Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida

10:03 07 Fevral 2019 Hujjatlar
497 0

Oʻzbekiston Respublikasining QONUNI

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 22 noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari
va normalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, shuningdek ushbu Qonunga hamda xalqaro shartnomalarning oʻz qoidalariga muvofiq tuziladi, bajariladi, tugatiladi va ularning amal qilishi toʻxtatib turiladi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimida

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari
va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

ahdlashuvchi tomon – xalqaro shartnomaning mustaqil tomoni sifatida ishtirok etayotgan hamda u kuchga kirganligidan yoki kirmaganligidan qatʼi nazar, ushbu xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga rozilik bildirgan davlat (davlatlar), xalqaro tashkilot (xalqaro tashkilotlar) va (yoki) xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt (boshqa subyektlar);

vakolatlar – bitta shaxsning yoki bir nechta shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlish huquqi boʻlib,
bu huquq Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining (mansabdor shaxsining) qarori asosida amalga oshiriladi va muzokaralarda ishtirok etayotgan tomonga
yoki depozitariyga:

muzokaralar olib borish va xalqaro shartnomaning matnini qabul qilish yoki uning autentikligini belgilash;

xalqaro shartnomani imzolash;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish;

xalqaro shartnomaga taalluqli boshqa harakatni amalga oshirish maqsadida beriladigan vakolatlar toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan tegishli tarzda rasmiylashtiriladi;

davlat organi ­– Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro shartnomalar tuzish huquqi berilgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirligi, davlat qoʻmitasi, shuningdek boshqa organi;

denonsatsiya – Oʻzbekiston Respublikasining oʻzi tuzgan xalqaro shartnomani tegishli tarzda rasmiylashtirilgan holda rad etishi va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish usullaridan biri;

depozitariy – xalqaro shartnoma qoidalariga muvofiq ushbu xalqaro shartnomaning asl nusxasi oʻziga saqlash uchun topshiriladigan va mazkur xalqaro shartnomaga nisbatan ushbu xalqaro shartnomada va xalqaro huquqda nazarda tutilgan vazifalarni bajaradigan davlat, xalqaro tashkilot yoki uning bosh ijrochi mansabdor shaxsi;

muzokaralarda ishtirok etayotgan tomon – xalqaro shartnomaning matnini tuzish va qabul qilishda ishtirok etayotgan davlat, xalqaro tashkilot va (yoki) xalqaro shartnomalarni tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt;

ratifikatsiya yorligʻi – xalqaro shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisida guvohlik beruvchi va xalqaro shartnomaning Oʻzbekiston Respublikasi uchun majburiy ekanligiga boʻlgan rozilikni ifodalovchi maxsus hujjat;

xalqaro tashkilot – oʻzining taʼsis hujjatiga muvofiq xalqaro xususiyatga ega muayyan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan va xalqaro huquqning subyekti boʻlish huquqiga ega boʻlgan davlatlararo (hukumatlararo) tashkilot;

xalqaro shartnoma ishtirokchisi – xalqaro shartnomaning mustaqil tomoni sifatida ishtirok etayotgan, xalqaro shartnomaning oʻzi uchun majburiy ekanligiga rozilik bildirgan va oʻzi uchun xalqaro shartnoma kuchga kirgan davlat, xalqaro tashkilot va (yoki) xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi – bitta hujjatdan, ikkita yoki bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan bir nechta hujjatdan iborat boʻlishidan, shuningdek oʻzining muayyan nomidan va tuzilish usulidan (shartnoma, bitim, konvensiya, akt, pakt, bayonnoma, xatlar yoki notalar almashinuvi hamda xalqaro shartnomaning boshqacha nomlari va tuzilish usullaridan) qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan chet davlat, xalqaro tashkilot yoxud xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt bilan yozma shaklda tuzilgan, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan xalqaro kelishuv;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini imzolash – xalqaro shartnomani tuzish bosqichi
yoxud Oʻzbe­kiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga boʻlgan roziligini, agar xalqaro shartnomada imzolash shunday kuchga ega ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasining
va muzokaralarda ishtirok etayotgan boshqa tomonlarning imzolash shunday kuchga ega boʻlishi kerakligi haqidagi kelishuvi boshqacha tarzda belgilangan boʻlsa yoki imzolashga shunday kuch berish maqsadi muzokaralarda ishtirok etayotgan tomon vakilining vakolatlaridan kelib chiqsa yoxud muzokaralar vaqtida bildirilgan boʻlsa, bildirish shakli;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish – xalqaro shartnomaning mazmunini shakllantirish, uning matnini qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishga doir tartib-taomillar ketma-ketligi;

qoʻshimcha shart – Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomani imzolash, ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish yoki unga qoʻshilish chogʻida qilingan har qanday taʼrifdagi va har qanday nomdagi bir tomonlama rasmiy yozma bayonoti boʻlib, u orqali xalqaro shartnoma muayyan qoidalarining Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllanilishi borasida bu qoidalarni istisno qilish
yoki ularning yuridik kuchini oʻzgartirish istagi ifodalanadi.

5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tili

Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili va boshqa ahdlashuvchi tomonning tili Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tilidir.

Boshqa ahdlashuvchi tomon bilan kelishuvga koʻra oʻzga til Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tili deb tanlanishi mumkin. Xalqaro shartnomaning matni qaysi tilda tuzilgan boʻlsa, oʻsha til mazkur shartnomaning matnida koʻrsatilib, matnda uning autentikligi va rasmiyligi belgilanadi.

6-modda. Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyektlar bilan oʻzaro munosabatlar

Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyektlar bilan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va ularni tugatish masalalari boʻyicha oʻzaro munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali amalga oshiriladi.

2-bob. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish tartibi

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish huquqi

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish huquqi davlatga tegishlidir.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari quyidagicha tuziladi:

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan – davlatlararo shartnomalar;

Oʻzbekiston Respublikasi Ґukumati nomidan – hukumatlararo shartnomalar;

davlat organlari nomidan oʻz vakolatlari doirasida – idoralararo shartnomalar.

8-modda. Xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash haqidagi tashabbustaklifi

Davlat organlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash haqidagi tashabbus taklifi bilan chiqishi mumkin.

Ayrim hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga koʻra davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun tashabbus taklifi kiritishi mumkin.

Tashabbus taklifiga quyidagi materiallar davlat tilida yoki zarur hollarda, boshqa tillarga tarjima qilingan holda ilova qilinadi:

xalqaro shartnomaning dastlabki loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnomaning matni yoxud ularning asosiy qoidalari;

xalqaro shartnomaning loyihasiga yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnomaga qoʻshimcha hujjatlar;

ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos boʻlgan tushuntirish xati.

9-modda. Xalqaro shartnoma loyihasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalaga doir tushuntirish xati

Xalqaro shartnoma loyihasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalaga doir tushuntirish xatida quyidagilar boʻlishi kerak:

Oʻzbekiston Respublikasi uchun xalqaro shartnomani tuzish maqsadga muvofiqligining va amaliy ahamiyatining asoslanishi, shu jumladan uning tuzilishidan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi batafsil axborot hamda xalqaro shartnoma tuzish orqali tartibga solish talab etiladigan masalalar haqidagi maʼlumotlar;

xalqaro shartnoma tuzilishi munosabati bilan qabul qilinishi, oʻzgartirilishi, qoʻshimcha kiritilishi va (yoki) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborot;

zarur hollarda, xalqaro shartnoma tuzish natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan moliyaviy-iqtisodiy oqibatlarning
yoki boshqa oqibatlarning baholanishi.

Tushuntirish xati xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan tayyorlanadi va ushbu organ rahbari tomonidan (uning yoʻqligida – birinchi oʻrinbosari tomonidan) imzolanadi.

10-modda. Xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish

Ekspertlar darajasida ishlab chiqish xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan manfaatdor davlat organlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligi borasida huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

Zarur hollarda, ekspertlar darajasida ishlab chiqish davomida xalqaro shartnoma loyihasini tuzish va koʻrib chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilish uchun manfaatdor davlat organlarining vakillari, mutaxassislar hamda mustaqil ekspertlardan iborat boʻlgan idoralararo ishchi guruh tuzilishi mumkin.

Agar xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatiga kirsa, barcha takliflarni umumlashtirish, xalqaro shartnoma loyihasini maromiga yetkazish va uning davlat tilidagi yoki zarur boʻlgan hollarda, boshqa tildagi matnini tayyorlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan davlat organining zimmasiga yuklatiladi.

Ekspertlar darajasida ishlab chiqish yakunlariga koʻra xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan tartibda huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza oʻtkazilganidan soʻng xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Chet el tomoni bilan xalqaro shartnoma loyihasining
yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnomada Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishi toʻgʻrisidagi masalaning keyingi ishlab chiqilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijobiy qarori olinganidan soʻng amalga oshiriladi.

Xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organining rahbari xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishning butun jarayoni uchun javobgar boʻladi.

11-modda. Xalqaro shartnoma loyihasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnining huquqiy                        ekspertizasi

Xalqaro shartnomaning loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnomaning matni ekspertlar darajasida ishlab chiqilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida majburiy huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.

Huquqiy ekspertiza chogʻida xalqaro shartnoma loyihasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnining:

xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari
va normalariga;

Oʻzbekiston Respublikasining boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga;

Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga;

yuridik texnika talablariga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rasmiylashtirish amaliyotiga muvofiqligi tekshiriladi.

Huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagilar kiritiladi:

davlat tilidagi yoki zarur hollarda, boshqa tildagi xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni;

ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos boʻlgan tushuntirish xati;

manfaatdor davlat organlari bilan ekspertlar darajasida ishlab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar,
shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertizasi natijalari qiyosiy jadval tarzida.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrib chiqilayotgan masala mavzusiga oid boshqa zarur materiallarni talab qilib olishga haqli.

12-modda. Xalqaro shartnoma loyihasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnining boshqa turdagi ekspertizasi

Xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik, lingvistik, shuningdek boshqa turdagi ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin.

Ekspertlar darajasida ishlab chiqishda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinishi mumkin.

Ekspertlarning xulosalari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi va xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.

Boshqa turdagi ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar
oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan
oʻz tashabbusiga koʻra yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan qabul qilinadi.

13-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish haqidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasining idoralararo shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan kiritiladi.

Xalqaro shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:

xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni yoki ularning asosiy qoidalari;

ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos boʻlgan tushuntirish xati;

tegishli davlat organlarining xulosalari;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
va Tashqi ishlar vazirligining oʻzlari oʻtkazgan huquqiy ekspertiza natijalariga doir xulosalari.

14-modda. Muzokaralar olib borish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash toʻgʻrisidagi qarorlar

Muzokaralar olib borish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash toʻgʻrisidagi qarorlar, agar Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa:

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;

Oʻzbekiston Respublikasining idoralararo shartnomalariga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, ushbu shartnomalar bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

15-modda. Muzokaralar olib borish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash vakolatlari toʻgʻrisidagi guvohnoma

Muzokaralar olib borish va xalqaro shartnomalarni imzolash vakolatlari ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq qabul qilingan qarorlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan vakolatlar toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish orqali tasdiqlanadi.

Vakolatlar toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

16-modda. Vakolatlarni koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat rahbari sifatida xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi hamda xalqaro huquqqa va Oʻzbekiston ­Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbe­kiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi, vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri
oʻz vazifalariga koʻra va xalqaro huquqqa muvofiq vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolashga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshligʻi yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot yoki konferensiya qoshidagi vakolatxonasi boshligʻi xalqaro shartnoma matnini qabul qilish maqsadida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat bilan yoki mazkur xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga haqli.

Davlat organining rahbari oʻz vakolati doirasida vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga va idoralararo shartnomalarni imzolashga haqli.

17-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qoʻshilish orqali yoki ahdlashuvchi tomonlar kelishib olgan boshqa har qanday usulda bildirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
ushbu Qonun talablarini hisobga olgan va xalqaro shartnoma qoidalaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish usulini aniqlaydi.

18-modda. Ratifikatsiya qilinadigan xalqaro shartnomalar

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida qonun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.

Quyidagi xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilinadi:

davlatlararo munosabatlarning asoslari haqidagi va oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi;

Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga daxldor masalalar boʻyicha, tinchlik shartnomalari va kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomalar;

Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan hududiy chegaralanishi toʻgʻrisidagi;

Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo ittifoqlardagi, xalqaro tashkilotlardagi va boshqa birlashmalardagi ishtiroki toʻgʻrisidagi;

bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari oʻzgartirilishini yoki yangi qonunlar qabul qilinishini talab etadigan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan boʻlsa.

Qaysi xalqaro shartnomalarni tuzish chogʻida muzokaralarda ishtirok etuvchi tomonlar kelgusida ularni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida kelishib olgan boʻlsa, oʻsha xalqaro shartnomalar xuddi shunday tarzda ratifikatsiya qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari boshqa xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qilishga haqli.

Davlatning xorijdan mablagʻ jalb qilishi toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar, shuningdek xalqaro kafolat shartnomalari ratifikatsiya qilinmaydi va Oʻzbekiston Respublikasi uchun ahdlashuvchi tomonlar belgilaydigan tartibda kuchga kiradi.

19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq imzolangan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq imzolangan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritiladi.

Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mustaqil ravishda yoki, agar shartnoma boshqa davlat organlarining vakolatiga kiradigan masalalarga daxldor boʻlsa, ular bilan kelishilgan holda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

20-modda. Ratifikatsiya yorligʻi

Xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunga asosan ratifikatsiya yorligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadi, uning muhri va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Ratifikatsiya yorligʻining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

21-modda. Ratifikatsiya yorliqlarini almashish va ularni saqlash uchun topshirish

Ratifikatsiya yorliqlarini almashish yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi yorliqlarni saqlash uchun depozitariyga topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoxud uning topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi, konsullik muassasasi yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot huzuridagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

22-modda. Ratifikatsiya qilinmaydigan xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish

Ratifikatsiya qilinmaydigan, lekin kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari oʻtkazilishi nazarda tutiladigan xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish:

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan xalqaro shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;

idoralararo shartnomalarga nisbatan – oʻz nomidan bunday shartnomalar imzolangan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

23-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi qaror:

ratifikatsiya qilinadigan shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan;

qaysi shartnomalar ratifikatsiya qilinmasa va ularga qoʻshilish Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan amalga oshirilsa, oʻsha shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;

idoralararo shartnomalarga nisbatan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomaning yoki uning qismining vaqtincha qoʻllanilishi

Agar xalqaro shartnomada xalqaro shartnoma yoki xalqaro shartnomaning bir qismi u kuchga kirguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan vaqtincha qoʻllanilishi mumkinligi nazarda tutilgan boʻlsa yoki ahdlashuvchi tomonlar oʻrtasida bu haqda kelishuvga erishilgan boʻlsa, ushbu xalqaro shartnoma yoki uning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan vaqtincha qoʻllanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomani yoki uning bir qismini vaqtincha qoʻllash toʻgʻrisidagi yoxud vaqtincha qoʻllashni tugatish haqidagi qaror xalqaro shartnomani imzolash haqida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.

25-modda. Xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi

Xalqaro shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi uchun ushbu Qonunga muvofiq hamda xalqaro shartnomada nazarda tutilgan yoki ahdlashuvchi tomonlar oʻrtasida kelishilgan tartibda
va muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi bildirilganidan soʻng kuchga kiradi.

26-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga doir qoʻshimcha shartlar

Xalqaro shartnomalarni imzolash, ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish yoki ularga qoʻshilish chogʻida shartnoma shartlariga va xalqaro huquq normalariga rioya etilgan holda qoʻshimcha shartlar qoʻyilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga doir qoʻshimcha shartlar qanday tartibda qoʻyilgan boʻlsa, xuddi shunday tartibda istalgan vaqtda olib tashlanishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga boshqa ahdlashuvchi tomon qoʻygan qoʻshimcha shartni qabul qilish
yoki unga qarshi eʼtiroz bildirish xalqaro shartnomaning oʻzidagi shartlarga va xalqaro huquq normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladigan organ (mansabdor shaxs) tomonidan amalga oshiriladi.

27-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining shartlariga hamda xalqaro huquqqa muvofiq ularning ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvga binoan oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Ushbu Qonunning xalqaro shartnomalar tuzishga oid qismidagi qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga nisbatan ham qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi uchun xalqaro shartnomalarning oʻzida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda yoki ularning ishtirokchilari oʻrtasida kelishib olingan boshqa tarzda kuchga kiradi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kuchga kirishi uchun ushbu shartnomalar shartlariga yoki xalqaro huquqqa muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi bildirilishi zarur boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining bunday roziligi ushbu Qonunning 17-moddasida koʻrsatilgan usullarda ifodalanishi mumkin.

28-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish)

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining oʻzida belgilangan shartlarga muvofiq yoki ularning ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra prolongatsiya qilinishi (muddati uzaytirilishi) mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasining ushbu xalqaro shartnomasini imzolash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.

3-bob. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini eʼlon qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash

29-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini eʼlon qilish

Oʻzbekiston Respublikasining kuchga kirgan xalqaro shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida hamda boshqa manbalarda, shu jumladan tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari eʼlon qilinadigan rasmiy manbadir. Qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini eʼlon qilishning boshqa rasmiy manbalari ham belgilanishi mumkin.

Autentik matnlari chet tillarda tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat tilida eʼlon qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinishi mumkin.

30-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini xalqaro tashkilotlarda roʻyxatdan oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatida va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli organlarida roʻyxatdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoki u bilan kelishilgan holda boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining roʻyxatdan oʻtkaziladigan idoralararo shartnomalarini tegishli xalqaro tashkilotlarda ushbu tashkilotlarning amaldagi qoidalariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish bunday shartnomalar qaysi davlat organlarining nomidan tuzilgan boʻlsa, oʻsha davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri va ularning saqlanishi

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va ularning elektron nusxalarini saqlashning yagona davlat tizimidir.

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari haqidagi, shu jumladan ularning rekvizitlarini va axborot-maʼlumotnoma tusidagi boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasarrufida boʻladi va u Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish hamda ularning asl nusxalarini va depozitariy tomonidan rasman tasdiqlangan nusxalarini saqlash tartibini belgilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilayotgan xalqaro shartnomalarning asl nusxalari (tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari) ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga saqlash uchun topshiriladi, ushbu hujjatlarning koʻchirma nusxalari esa, ular kuchga kirgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining tegishli davlat organlariga va boshqa tashkilotlariga yuboriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi idoralararo shartnomalarining asl nusxalari mazkur shartnomalar qaysi davlat organlari nomidan tuzilgan boʻlsa, oʻsha davlat organlarida saqlanadi, ushbu shartnomalarning tasdiqlangan koʻchirma nusxalari esa, ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligiga va boshqa manfaatdor davlat organlariga yuboriladi.

32-modda. Depozitariy vazifalarini amalga oshirish

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarning depozitariysi vazifalarini, agar ushbu shartnomalar shartlariga muvofiq bunday vazifalar Oʻzbekiston Respublikasining zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama idoralararo shartnomalari depozitariysining vazifalari, agar ushbu shartnomalar shartlariga muvofiq bunday vazifalar Oʻzbekiston Respublikasining zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, ushbu shartnomalar qaysi davlat organlarining nomidan tuzilgan boʻlsa, oʻsha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

4-bob. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini bajarishga doir chora-tadbirlar

33-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini bajarish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro huquq normalariga muvofiq ogʻishmay va majburiy tarzda bajariladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatini qabul qilish zarur boʻlgan hollarda, manfaatdor davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi normalarini implementatsiya qilish masalalari boʻyicha tegishli hujjat qabul qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda takliflar taqdim etadi.

34-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻradi va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi uchun javobgarlik oʻz zimmasiga yuklatilgan davlat organlari
va mansabdor shaxslarni oʻz vakolatlari doirasida belgilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini, bunday shartnomalardan kelib chiqadigan, Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli boʻlgan huquqlarga rioya etilishini taʼminlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining boshqa ishtirokchilari tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilishini kuzatib boradi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatlariga kirsa, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirish
oʻz zimmasiga yuklatiladigan davlat organini belgilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi.

35-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda yozma shaklda beriladi.

36-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan monitoring

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan monitoring Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron maʼlumotlar bazasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari har yili 31 dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining yil davomidagi bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborot yuboradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi davlat organlarining axborotini oʻrganish asosida:

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishi holati samaradorligiga baho beradi;

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini tegishli tarzda taʼminlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

har yili 1 martga qadar boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga umumlashtirilgan axborotni tegishli takliflar bilan kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida monitoringni amalga oshiradi.

37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron maʼlumotlar bazasi asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari hamda boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan birgalikda shartnomalarning yagona tarzda hisobga olinishini taʼminlash va ularning huquqiy maqomini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rejali asosda inventarizatsiyadan oʻtkazadi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining soʻrovnomasi asosida ikki haftalik muddat ichida taqdim etadi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amal qiluvchi
yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish, ularni prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) va qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor davlat organlarini Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.

38-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda koʻriladigan choralar

Davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilishi holati aniqlangan paytdan eʼtiboran bu haqda darhol Oʻzbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladi. Zarur boʻlgan hollarda, bunday buzilishga olib kelgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining boshqa ishtirokchilari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa manfaatdor davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga xalqaro huquq normalariga hamda xalqaro shartnomaning oʻz shartlariga muvofiq zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida takliflar taqdim etadi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan jiddiy tarzda buzilgan taqdirda, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda, bunday shartnoma ushbu Qonunning 40–48-moddalarida belgilangan tartibda tugatilishi yoki uning amal qilishi toʻxtatib turilishi mumkin.

5-bob. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining haqiqiy emasligi, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki uni tugatish

39-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining haqiqiy emasligi

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan hollarda haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin.

40-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish bunday shartnomaning barcha ishtirokchilariga nisbatan yoki uning ayrim ishtirokchisiga nisbatan:

xalqaro shartnoma qoidalariga muvofiq;

boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan maslahatlashuvlarga koʻra barcha ishtirokchilarning roziligi bilan istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.

41-modda. Shartnomani tugatish, denonsatsiya qilish yoxud undan chiqish toʻgʻrisidagi qoidalar mavjud boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish yoki undan chiqish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish toʻgʻrisidagi qoidalar mavjud boʻlmagan va uni denonsatsiya qilishni yoki undan chiqishni nazarda tutmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi, agar:

xalqaro shartnoma ishtirokchilari denonsatsiya qilish
yoki chiqish imkoniyatini qoldirish niyatida boʻlganligi belgilanmagan boʻlsa;

xalqaro shartnoma oʻz xususiyatiga koʻra uni denonsatsiya qilish yoki undan chiqish huquqini nazarda tutmasa, denonsatsiya qilinmaydi va undan chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish yoki undan chiqish niyati haqida kamida oʻn ikki oy avval xabardor qiladi.

42-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish yoki undan chiqish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish yoki undan chiqish:

xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq;

boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan maslahatlashuvlarga koʻra barcha ishtirokchilarning roziligi bilan istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.

43-modda. Oʻzbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi tuzilishidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish yoki uni tugatish

 

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi,
agar uning barcha ishtirokchilari xuddi shu masala boʻyicha keyingi shartnomani tuzgan boʻlsa va:

mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasining keyingi shartnomasi bilan tartibga solinishi ushbu keyingi shartnoma mazmunidan kelib chiqsa yoki shundayligi boshqacha tarzda belgilangan boʻlsa;

Oʻzbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasi qoidalariga zid boʻlsa va har ikkala shartnomani bir vaqtda qoʻllash mumkin boʻlmasa, tugatilgan deb hisoblanadi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasi ishtirokchilari uning amal qilishini toʻxtatib turish niyatida ekanligi Oʻzbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi mazmunidan kelib chiqsa yoki shundayligi boshqacha tarzda belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasining amal qilishi faqat toʻxtatib turilgan deb hisoblanadi.

44-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi jiddiy tarzda buzilganligi oqibatida uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki uni tugatish

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining shartnoma ishtirokchilaridan biri tomonidan jiddiy tarzda buzilganligi Oʻzbekiston Respublikasiga shartnomaning amal qilishini butunlay yoki qisman toʻxtatib turish yoki uni tugatish uchun bunday buzilishni asos qilib koʻrsatish huquqini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining jiddiy buzilishi quyidagilardan iborat:

xalqaro huquq normalarida yoʻl qoʻyilmaydigan tarzda xalqaro shartnomadan voz kechish;

shartnoma obyekti va maqsadining amalga oshirilishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan qoidaning buzilishi.

45-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini toʻxtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini toʻxtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mustaqil ravishda yoki boshqa davlat organlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga
yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Boshqa davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini toʻxtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi idoralararo shartnomalarining amal qilishini toʻxtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflar shartnoma oʻz nomidan tuzilgan davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

46-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror shartnomaning
oʻz shartlariga va xalqaro huquq normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini imzolash haqidagi qarorni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.

47-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan qonun loyihasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinadi.

48-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi VazirlarMahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tugatish yoxud denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ratifikatsiya qilinganlari mustasno) tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ratifikatsiya qilinganlari mustasno) tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining idoralararo shartnomalarini tugatish yoxud denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

49-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish oqibatlari

Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa yoki uning oʻzga ishtirokchilari bilan boshqacha kelishuv mavjud boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi amal qilishining toʻxtatib turilishi Oʻzbekiston Respublikasini ushbu shartnomaning amal qilishi toʻxtatib turilgan muddat davomida uni bajarish majburiyatidan ozod qiladi.

Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa yoki uning oʻzga ishtirokchilari bilan boshqacha kelishuv mavjud boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tugatilishi yoki denonsatsiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasini ushbu xalqaro shartnomani bajarish majburiyatidan ozod qiladi hamda shartnoma tugatilguniga qadar uni bajarish natijasida yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasining huquqlari, majburiyatlari yoki yuridik holatiga taʼsir qilmaydi.

50-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy xabarlar

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy xabarlar ushbu Qonunning
29-moddasida nazarda tutilgan tartibda eʼlon qilinadi.

51-modda. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma boʻlmagan xalqaro hujjatlariga nisbati

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma boʻlmagan xalqaro hujjatlari yuridik majburiyat yuklovchi qoidalarni oʻz ichiga olmasligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi kerak. Bunda shunday xalqaro hujjatlarda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga havola qilishga yoʻl qoʻyiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma boʻlmagan xalqaro hujjatlari, qoida tariqasida, deklaratsiyalar, bayonotlar, kommyunike, anglashuv memorandumlari, ahdlashuv bayonnomalari, hamkorlik rejalari va dasturlari shaklida qabul qilinadi.

Ushbu Qonun qoidalarining xalqaro shartnomalar tuzish tashabbusi bilan chiqishga va ularni imzolashga oid qismi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma boʻlmagan xalqaro hujjatlariga nisbatan ham qoʻllaniladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

53-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 1993 yil 7 mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi bilan xalqaro moliya institutlari oʻrtasidagi xalqaro zayom va kafolatli shartnomalar hamda bitimlarni tuzish va denonsatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida”gi 850–XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 5, 234-modda);

2) Oʻzbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi 172–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 12, 262-modda);

3) Oʻzbekiston Respublikasining 2003 yil 25 aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 482–II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 5, 67-modda) XIV boʻlimi;

4) Oʻzbekiston Respublikasining 2003 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 568–II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 yil, № 1–2, 18-modda) VIII boʻlimi;

5) Oʻzbekiston Respublikasining 2005 yil 14 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–11-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, № 12, 410-modda) 2-moddasi;

6) Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017 yil, № 9, 510-modda) 27-moddasi;

7) Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–476-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, № 4, 224-modda) 18-moddasi.

54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

55-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

56-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                                 Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 6 fevral

№ OʻRQ–518


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?