Oʻzbekiston-Rossiya: Hamkorlikda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar

10:45 30 Sentyabr 2019 Jamiyat
85 0

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Rossiya Federatsiyasining “YEVROTSEMENT grup” xolding prezidenti Mixail Skoroxod bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirilayotgan boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

Yigʻilishda dastlab, “Ohangaronsement” AJ bazasida quruq usulda yiliga quvvati 3 mln. tonna sement ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish, olib borilayotgan bunyodkorliklar haqida soʻz bordi. Shu bilan birga hududda klaster usulida qurilish materiallari yaʼni yer silkinishiga bardosh beruvchi temir-betonlar ishlab chiqarishni joriy yilning soʻnggiga qadar foydalanishga topshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Albatta bunday mahsulotlarga kundan-kunga talab ortib bormoqda. Shu bois ushbu yoʻnalishda yangi quvvatlarni ishga solish borasida hamkorlik olib borilyapti.

Uchrashuvda oʻtga chidamli gʻisht ishlab chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham soʻz bordi. Tadbir soʻnggida loyihalarni amalga oshirishda infrastruktura (gaz, svet, elektro energiya) yaratilishida ishlarni jadallashtirish boʻyicha kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, “YEVROTSEMENT grup” xolding Toshkent viloyatida joylashgan “Ohangaronsement” AJning eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Mazkur xolding nafaqat Rossiya federatsiyasida balki, MDHda qurilish materiallari ishlab chiqarishda yetakchi sanaladi. Uning tarkibida 19 ta sement, shuningdek, beton va beton buyumlari ishlab chiqaruvchi zavodlar, metall boʻlmagan materiallarni qazib olish konlari mavjud.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi

Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?