Oʻzbekiston Respublikasining saylov kodeksi

16:16 26 Iyun 2019 Hujjatlar
613 0


1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Ushbu Kodeks Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengashlar deb yuritiladi) deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xohish-irodasi erkin bildirilishini taʼminlovchi kafolatlarni belgilaydi.

2-modda. Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasida saylov oʻtkazishning asosiy prinsiplari

Oʻzbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladi.

Saylov ochiq va oshkora oʻtkaziladi.

4-modda. Umumiy saylov huquqi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir.

Saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) saylash huquqiga egadir.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

5-modda. Teng saylov huquqi

Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega boʻladi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.

6-modda. Toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi.

7-modda. Yashirin ovoz berish

Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi.

8-modda. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishdagi ochiqlik va oshkoralik

Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi.

Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi.

Saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

2-bob. Saylov okruglari va uchastkalari

9-modda. Saylov okruglarini tuzish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tuziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun quyidagi saylov okruglari tuziladi:

xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun – oltmishtadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi;

xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun – oʻttiztadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Ushbu Kodeksda belgilangan normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.

Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.

Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.

10-modda. Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov uchastkalari tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.

Saylovchilarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi. Uchastkalar harbiy qismlarda ham tuziladi va qismlar joylashgan yerdagi okruglarga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib oʻtmasligi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bu uchastkalar ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan uchastkalarni okrugga biriktirish toʻgʻrisidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.

Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qoʻshilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug komissiyalari tomonidan tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.

Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam boʻlishi mumkin emas.

Okrug saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini koʻrsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari toʻgʻrisida xabardor etishni tashkil qiladi.

Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.

3-bob. Saylov komissiyalari

11-modda. Saylov komissiyalari tizimi

Saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:

Markaziy saylov komissiyasi;

viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari;

okrug saylov komissiyalari;

uchastka saylov komissiyalari.

Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Masalalarni koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi.

Saylov komissiyalari oʻz faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.

Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir boʻlishi mumkin.

Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol boʻlishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻradi.

12-modda. Markaziy saylov komissiyasini tuzish

Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan kamida oʻn besh nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga koʻra Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya aʼzolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari va komissiya kotibi komissiya aʼzolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi tegishli guvohnomaga ega boʻladi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining va uning oʻrinbosarining guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Markaziy saylov komissiyasi boshqa aʼzolarining guvohnomasi esa Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan imzolanadi.

13-modda. Markaziy saylov komissiyasiga aʼzolik

Yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.

Ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib, Senat aʼzoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib roʻyxatga olingan aʼzosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan bevosita yoki uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:

u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ariza berganda;

u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

u oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;

qonunga koʻra u Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;

u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganda;

u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;

u vafot etganda.

Markaziy saylov komissiyasining yangi aʼzosi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi ushbu komissiyaning qaroriga binoan komissiyada doimiy asosda ishlashi mumkin. Markaziy saylov komissiyasida doimiy asosda ishlovchi komissiya aʼzolarining soni koʻpi bilan yetti kishidan iborat boʻladi.

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolariga Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat aʼzolariga nisbatan qoʻllaniladigan daxlsizlik toʻgʻrisidagi qoidalar tatbiq etiladi.

14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni oʻtkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini eʼlon qiladi;

saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi, saylovni tashkil etish masalalari yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yoʻriqnomalar hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi;

Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatidan (bundan buyon matnda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati deb yuritiladi) foydalanish faoliyati boʻyicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini oʻtkazish uchun saylov okruglarini tuzadi;

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli okruglarga biriktirish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlarini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarini tuzadi, shuningdek ularning joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

saylov komissiyalari tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;

agar okrug saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar beradi;

saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablagʻlarini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;

siyosiy partiyalarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi;

taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga oladi, roʻyxatga olingan nomzodlarning roʻyxatlari va ular haqidagi maʼlumotlar matbuotda eʼlon qilinishini hamda ularga guvohnomalar berilishini tashkil etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi hamda ularga guvohnomalar beradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi;

saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi;

saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

saylovning yakunlarini chiqaradi, Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni toʻgʻrisidagi xabarni matbuotda eʼlon qiladi;

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, takroriy ovoz berish, Qonunchilik palatasi deputatlarining yoki Senat aʼzolarining takroriy saylovi va boʻshab qolgan oʻrinlarga saylov oʻtkazilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov oʻtkazilishini tashkil etadi;

saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat aʼzolarini roʻyxatga oladi, shuningdek ularning roʻyxatini matbuotda va boshqa manbalarda eʼlon qiladi;

saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi; 

saylangan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi toʻgʻrisida guvohnoma topshiradi;

Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat aʼzosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat aʼzosining guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;

saylovchilarning hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va memorandumlar tuzadi;

xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi;

xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi;

saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning idoraviy arxivlarga topshirilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;

jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va rivojlantiradi.

15-modda. Markaziy saylov komissiyasining Raisi

Markaziy saylov komissiyasining Raisi:

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi, komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish uchun davlat organlarining, siyosiy partiyalarning hamda boshqa jamoat birlashmalarining, tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarini taklif etadi;

davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari bilan munosabatlarda Markaziy saylov komissiyasi nomidan ish yuritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;

Markaziy saylov komissiyasining qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarni taqsimlaydi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;

tegishincha Qonunchilik palatasining va Senatning birinchi majlisini ochadi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi saylanguniga qadar unda raislik qiladi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻz vakolatlarini bajarishi imkoni boʻlmaganda, shuningdek Rais boʻlmagan taqdirda, Raisning vazifalari Rais oʻrinbosarining yoki Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan komissiya aʼzolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

16-modda. Markaziy saylov komissiyasining majlislari va qarorlari

Markaziy saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning majlislari boʻlib, ular zaruratga qarab oʻtkaziladi. Agar majlisda komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, majlis vakolatli hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi Raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi va Markaziy saylov komissiyasining kotibi tomonidan imzolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari alohida fikr bildirishga haqli boʻlib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, qarorlar Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan imzolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida oʻsha kunning oʻzida, shuningdek zarur boʻlgan hollarda, boshqa manbalarda eʼlon qilinishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.

17-modda. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini taʼminlash uchun uning Kotibiyati tuziladi.

Kotibiyat ishiga Markaziy saylov komissiyasining kotibi rahbarlik qiladi.

Kotibiyatning tuzilishi, shtatlari va uning ish tartibi Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan tasdiqlanadi.

18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamenti

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining tartibi Markaziy saylov komissiyasining majlisida qabul qilinadigan Reglamentida belgilanadi.

19-modda. Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish

Mahalliy Kengashlarga saylovni tashkil etish va oʻtkazish uchun:

xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha viloyat saylov komissiyasi;

xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha tuman saylov komissiyasi;

xalq deputatlari shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha shahar saylov komissiyasi tuziladi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida yetti – oʻn besh nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi hamda oʻz vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinguniga qadar amalga oshiradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarining raislari ushbu komissiya aʼzolari orasidan saylov komissiyasi majlisida tegishli mahalliy Kengashning taqdimnomasiga binoan saylanadi.

Komissiya raisining oʻrinbosari va komissiya kotibi komissiya majlisida uning aʼzolari orasidan saylanadi. Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida va matbuot nashrlarida oʻz tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.

20-modda. Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi:

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi hamda saylovni tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;

tegishli mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi hamda ushbu okrug komissiyasi joylashgan yer toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

tegishli mahalliy Kengashga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarini shakllantiradi va komissiya tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

tegishli saylov komissiyalarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi, ularning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi, agar okrug va uchastka saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin;

deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi;

deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasida ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;

pul mablagʻlarini tegishli saylov komissiyalari oʻrtasida taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;

tegishli mahalliy Kengash sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, oʻz muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning shakllarini tasdiqlaydi va tayyorlanishini taʼminlaydi;

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

tegishli mahalliy Kengashga oʻtkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, saylov yakunlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatlarini matbuotda eʼlon qiladi (hammaga maʼlum qiladi);

deputatlarga tegishli mahalliy Kengash deputati guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;

takroriy saylov oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni hal etadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning arxivlarga va idoraviy arxivlarga topshirilishini taʼminlaydi.

21-modda. Okrug saylov komissiyalarini tuzish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va olti – sakkiz nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Okrug saylov komissiyasining aʼzolari jamoatchilikning obroʻ-eʼtiborli vakillari orasidan tasdiqlanadi.

22-modda. Okrug saylov komissiyasining vakolatlari

Okrug saylov komissiyasi:

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

saylov uchastkalarini tuzadi, okrug boʻyicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini koʻrsatgan holda ularning roʻyxatini eʼlon qiladi;

uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi;

uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;

nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashadi; 

deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

saylovchilar roʻyxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi;

saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etadi;

takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

23-modda. Uchastka saylov komissiyasini tuzish

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh – oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Agar komissiya yetti nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi.

Zarur boʻlgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini ushbu vakolatxonalarning rahbari amalga oshiradi.

Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

24-modda. Uchastka saylov komissiyasining vakolatlari

Uchastka saylov komissiyasi:

uchastka boʻyicha saylovchilarning roʻyxatini tuzadi;

saylovchilarni saylovchilarning roʻyxati bilan tanishtiradi, roʻyxatda yoʻl qoʻyilgan xatolar va noaniqliklar toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi va roʻyxatga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani hal etadi;

saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilardan toʻldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi;

aholini saylov kuni va ovoz berish joyi toʻgʻrisida xabardor etadi;

binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari va saylov qutilari, shuningdek boshqa jihozlar bilan tayyorlab qoʻyilishini taʼminlaydi;

saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi;

ovozlarni sanab chiqadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

25-modda. Saylov komissiyasi aʼzolariga qoʻyiladigan talablar

Yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.

Boshqa saylov komissiyalarining aʼzolari, siyosiy partiyalarning aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas.

Komissiya aʼzosi shaxsiy arizasiga koʻra, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda, oʻz vazifalarini bajarishdan ozod etilishi mumkin.

Komissiya aʼzosi ushbu Kodeks talablarini buzgan yoki zimmasidagi majburiyatlariga muntazam ravishda eʼtiborsizlik qilgan taqdirda, uni vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli boʻladi.

Zarur boʻlgan taqdirda, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylov komissiyasining yangi aʼzosi saylanadi.

26-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati

Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis oʻtkazilayotgan kundagi komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli boʻladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi boʻlmagan komissiya aʼzolari alohida fikrini bayon etishga haqli boʻlib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.

Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi yoki boshqa aʼzosi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.

Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashishi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishi shart.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun kerakli boʻlgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qoʻyilgan masalani koʻpi bilan uch kunlik muddatda koʻrib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.

4-bob. Saylovchilarning roʻyxatlarini tuzish

27-modda. Saylovchilarning roʻyxatlari

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.

Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

Saylovchilar roʻyxatlari Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish boʻyicha axborot tizimi maʼlumotlari asosida tuziladi.

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning roʻyxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari boʻyicha umumiy asoslarda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuziladi.

28-modda. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursidir.

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki roʻyxatini oladi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki roʻyxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan aniqlashtirish choralarini koʻradi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish boʻyicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning roʻyxatlarini aniqlashtirish ishlariga koʻmaklashadi.

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari boʻyicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning roʻyxati har bir saylov uchastkasi boʻyicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan olingan saylovchilar roʻyxatlaridan foydalaniladi.

29-modda. Fuqarolarni saylovchilarning roʻyxatlari bilan tanishtirish

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar roʻyxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar roʻyxatidan oʻzlariga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi.

Saylovchilarning roʻyxatlari saylovga oʻn besh kun qolganida, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Uchastka saylov komissiyasi roʻyxat bilan tanishish joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi.

Saylov komissiyalari saylovchilarning roʻyxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga oʻzgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladi.

30-modda. Saylovchilarning roʻyxatlari xususida bahslashuv

Har bir fuqaro saylovchilarning roʻyxatlaridagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi toʻgʻrisida asoslantirilgan javob berishi shart.

Uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

5-bob. Saylov byulleteni

31-modda. Saylov byulletenining mazmuni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tugʻilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashgʻulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya koʻrsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Saylov byulletenida uni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirish boʻlishi kerak.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining koʻpchiligi soʻzlashadigan tillarda nashr etiladi.

Saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkin.

32-modda. Saylov byulletenlarini tayyorlash va yetkazib berish

Uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi. Saylov byulletenlarining topshirilganligi hamda qabul qilinganligini okrug va uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni uchastka boʻyicha roʻyxatlarga kiritilgan fuqarolar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq boʻlishi mumkin emas. Saylov byulleteni oʻng tomonining yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi imzo qoʻyadi, imzolar uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

6-bob. Kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari

33-modda. Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar

Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar oʻz faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.

Manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn besh kun oldin ariza bilan maʼlum qiladi.

Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;

nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;

saylov uchastkasida hozir boʻlish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;

ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlish;

saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish;

agar tegishli saylov uchastkasida ushbu Kodeksning talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilish.

Kuzatuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:

saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish;

fuqarolarga taʼsir oʻtkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish;

saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

34-modda. Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini oʻz yonida olib yurishi shart.

35-modda. Ommaviy axborot vositalarining vakillari

Ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir boʻlish, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chogʻida hozir boʻlish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan oʻtkazadi.

7-bob. Saylov kampaniyasi boshlanganligini eʼlon qilish, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi

36-modda. Saylov kampaniyasi boshlanganligini eʼlon qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

37-modda. Nomzodlar koʻrsatish huquqi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod koʻrsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.

38-modda. Imzolarni toʻplash tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha siyosiy partiya oʻzining vakolatli vakili roʻyxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini toʻplashga haqli. Bu sanaga qadar toʻplangan imzolar hisobga olinmaydi.

Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishga haqli. Bunda saylovchi oʻz familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini (yoshi oʻn sakkizda boʻlsa, qoʻshimcha ravishda tugʻilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qoʻyilgan sanani koʻrsatadi. Mazkur maʼlumotlar qoʻlda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga oʻz imzosini qoʻyadigan saylovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saylovchining iltimosiga koʻra imzo toʻplashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.

Imzo varaqasi imzoni toʻplagan shaxs tomonidan oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.

Saylovchilarning imzosini toʻplash ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo toʻplash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo toʻplayotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va oʻziga ogʻdirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

Imzo toʻplash tamomlanganidan soʻng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi. 

39-modda. Imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirish

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida oʻn besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.

Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Agar qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz boʻlib chiqsa, mazkur imzo varaqalari toʻligʻicha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.

8-bob. Nomzodlarni va ularning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish, ularning huquqiy maqomi

40-modda. Nomzodlarni roʻyxatga olish tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olishni esa tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi.

Nomzod etib roʻyxatga olingan shaxsga roʻyxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

Nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻttiz besh kun qolganida tugallanadi.

Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashgʻulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiyani koʻrsatgan holda eʼlon qiladi.

41-modda. Nomzodlar faoliyatining kafolatlari

Roʻyxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega boʻladi.

Nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, saylovoldi yigʻilishlarida, televideniye va radio orqali soʻzga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylovni oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod boʻlish huquqiga ega.

Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar esa Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yoʻlovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yoʻlovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yoʻnalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.

Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki ularga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin emas. Bunday rozilik berilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Markaziy saylov komissiyasini bu haqda darhol xabardor etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni majburiy keltirishga, xuddi shuningdek ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyi va xizmat xonalarini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

42-modda. Nomzodlik maqomidan mahrum etish. Nomzodning nomzodlikdan voz kechishi

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib koʻrsatish toʻgʻrisidagi oʻz qarorini saylovga kechi bilan oʻn besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya nomzodlar koʻrsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni roʻyxatga olish toʻgʻrisida taklif kiritishi mumkin.

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

43-modda. Nomzodning ishonchli vakillari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod oʻn besh nafarga qadar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod oʻn nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli, ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi.

Deputatlikka nomzod roʻyxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini oʻz xohishiga koʻra belgilaydi va ular haqida tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi.

Nomzod saylovga qadar oʻz ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

Ishonchli vakil saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

Nomzodlar ishonchli vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.

9-bob. Saylovoldi tashviqoti

44-modda. Saylovoldi tashviqotini olib borish

Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

Saylovoldi tashviqoti (bundan buyon matnda tashviqot deb yuritiladi) nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi.

Notoʻgʻri axborotni, shuningdek nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

45-modda. Tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari

Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi:

siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish;

nomzod toʻgʻrisidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish.

Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Tashviqot:

ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻi orqali;

bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;

saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

Tashviqot davrida uni olib borishning ushbu Kodeksda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

46-modda. Tashviqotni ommaviy axborot vositalari orqali olib borish

Tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga koʻra bir xil boʻlgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoitlar taʼminlanadi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq toʻlash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil boʻlishi kerak.

Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

47-modda. Tashviqotni bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish

Nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi. Tashviqot materiallari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

tashviqot materiallarini tayyorlagan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqdagi boshqa maʼlumotlar;

tashviqot materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi);

tashviqot materiallarining adadi, chiqarilgan sanasi toʻgʻrisidagi axborot.

48-modda. Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot olib borish

Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarni oʻtkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga maʼlum qilinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchrashuvlar oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda yordam koʻrsatishi shart.

Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

10-bob. Ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish

49-modda. Ovoz berish binolari hamda uchastka saylov komissiyalari binolari

Ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar boʻlib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari oʻrnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali oʻtib keladigan qilib oʻrnatiladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar oʻtkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish masʼuliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida boʻladi.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Lozim boʻlgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn bir kun oldin taqdim etilishi kerak.

Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel, ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan taʼminlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining, aloqa vositalari bilan taʼminlash esa Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining zimmasiga yuklatiladi.

Jamoat tartibini saqlash, saylov oʻtkaziladigan binolar va joylarni qoʻriqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chogʻida uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.

50-modda. Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar

Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega boʻlishi kerak:

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (binoning ustida va ichida);

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida);

saylov uchastkasining tartib raqami koʻrsatilgan peshlavha;

yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari;

zarurat boʻlsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari;

kuzatuvchilar uchun alohida joylar;

saylov sanasiga bagʻishlangan plakatlar;

saylov uchastkasining xaritasi;

uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot;

saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga taalluqli maʼlumotlar joylashtiriladigan maxsus stend;

barcha roʻyxatga olingan nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan tarjimai holi va dasturi;

zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmogʻiga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega boʻlgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari);

yongʻinga qarshi vositalar.

Ovoz berish xonalari yorugʻ va keng boʻlishi, alohida kirish va chiqish joyi boʻlishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yoʻlkalar nazarda tutilgan boʻlishi lozim.

51-modda. Ovoz berish vaqti va joyi

Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida oʻn kun oldin xabardor qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi, agar roʻyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʻlgan boʻlsa, ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan saylov uchastkalarida saylov qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.

52-modda. Saylovchining shaxsini aniqlash

Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi hamda saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.

Biron-bir sababga koʻra saylovchilar roʻyxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritiladi.

53-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berishdan oldingi faoliyati

Saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda ochiladi.

Uchastka saylov komissiyalari:

yashirin ovoz berish uchun binoni ovoz berish boshlanguniga qadar tayyor holatga keltiradi;

uchastka saylov komissiyasi aʼzolari orasida vazifalarni taqsimlaydi;

komissiyaning ikki aʼzosi tomonidan imzolangan, muhr bilan tasdiqlangan saylov byulletenlarini tayyorlaydi.

54-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati

Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida:

ovoz berish boshlanganligini eʼlon qiladi;

saylov qutilarining boʻshligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi;

uchastkadagi roʻyxat boʻyicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida maʼlum qiladi. Ushbu maʼlumotlar yakuniy bayonnomaga kiritiladi;

ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazishni muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi, zarurat boʻlganda komissiya aʼzolariga yordam koʻrsatadi, ular vaqtinchalik yoʻq boʻlgan hollarda ularni boshqa aʼzolar bilan almashtiradi;

ovoz berish tugallanganligini eʼlon qiladi;

binoda hozir boʻlgan saylovchilarga ovoz berishni tugallashi uchun imkoniyat beradi.

Uchastka saylov komissiyasining aʼzolari:

saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning saylovchilar roʻyxatidagi maʼlumotlarini tekshiradi, unga ovoz berish saylov byulletenini imzo qoʻydirib topshiradi;

kuzatuvchilarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

55-modda. Ovoz berish tartibi

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida toʻldiradi. Saylov byulletenini toʻldirish chogʻida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi oʻz xohishiga koʻra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “ü” yoxud

“x” belgisini qoʻyadi.

Ovoz beruvchi toʻldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qoʻyilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qoʻyilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yoʻli bilan) lozim va alohida saqlanadi.

56-modda. Saylovchining turgan joyida ovoz berish

Ayrim saylovchilar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar aʼzosi koʻchma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini taʼminlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir boʻlishi mumkin.

57-modda. Muddatidan oldin ovoz berish

Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan toʻldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va toʻldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar aʼzosining imzolari qoʻyilib, ular komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

58-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi faoliyati

Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha aʼzolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida eʼlon qiladi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari komissiya aʼzolari bilan birgalikda:

plombalarning raqamlarini tegishli dalolatnoma bilan solishtiradi;

oldindan yozuv ashyolarini yigʻishtirib qoʻyib, saylov byulletenlarini sanab chiqish uchun joy (stol) tayyorlaydi;

foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlarini sanab chiqadi va bekor qiladi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi;

statsionar va koʻchma saylov qutilarini ochadi;

har bir nomzod boʻyicha saylov byulletenlarini oʻqib eshittirgan va namoyish etgan holda alohida-alohida bogʻlamlarga ajratadi;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlarni sanab chiqadi;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarini aniqlaydi va sanab chiqadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

yakuniy bayonnomaga ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.

Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chogʻida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) koʻrib chiqadi. Shundan soʻng uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari boʻyicha majlis oʻtkazib, unda ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladi hamda rais, rais oʻrinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan soʻng bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari tomonidan oʻqib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning koʻchirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qoʻyiladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.

Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining koʻchirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning oʻrinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida olib borib topshiriladi.

11-bob. Takroriy ovoz berish, takroriy saylov

59-modda. Takroriy ovoz berishni oʻtkazish asoslari va tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikki nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan boʻlsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan koʻpining ovozini olmagan boʻlsa, takroriy ovoz berish oʻtkaziladi, unda eng koʻp ovoz toʻplagan ikki nomzod ishtirok etadi.

Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida, lekin saylov oʻtkazilgan kundan kamida oʻn besh kun keyin oʻtkaziladigan qilib tayinlaydi. Takroriy ovoz berish oʻtkazilishi haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilinadi.

Agar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi boʻyicha ikki nafardan ortiq nomzod qoʻyilgan boʻlsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng koʻp ovoz olgan ikki nafar nomzod boʻyicha okrugda takroriy ovoz berishni oʻtkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish ushbu Kodeks talablariga rioya etilgan holda ikki haftalik muddatda oʻtkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.

60-modda. Takroriy saylovni oʻtkazish asoslari va tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bitta nomzod ishtirok etgan boʻlsa va u zarur miqdorda ovoz toʻplay olmagan boʻlsa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi ham ushbu Kodeksda asosiy saylovni oʻtkazish uchun belgilangan ayni tartibda va ayni shartlarga rioya etgan holda oʻtkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan oʻtkazilishi zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni oʻtkazish uchun tuzilgan oʻsha saylov uchastkalarida va saylovchilarning oʻsha roʻyxatlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi asosiy saylov oʻtkazilganidan keyin qirq kun ichida oʻtkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

agar saylov okrugi boʻyicha saylov oʻtmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;

agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan boʻlsa;

agar saylov okrugi boʻyicha koʻpi bilan ikki nomzod qoʻyilgan boʻlsa va ulardan hech biri saylanmagan boʻlsa.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirigʻiga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan oʻtkazilishi zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni oʻtkazish uchun tuzilgan oʻsha saylov uchastkalarida va saylovchilarning oʻsha roʻyxatlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlarni roʻyxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

12-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining oʻziga xos xususiyatlari

61-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qoʻyiladigan talablar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boʻlishi mumkin emas.

Oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida oʻn yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin.

Quyidagilar:

qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydi.

62-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish huquqi

Siyosiy partiya saylov kompaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan taqdirdagina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatishi mumkin.

63-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga roʻyxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.

64-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish tartibi 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va qirq besh kun qolganida tugaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyaning yuqori organi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod koʻrsatishi mumkin.

Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat oʻz partiyasi aʼzolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib koʻrsatishga vakolatlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.

Siyosiy partiyaning rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni roʻyxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaviyligi koʻrsatiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning oʻz nomzodi ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari. Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida Oʻzbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi boʻlishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining koʻpi bilan sakkiz foizini toʻplashi mumkin.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga maʼlum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni roʻyxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

65-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan ikki oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisida qasamyod qilgan paytdan eʼtiboran oʻz lavozimiga kirishadi.

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishguniga qadar bajaradi.

66-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgarigi saylov

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti oʻz vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi oʻtkaziladi.

13-bob. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining oʻziga xos xususiyatlari

67-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi

Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat boʻladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadi.

68-modda. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish huquqi

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan va oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini toʻplagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkin.

Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining koʻpi bilan sakkiz foizi imzosini toʻplashi mumkin.

69-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi;

imzo varaqalari.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjat qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.

70-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatish

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar deputatlikka bir yuz ellik nafar nomzod, yaʼni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod koʻrsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerak.

Siyosiy partiyalar oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.

71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar

Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.

Quyidagilar:

sodir etilgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar soʻnggi besh yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qoʻmitasining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydi.

72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiyaning rahbari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami koʻrsatiladi;

deputatlikka nomzodning oʻz nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;

deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek boʻlsa, egallab turgan lavozimidan boʻshash toʻgʻrisidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni roʻyxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga maʼlum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

73-modda. Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni roʻyxatga olish

Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi.

Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega boʻladi.

Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga toʻgʻri kelmaydigan vazifalarni oʻz zimmasidan soqit qilganligi toʻgʻrisida yozma shaklda maʼlum qilishi shart.

Qonunchilik palatasi deputatlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻn kun ichida guvohnoma va koʻkrak nishoni beriladi.

74-modda. Boʻshab qolgan oʻrinlarga Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish

Deputatlarning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda, tegishli saylov okruglarida yangi saylov oʻtkaziladi.

Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov oʻtkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya qilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun, uchastka saylov komissiyalari esa oʻn besh kun qolganida tuziladi. Deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻn besh kun qolganida tugallanadi.

Qonunchilik palatasi vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Qonunchilik palatasi deputatining oʻrni boʻshab qolgan taqdirda, ushbu boʻshab qolgan oʻringa yangi deputat saylovi oʻtkazilmasligi mumkin.

14-bob. Senatni shakllantirish tartibi

75-modda. Senatni shakllantirish

Senat hududiy vakillik palatasi hisoblanadi.

Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi.

Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senatning vakolat muddati – besh yil.

76-modda. Senat aʼzolarining saylovini oʻtkazish muddati

Senat aʼzolarining saylovi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay oʻtkaziladi.

77-modda. Senat aʼzoligiga saylanadigan nomzodlarga qoʻyiladigan talablar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod boʻlishi mumkin.

78-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʻyicha qoʻshma majlisini oʻtkazish

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlisini (bundan buyon matnda qoʻshma majlis deb yuritiladi) chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qoʻshma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan (hammaga maʼlum qilinganidan) keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun qoʻshma majlislar oʻtkazilishini eʼlon qiladi.

Markaziy saylov komissiyasining qoʻshma majlislarni oʻtkazish sanasi, vaqti hamda joyi koʻrsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida, shuningdek uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi (hammaga maʼlum qilinadi).

Qoʻshma majlisni Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi ochib, eng obroʻli, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi toʻgʻrisida taklif kiritadi. Qoʻshma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hayʼat saylanadi, shuningdek tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.

79-modda. Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish

Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish qoʻshma majlisda amalga oshiriladi.

Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi.

Maslahat kengashi katta tajribaga ega boʻlgan eng obroʻli, katta yoshli deputatlar orasidan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bittadan vakil saylanadi.

Maslahat kengashi oʻz raisini saylaydi.

Maslahat kengashi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli deputatlar orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatadi va koʻrib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.

Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga koʻra qoʻshma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan Senat aʼzoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi.

Saylov byulleteniga olti nafardan kam boʻlmagan Senat aʼzoligiga nomzodlar kiritiladi.

80-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha ovoz berishni tashkil etish

Yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan toʻqqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi.

Sanoq komissiyasi:

Senat aʼzoligiga saylov boʻyicha ovoz berishni tashkil etadi va oʻtkazadi;

qoʻshma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni oʻtkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi;

saylov byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning tugʻilgan yilini koʻrsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi;

ovoz beruvchilarning roʻyxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi;

saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qoʻyadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosining imzosi qoʻyilgan boʻlishini taʼminlaydi;

ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi;

yashirin ovoz berish natijalarini qoʻshma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.

81-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha ovoz berish tartibi

Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni oʻtkazish tartibini eʼlon qiladi, komissiya aʼzolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan plombalaydi.

Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali oʻtib boradigan qilib oʻrnatiladi.

Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi hamda ovoz beruvchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi, shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.

Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan Senat aʼzoligiga nomzodlarning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “ü” yoxud “x” belgisini qoʻyish orqali toʻldiriladi.

Ovoz beruvchi toʻldirilgan saylov byulletenini koʻrinarli joyda turishi kerak boʻlgan saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qoʻyilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin.

Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek buzib qoʻyilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim (chap tomondagi yuqori burchakni qirqib qoʻyish orqali) va alohida saqlanadi.

82-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlash

Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz oʻtkaziladi.

Saylov qutisidagi saylov byulletenlari asosida Sanoq komissiyasi:

ovoz berishda ishtirok etgan deputatlarning umumiy sonini;

Senat aʼzoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulletenlariga qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi. 

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, ovoz berish chogʻida bitta ham kvadratga “+” yoki “ü” yoxud “x” belgisi qoʻyilmagan saylov byulletenlari, shuningdek yuz tomonida muhr va Sanoq komissiyasi aʼzolarining imzosi boʻlmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.

Yashirin ovoz berish natijalari boʻyicha bayonnoma tuziladi, bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda toʻldirilishiga va unga biron-bir tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

83-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha ovoz berish natijalarini aniqlash

Ovoz berish natijalariga koʻra boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar, basharti qoʻshma majlisda hozir boʻlgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan koʻprogʻi ularni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, saylangan deb hisoblanadi.

84-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha takroriy ovoz berish va ularning takroriy saylovi

Agar ovoz berish chogʻida belgilangan miqdorda Senat aʼzolari saylanmagan boʻlsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini toʻplamagan nomzodlar boʻyicha ana shu qoʻshma majlisning oʻzida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi.

Senat aʼzolarining takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

agar saylov haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;

agar takroriy ovoz berish natijasida belgilangan miqdorda Senat aʼzolari saylanmagan boʻlsa.

Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda takroriy saylov saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligi uchun oʻtkaziladi.

Senat aʼzolarining takroriy saylovi Senatga oʻtkazilgan asosiy saylovdan keyin koʻpi bilan oʻn besh kunlik muddat ichida oʻtkaziladi.

Saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish va takroriy saylov oʻtkazish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

85-modda. Senat aʼzolari saylovining yakunlari

Markaziy saylov komissiyasi qoʻshma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay Senat aʼzolarini roʻyxatga oladi, roʻyxatga olishdan keyin oʻn kun ichida esa guvohnoma va koʻkrak nishoni beradi.

Agar saylov davomida, ovozlarni sanab chiqish, yashirin ovoz berish natijalarini aniqlash chogʻida ushbu Kodeks talablari saylov natijalariga taʼsir qilgan tarzda buzilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, Markaziy saylov komissiyasi Senat aʼzolarining saylovini haqiqiy emas deb topishi mumkin.

86-modda. Senat aʼzolari saylovining yakunlari ustidan shikoyat qilish

Qoʻshma majlislarning, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

87-modda. Boʻshab qolgan oʻrinlarga Senat aʼzolari saylovini oʻtkazish

Boʻshab qolgan oʻrinlarga Senat aʼzolari saylovi tegishli qoʻshma majlislarda ushbu Kodeks talablariga rioya etilgan holda oʻtkaziladi.

Senat vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Senat aʼzosining oʻrni boʻshab qolsa, boʻshab qolgan oʻringa Senatning yangi aʼzosi saylovi oʻtkazilmasligi mumkin.

15-bob. Mahalliy Kengashlarga saylovning oʻziga xos xususiyatlari

88-modda. Mahalliy Kengashlarga saylov

Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida besh yil muddatga oʻtkaziladi.

89-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida siyosiy partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;

siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligi haqidagi maʼlumotnoma.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda eʼlon qilinadi.

90-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar 

Saylov kuni yigirma bir yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

Quyidagilar:

sodir etgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar soʻnggi besh yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qoʻmitasining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydi.

Sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan boʻshash toʻgʻrisida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinadi.

91-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatish tartibi

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod koʻrsatishga vakolatlidir.

Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov oʻtkazish boʻyicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerak.

Siyosiy partiyalar faqat oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatadi. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.

92-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiya tegishli organining rahbari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olishni iltimos qilib, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya tegishli organining deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;

siyosiy partiya tegishli organi majlisining mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va raqami koʻrsatiladi;

mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodning oʻz nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;

ushbu Kodeks 90-moddasining uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning, basharti ular mahalliy Kengashlar deputatlari etib saylangudek boʻlsa, egallab turgan lavozimidan boʻshash toʻgʻrisidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni roʻyxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalar rahbarlariga maʼlum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqlar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni tegishli saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

93-modda. Boʻshab qolgan oʻrinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazish

Deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov oʻtkaziladi.

Saylov tegishli mahalliy Kengash tomonidan saylov oʻtkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun qolganida, uchastka saylov komissiyalari esa oʻn besh kun qolganida tuziladi.

Tegishli mahalliy Kengashning vakolat muddati tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida deputatning oʻrni boʻshab qolgan taqdirda, boʻshab qolgan oʻringa yangi deputat saylovi oʻtkazilmasligi mumkin.

16-bob. Saylov natijalarini aniqlash va eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish)

94-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan shaxslarning umumiy sonini, saylov byulletenlari olgan saylovchilar sonini va saylov qutilaridagi saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir okrug, har bir nomzod boʻyicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.

Sanab chiqilgan saylov byulletenlari asosida uchastka saylov komissiyasi:

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini;

buzilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Saylov byulletenlariga qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari va masalalar boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, shuningdek ovoz berish chogʻida bittadan ortiq kvadratga “+” yoki “ü” yoxud “x” belgisi qoʻyilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qoʻyilmagan saylov byulletenlari haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining haqiqiyligi shubha tugʻdirganda, masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qoʻyish orqali hal etiladi. 

Ovoz beruvchi tomonidan byulletenni toʻldirish vaqtida xatoga yoʻl qoʻyilgan va uning oʻrniga yangi saylov byulleteni berilgan, bu haqda saylovchilar roʻyxatida hamda bekor qilingan buzilgan saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qoʻyilgan saylov byulleteni buzilgan hisoblanadi.

95-modda. Okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash

Okrug boʻyicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi:

okrug boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini;

saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;

ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasida aks ettirilgan, ovozlarni sanab chiqish chogʻida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, okrug saylov komissiyasi oʻz majlisida uchastka komissiyasiga ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif qilishga haqli.

Okrug boʻyicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi, boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

96-modda. Saylov natijalarini belgilash

Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalarining oʻziga kelib tushgan bayonnomalari asosida:

Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha yoki viloyat, tuman va shahar boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;

saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;

ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;

har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkita nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodga nisbatan koʻpchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida turli sabablar (nomzodning oʻlimi, nomzod sogʻligʻining saylovda ishtirok etishni istisno etuvchi holati yoki qonunda belgilangan boshqa sabablarga koʻra uning nomzodi olinganligi va hokazo) tufayli bitta nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Saylov, agar unda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning oʻttiz uch foizidan kami ishtirok etgan boʻlsa, oʻtmagan deb topiladi.

Saylov davomida yoʻl qoʻyilgan, ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari boʻyicha yoxud ayrim saylov uchastkalari boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va saylov yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida bu qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Mahalliy Kengashlarga oʻtkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ayrim saylov uchastkalari boʻyicha (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun – okruglar boʻyicha ham) saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar (okruglar) boʻyicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman boʻlib oʻtgan deb topilishi mumkin boʻlsa, tegishli komissiyaning qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.

Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.

97-modda. Saylov natijalarini eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga koʻra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin oʻn kundan kechiktirmay qabul qilinadi, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda eʼlon qilinadi (hammaga maʼlum qilinadi).

Mahalliy Kengashga oʻtkazilgan saylov yakunlari toʻgʻrisidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin oʻn kundan kechiktirmay qabul qilinadi va matbuotda eʼlon qilinadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida hammaga maʼlum qilinadi.

17-bob. Saylovni moliyalashtirish

98-modda. Saylovni davlat tomonidan moliyalashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovga, mahalliy Kengashlarga saylovga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Chet davlatlarning, ular jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.

Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar saylov oʻtkazish uchun oʻz mablagʻlarini ixtiyoriy ravishda berishi mumkin. Bu mablagʻlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi jarayonida ulardan foydalanish uchun qabul qilib olinadi.

99-modda. Saylov komissiyalarini moliyalashtirish

Markaziy saylov komissiyasini, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarini, okrug va uchastka saylov komissiyalarini saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan amalga oshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetida alohida satrda nazarda tutiladi.

Saylov komissiyalari ishiga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

100-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish

Siyosiy partiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovda, mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining bir nomzod hisobiga toʻgʻri keladigan miqdori Markaziy saylov komissiyasi va boshqa tegishli saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi. Bu haqdagi axborot Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek zarur hollarda, boshqa manbalarda eʼlon qilinadi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun davlat mablagʻlari shu partiyadan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin roʻyxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari:

tashviqot olib borishga;

nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot oʻtkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;

saylov kampaniyasini oʻtkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi.

Siyosiy partiyalar oʻzining saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi axborotni saylov yakunlari eʼlon qilinganidan keyin bir oy ichida oʻz rasmiy veb-saytlarida va bosma nashrlarida eʼlon qiladi.

18-bob. Yakunlovchi qoidalar

101-modda. Saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi

Saylov komissiyalari saylov kampaniyasini oʻtkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu Kodeks talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida oʻziga kelib tushgan murojaatlarini oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqishi, ushbu murojaatlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol koʻrib chiqib, javob qaytarishi shart.

Murojaatlar qaydlov daftarida roʻyxatga olinishi lozim.

Saylov komissiyasining raisi murojaatni koʻrib chiqish va unga doir qaror qabul qilish uchun tegishli komissiyani ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda chaqiradi va uning majlisini oʻtkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin.

Qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kirmaydigan uchastka saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaat uch kunlik muddatda tegishli organlarga murojaat yuborgan shaxs bu haqda xabardor qilingan holda yuboriladi.

Murojaatni koʻrib chiqqan saylov komissiyalari aʼzolari uni koʻrib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.

102-modda. Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa darhol koʻrib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

103-modda. Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish (hammaga maʼlum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish taqiqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?