibbiy xizmat normativlari va standartlarini ishlab chiqish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal tatbiq etish bo‘yicha aniq reja va dasturlar ishlab chiqilgan”, — deya qayd etdi A. Shadmanov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga JSS assambleyasi ishtirokchilari tomonidan qiziqish bildirilgan. 
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi 26 maygacha davom etadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?