Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida

09:07 02 Iyul 2019 Hujjatlar
749 0

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 18-mayda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 21-iyunda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi faoliyatini tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining huquqiy maqomi

Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi (bundan buyon matnda Hisob palatasi deb yuritiladi) davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organidir.

Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va davlat tilida oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.

4-modda. Hisob palatasining asosiy vazifalari

Hisob palatasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti (bundan buyon matnda Davlat byudjeti deb yuritiladi) loyihasi shakllantirilishining va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligining tizimli tahlilini amalga oshirish;

qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish;

byudjet tizimi byudjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini oʻrganish hamda nazorat qilish;

byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali aniqlash hamda safarbar qilish;

byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash;

byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi hamda asosliligini baholash;

soliq, bojxona va byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, tizimli qoidabuzarliklar sabablarini, shuningdek xalqaro tajribani umumlashtirish hamda oʻrganish orqali byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga va chet davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari (bundan buyon matnda oliy darajadagi tashriflar deb yuritiladi) davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik ahamiyatga molik xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar (bundan buyon matnda strategik korxonalar deb yuritiladi) ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosatini, Oʻzbekiston Respublikasining aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish.

5-modda. Hisob palatasi faoliyatining asosiy prinsiplari

Hisob palatasi faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflikdan iboratdir.

6-modda. Qonuniylik prinsipi

Hisob palatasining mansabdor shaxslari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.

Qonun talablarini aniq bajarishdan va ularga rioya etishdan har qanday tarzda chekinish, buning sabablari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, qonuniylikning buzilishidir va u belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

7-modda. Mustaqillik prinsipi

Hisob palatasi oʻz vakolatlarini har qanday davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshiradi.

Hisob palatasi faoliyatiga davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining aralashuvi taqiqlanadi.

Hisob palatasi faoliyatini tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi.

8-modda. Xolislik prinsipi

Hisob palatasi oʻz faoliyatini ishlarning haqiqiy holatini aniqlash orqali, Hisob palatasining mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga subyektiv fikrlarning taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirishi shart. 

9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi

Hisob palatasi oʻz faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etiladi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi shart.

Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining, soliq hamda byudjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining loyihalari, shuningdek Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot yuzasidan Hisob palatasining xulosalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.

10-modda. Hisob palatasining boʻysunuvi va hisobdorligi

Hisob palatasi oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi, Prezidentga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobdordir.

2-bob. Hisob palatasining tuzilmasi va tarkibi

11-modda. Hisob palatasining tuzilmasi va tarkibi

Hisob palatasining tuzilmasi va shtatlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Hisob palatasi Hisob palatasining raisi, raisning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlaridan, shuningdek Hisob palatasining shoʻba mudirlari, bosh inspektorlari, yetakchi inspektorlari, inspektorlari hamda yordamchi xodimlaridan iborat tarkibda tuziladi.

12-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini va xodimlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish

Hisob palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan Hisob palatasining raisi rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi farmonlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlanadi.

Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.

Hisob palatasining shoʻba mudirlari, bosh inspektorlari, yetakchi inspektorlari va inspektorlari Hisob palatasi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.

Hisob palatasining yordamchi xodimlari Hisob palatasi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

13-modda. Hisob palatasi raisining vakolatlari

Hisob palatasining raisi:

Hisob palatasi ishini tashkil etadi va uning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni taqdim etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi, shu jumladan Davlat byudjetiga tushumlarning toʻliqligi taʼminlanishiga doir axborotni tizimli asosda taqdim etadi;

Hisob palatasining vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha nazoratni tashkil etish toʻgʻrisida farmoyish qabul qiladi;

Hisob palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari, komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari majlislarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida Hisob palatasi faoliyatiga taalluqli masalalarning koʻrib chiqilishida ishtirok etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi, koʻrib chiqish uchun masalalar kiritishi va koʻrilayotgan masala yuzasidan fikr bildirishi mumkin;

chet davlatlarning tegishli tashqi audit va moliyaviy nazorat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda ularning vakolatxonalari bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzadi;

Hisob palatasining mansabdor shaxslarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etadi.

14-modda. Hisob palatasi raisi birinchi oʻrinbosarining va oʻrinbosarlarining vakolatlari

Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari oʻz vakolatlarini qonun hujjatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentiga muvofiq amalga oshiradi.

15-modda. Hisob palatasi mansabdor shaxslarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi

Hisob palatasining mansabdor shaxslari xizmat majburiyatlarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari, komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida, ijro etuvchi hokimiyat organlari hayʼatlarining va boshqa davlat organlarining majlislarida Hisob palatasi faoliyatiga taalluqli masalalar koʻrib chiqilayotganda hozir boʻlish;

qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, nazorat obyektlarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish, ularning hujjatlari hamda materiallaridan foydalanish, har qanday ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni koʻzdan kechirish;

qalbakilashtirish, soxtalashtirish, talon-toroj qilish hollari aniqlangan taqdirda hamda mazkur gʻayriqonuniy harakatlarga chek qoʻyish uchun zarur hujjatlar va materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarni hisobga olgan holda olib qoʻyish, hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish dalolatnomalarini va olib qoʻyilgan hujjatlarning roʻyxatini tuzish hamda zarurat boʻlganda kassani, kassa xonalarini va xizmat xonalarini, omborlarni hamda arxivlarni muhrlash;

davlat organlarining mansabdor shaxslariga soʻrovlar yuborish;

nazorat obyektlarining mansabdor shaxslaridan nazoratni oʻtkazish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar, shuningdek hujjatlarning zarur boʻlgan tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini talab qilish va olish;

nazorat obyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatiga taalluqli barcha zarur hujjatlar, shu jumladan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan hujjatlar bilan tanishish;

nazorat natijalarini qayd etish uchun texnik vositalardan, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish vositalaridan foydalanish;

elektron maʼlumotlar bazalariga oid texnik hujjatlar bilan tanishish;

nazorat natijalari boʻyicha dalolatnomalar, maʼlumotnomalar va xulosalarni rasmiylashtirish, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish.

Nazorat obyektlarining rahbarlari Hisob palatasining mansabdor shaxslariga ishlash uchun zarur sharoitlar yaratishi shart.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari nazorat obyektlarining xoʻjalik faoliyatiga aralashishga, shuningdek olingan axborotni Hisob palatasi raisi tomonidan tegishli qaror qabul qilinguniga qadar oshkor etishga haqli emas.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari nazoratni oʻtkazish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlashi, nazoratni xolisona oʻtkazishi hamda uning natijalarini haqqoniy aks ettirishi shart.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari lavozim majburiyatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlik yuzaga kelganligi toʻgʻrisida Hisob palatasi raisiga maʼlum qilishi, shuningdek bunday toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari oʻzi oʻtkazgan nazorat natijalarining xolisligi va haqqoniyligi uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladi.

16-modda. Hisob palatasi mansabdor shaxslarining faoliyatidagi cheklovlar

Hisob palatasining mansabdor shaxslari:

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamda oʻzga tashkilotlarda boshqa lavozimlarni egallashga;

tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga;

oʻz vakolatlarini amalga oshirish davrida siyosiy partiyaga aʼzo boʻlishga haqli emas.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni, bunday aʼzolik mavjud boʻlgan taqdirda, toʻxtatishi shart.

3-bob. Hisob palatasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi

17-modda. Hisob palatasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi hamda axborot almashishi

Hisob palatasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda axborot, shu jumladan elektron shakldagi axborot almashishni amalga oshiradi.

Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilangan tartibda byudjet hamda smeta-shtat intizomini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar yuzasidan axborot almashishni amalga oshiradi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar Hisob palatasining zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishida unga oʻz vakolatlari doirasida yordam koʻrsatishi shart.

18-modda. Hisob palatasi qonuniy talablarining bajarilishi majburiyligi

Hisob palatasining qonuniy talablari, shu jumladan qonun hujjatlariga rioya etish, hujjatlarni, nazorat materiallarini va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, mutaxassislar ajratish, qonun hujjatlarini buzganlik faktlari boʻyicha hozir boʻlish va tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi talablari barcha davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlar tekin taqdim etiladi.

19-modda. Hisob palatasi qarorlarining bajarilishi majburiyligi

Hisob palatasining oʻziga berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari hamda mulkchilik shaklidan va boʻysunuvidan qatʼi nazar boshqa tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiydir.

4-bob. Hisob palatasining funksiyalari

20-modda. Hisob palatasining Davlat byudjeti loyihasi shakllantirilishining va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligining tizimli tahlilini amalga oshirish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi Davlat byudjeti loyihasi shakllantirilishining va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligining tizimli tahlilini amalga oshirish sohasida:

makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning va Davlat byudjeti loyihasining olib borilayotgan siyosatning ustuvorliklariga, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qabul qilingan maqsadli kompleks dasturlariga muvofiqligini baholashni amalga oshiradi;

Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar loyihalari shakllantirilishining tarmoqlar va hududlar kesimlaridagi tahlilini oʻtkazadi;

Davlat byudjeti daromadlari koʻrsatkichlari prognozining xolisligi va asosliligini hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini hamda soliq salohiyatini hisobga olgan holda baholashni amalga oshiradi;

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining, shuningdek navbatdagi yil uchun soliq va byudjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining loyihalari boʻyicha xulosalar beradi.

21-modda. Hisob palatasining qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish sohasida:

qabul qilinayotgan davlat dasturlari va hududiy dasturlar moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligining auditini oʻtkazadi;

davlat dasturlari va hududiy dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

davlat dasturlari va hududiy dasturlar amalga oshirilishining toʻliqligi hamda samaradorligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

22-modda. Hisob palatasining byudjet tizimi byudjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini oʻrganish hamda nazorat qilish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi byudjet tizimi byudjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini oʻrganish hamda nazorat qilish sohasida:

soliq va bojxona toʻlovlari yigʻilishi darajasining soliq turlari hamda hududlar kesimidagi tizimli tahlilini oʻtkazadi, uning tarmoqlar va hududlar kesimlarida pasayishiga taʼsir koʻrsatgan sabab-oqibat omillarini aniqlaydi;

Davlat byudjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar byudjetlarining shakllantirilishini nazorat qiladi hamda uning monitoringini yuritadi;

soliq solish obyektlari va soliq solinadigan baza qamrab olinishining toʻliqligi, manzilli yoʻnalishlar hamda nazorat dasturlarining shakllantirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shu jumladan soliq va boshqa davlat organlarining maʼlumotlar bazasini tahlil etish hamda monitoring qilish asosida nazoratni amalga oshiradi;

davlat mol-mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish hamda ijaraga berishdan olinadigan mablagʻlarning byudjet tizimi byudjetlariga tushumlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tahlil oʻtkazadi va nazoratni amalga oshiradi;

mulkida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini dividendlarning toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishi nuqtai nazaridan nazorat qiladi.

23-modda. Hisob palatasining byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali aniqlash hamda safarbar qilish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali aniqlash hamda safarbar qilish sohasida:

davlat organlari hamda oʻzga tashkilotlar soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun foydalanadigan maʼlumotlar bazasining ishonchliligini baholaydi;

iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari faoliyatining byudjet tizimi byudjetlariga qoʻshimcha tushumlar zaxiralarini aniqlashga yoʻnaltirilgan tahlilini amalga oshiradi;

soliq solish tizimini, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini tahlil qilish hamda baholash asosida byudjet tizimi byudjetlari daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash hamda ularning safarbar etilishini taʼminlash choralarini koʻradi;

daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning toʻliq yigʻilishini hamda soliq toʻlovchilar toʻliq hisobga olinishini taʼminlashda moliya va davlat soliq organlarining masʼuliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama koʻmaklashish choralarini koʻradi.

24-modda. Hisob palatasining byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash sohasida:

Davlat byudjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar byudjetlarining xarajatlar qismi ijro etilishi yuzasidan monitoring yuritadi;

byudjet mablagʻlaridan, davlat maqsadli jamgʻarmalarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlaridan maqsadli, oqilona hamda samarali foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining byudjet ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan chet el valyutasidagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qiladi;

davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Davlat byudjetining ijro etilishi va byudjet tizimi byudjetlarining barcha darajalarida davlat mablagʻlarining sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda davlat xarajatlarini qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash choralarini koʻradi;

moliya organlari, shu jumladan gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilishga doir vazifalarning bajarilishi samaradorligini tahlil qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlar shakllantirilishining qonuniyligi, ularning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan va baholashdan oʻtkazadi, ular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosalar taqdim etadi.

25-modda. Hisob palatasining byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiyaloyihalarining maqsadga muvofiqligi hamda asosliligini baholash sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi hamda asosliligini baholash sohasida:

byudjet tizimi byudjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining shakllantirilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi hamda nazorat qiladi;

byudjet tizimi byudjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining toʻliq hamda samarali bajarilishi ustidan nazorat qiladi.

26-modda. Hisob palatasining soliq, bojxona va byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, tizimli qoidabuzarliklar sabablarini, shuningdek xalqaro tajribaniumumlashtirish hamda oʻrganish orqali byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi soliq, bojxona va byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, tizimli qoidabuzarliklar sabablarini, shuningdek xalqaro tajribani umumlashtirish hamda oʻrganish orqali byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish sohasida:

zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida aniqlanadigan byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining turlarini hisobga oladi va tasniflaydi;

nazorat tadbirlari natijalarini, shuningdek byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishini, bunga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qiladi, byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

soliq va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishini, bunga olib kelayotgan sabablar hamda shart-sharoitlarni tahlil qiladi, mazkur qonun hujjatlarini takomillashtirish, soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish, shuningdek soliq stavkalarini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;

byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari amalga oshirilishining monitoringini oʻtkazadi va byudjet jarayonidagi chetga chiqishlarni aniqlaydi;

byudjet jarayonining va byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining xalqaro normalar hamda standartlarga muvofiqligini oʻrganadi.

27-modda. Hisob palatasining Oʻzbekiston Respublikasiningrespublika byudjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish sohasida:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining shakllantirilishi va ijro etilishini, ularning mutanosibligini tahlil qiladi hamda ular ustidan nazoratni amalga oshiradi;

yuqori turuvchi va quyi turuvchi byudjetlar oʻrtasidagi belgilangan umumdavlat soliqlari ajratmalari normativlarining, byudjetlararo ajratiladigan transfertlarning asosliligini oʻrganadi;

yuqori turuvchi va quyi turuvchi byudjetlar oʻrtasidagi xarajatlar boʻyicha majburiyatlarning chegaralanishi toʻgʻriligini baholaydi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishdan kelib chiqqan holda barcha darajadagi byudjetlar oʻrtasidagi moliyaviy resurslar nisbatini maqbullashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.

28-modda. Hisob palatasining Oʻzbekiston RespublikasiPrezidentining qarorlari va topshiriqlari, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish sohasida:

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolash uchun hujjatlarning asosliligini hamda ularni kelgusida amalga oshirish imkoniyatini tahlil qilgan holda bu hujjatlarni tayyorlashda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarga koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining maʼlumotlar bazalarini shakllantiradi;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashadi, tegishli tadbirlarning oʻz vaqtida hamda samarali ijro etilishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni yakuniy natijalarga erishish uchun ularni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrgan holda, shu jumladan joylarga chiqib tezkor choralar koʻrgan holda tizimli tahlil qiladi va aniqlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarilishi ustidan monitoringni va doimiy nazoratni amalga oshiradi hamda ularning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritadi;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi axboroti asosliligini birlamchi maʼlumotlar asosida oʻrganadi;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarning roʻyobga chiqarilishini chet ellik sheriklar va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan “telekoʻprik” tashkil etish orqali muntazam ravishda muhokama qilib boradi, ularning asoslantirilgan hisob-kitoblarga ega boʻlgan, aniq tashabbusli investitsiya loyihalarini taqdim etish borasidagi faoliyati samaradorligini baholaydi.

29-modda. Hisob palatasining Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosatini,Oʻzbekiston Respublikasining aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish sohasidagi funksiyalari

Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosatini, Oʻzbekiston Respublikasining aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish sohasida:

milliy valyutani mustahkamlash, uning xarid qobiliyatini oshirish, pul massasini va pul agregatlarini maqbullashtirish hamda bankdan tashqari pul aylanmasini qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlarni tahlil qiladi va baholaydi;

bank tizimining moliyaviy barqarorligini oʻrganadi va tahlil qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasining va toʻlov balansining holatini tahlil qiladi;

ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talab va taklifni oʻrganadi, milliy valyutaning ayirboshlanishi holati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish hajmlarini va maqsadga muvofiqligini baholashni, chet el kreditlari hamda grantlari mablagʻlaridan samarali va oqilona foydalanilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida olingan tashqi kreditlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

oltin-valyuta zaxiralarining qayta tiklanishi va ularga doir operatsiyalar ustidan nazoratni amalga oshiradi, tashqi aktivlarni boshqarish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qiladi, ularni xorijiy banklarga samarali joylashtirish va qayta joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, oltin-valyuta zaxiralari, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalar ustidan nazoratni taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u tomonidan vakolat berilgan organlar taraflarning biri sifatida qatnashayotgan oltin-valyuta zaxiralari bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish boʻyicha barcha qarorlarni kelishib oladi; 

valyuta, eksport va import operatsiyalari oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

davlat qarzini samarali boshqarish boʻyicha monitoring oʻtkazadi, ularga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishi ustidan nazorat qiladi.

5-bob. Hisob palatasining vakolatlari,nazorat shakllari va turlari

30-modda. Hisob palatasining vakolatlari

Hisob palatasi:

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa davlat organlaridan hamda oʻzga tashkilotlardan oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha materiallar, maʼlumotlar va tushuntirishlarni soʻrab oladi;

oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun real vaqt rejimida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan banklarning maʼlumotlar bazasidan foydalanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan davlat mablagʻlarining bank hisobvaraqlaridagi hamda yagona gʻazna hisobvaragʻidagi harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab oladi;

davlat organlarini va ularning vakillarini, nodavlat auditorlik xizmatlarini va ayrim mutaxassislarni nazorat oʻtkazish uchun oʻz vakolatlari doirasida jalb etadi;

Davlat byudjeti daromadlari prognozining toʻgʻriligini baholash, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning toʻliq yigʻilishini va soliq solish obyektlarining toʻliq hisobga olinishini taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan nazoratga moliya, soliq organlarining hamda boshqa davlat organlarining xodimlarini jalb etadi;

oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan dastlabki va yakuniy nazoratni amalga oshiradi;

siyosiy partiyalarga moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishi hamda bu mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining, shuningdek soliq va byudjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining loyihalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosalar taqdim etadi;

Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotning tashqi auditini va uni baholashni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning qonuniy shakllantirilganligi, maqsadli hamda samarali sarflanganligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil qilingan boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarining shakllantirilishi hamda ulardan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining, uning tarkibiy boʻlinmalari va muassasalarining moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

nazorat natijalari boʻyicha koʻrsatmalar, taqdimnomalar, tahliliy maʼlumotlar va xulosalar kiritadi;

nazorat oʻtkazish davrida jinoyat alomatlarini koʻrsatuvchi maʼlumotlar, shu jumladan korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, tegishli materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

nazorat natijalari boʻyicha davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilmaganligi uchun, shu jumladan ularning ijrosi jarayoni toʻgʻrisidagi axborot “ijro.gov.uz” axborot tizimi orqali toʻliq, haqqoniy tarzda va oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi, rasmiyatchilikka hamda masalalarni hal etish muddatlari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi uchun vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining, idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan hamkorlikni, shu jumladan byudjet tashkilotlari, byudjetdan mablagʻ oluvchilar, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarni birgalikda nazorat qilishni rejalashtirish va amalga oshirish masalalari boʻyicha hamkorlikni tashkil etadi;

Hisob palatasi bilan oldindan kelishib olinishi lozim boʻlgan barcha masalalar boʻyicha xulosa beradi;

byudjet va smeta-shtat intizomini buzganlikda, shuningdek Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortadi;

Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat boji toʻlamasdan sudga murojaat qilishga haqli.

31-modda. Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazoratning shakllari va turlari

Hisob palatasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va vakolatlar doirasida dastlabki hamda yakuniy nazorat tarzida taftish, tekshirish (shu jumladan byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining avvalgi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibida tekshirish) va oʻrganish shaklida nazoratni amalga oshiradi.

Hisob palatasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida koʻrsatmalar va taqdimnomalar qabul qiladi, shuningdek tahliliy maʼlumotlar hamda xulosalar tayyorlaydi.

32-modda. Koʻrsatma

Yakuniy nazorat jarayonida nazorat obyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatida va boshqa faoliyatida davlatga zarar keltirayotgan hamda shu sababli kechiktirmasdan barham berish talab etiladigan buzilishlar, shuningdek yakuniy nazorat natijalari boʻyicha, shu jumladan davlat organlari va oʻzga tashkilotlarning soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazasining haqqoniyligini tekshirishdagi buzilishlar aniqlanganda Hisob palatasi nazorat obyektlarining yoki yuqori tashkilotning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish, davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hamda qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish uchun koʻrsatma yuborishga haqli.

Hisob palatasining koʻrsatmasi Hisob palatasi raisi tomonidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilinadi.

Hisob palatasining koʻrsatmasi aniqlangan kamchiliklar va qonun hujjatlarining buzilishlari toʻgʻrisidagi hamda ularni bartaraf etish, shuningdek bunday buzilishlarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrish haqidagi talablarni oʻz ichiga olishi kerak.

Hisob palatasining koʻrsatmasi unda koʻrsatilgan muddatda yoki, agar muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u nazorat obyektiga kiritilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida bajarilishi kerak. Koʻrsatmani bajarish muddati Hisob palatasi raisining qarori bilan yana shu muddatga, lekin bir martadan oshmagan holda uzaytirilishi mumkin. Koʻrsatmaning bajarilishi natijalari boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Hisob palatasi nazorat obyekti rahbari yoki uning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan yozma shaklda xabardor qilinadi.

33-modda. Taqdimnoma

Yakuniy nazorat jarayonida Davlat byudjeti daromadlarining tasdiqlangan prognozi bajarilmaganligi va byudjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi kamaymaganligi aniqlangan taqdirda Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Davlat soliq qoʻmitasiga hamda Davlat bojxona qoʻmitasiga, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlariga hududiy moliya organlarining, davlat soliq va bojxona xizmati organlarining rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilmaganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarini, shuningdek oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining ijrosi toʻgʻrisidagi axborot “ijro.gov.uz” axborot tizimi orqali toʻliq, haqqoniy tarzda va oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun Hisob palatasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga ularning xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishga haqli.

Hisob palatasining taqdimnomasi Hisob palatasi raisi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilinadi.

Hisob palatasining taqdimnomasi aniqlangan kamchiliklar haqidagi axborotni va intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish, shuningdek bunday kamchiliklarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talabni oʻz ichiga olishi kerak.

Hisob palatasining taqdimnomasi kiritilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay bajarilishi kerak.

Taqdimnomaning bajarilishi natijalari boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar haqida Hisob palatasi yozma shaklda xabardor qilinadi.

34-modda. Tahliliy maʼlumot

Hisob palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining soʻrovlari boʻyicha oʻtkazilgan nazorat natijalari yuzasidan, shuningdek nazorat obyektining muayyan sohasini va faoliyatini oʻrganish natijalari yuzasidan tahliliy maʼlumot tayyorlanadi.

Tahliliy maʼlumot Hisob palatasi raisi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi.

Tahliliy maʼlumotda oʻtkazilgan oʻrganish yoki tahlil toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotlar, aniqlangan muammolar, mavjud toʻsiqlar va kamchiliklarning qisqacha tavsifi, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar koʻrsatilishi kerak.

35-modda. Xulosa

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari parametrlari shakllantirilishini tahlil qilish natijalari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash natijalari, siyosiy partiyalarga moliyaviy va boshqa mablagʻlarning kelib tushishi hamda bu mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat natijalari yuzasidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda Hisob palatasi tomonidan xulosa tayyorlanadi.

Xulosa Hisob palatasi raisi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentida belgilangan hollarda Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi.

36-modda. Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish

Hisob palatasining koʻrsatmalari va taqdimnomalarini bajarishdan boʻyin tovlash yoki oʻz vaqtida bajarmaslikda, maʼlumotlar bazasidan hamda axborotdan foydalanish imkoniyatini bermaslikda, bila turib notoʻgʻri axborotni taqdim etganlikda namoyon boʻladigan tarzda Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, shuningdek Hisob palatasining faoliyatiga aralashganlik va uning mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning hamda funksiyalarning qonuniy ravishda ijro etilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida biror-bir shaklda taʼsir koʻrsatganlik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

6-bob. Hisob palatasining faoliyatini tashkil etish

37-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamenti

Hisob palatasining faoliyati masalalari, Hisob palatasi mansabdor shaxslari oʻrtasida majburiyatlarning ichki taqsimlanishi, ishlarni yuritish tartibi Hisob palatasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Reglamentida belgilanadi.

38-modda. Hisob palatasining ishini rejalashtirish

Hisob palatasi oʻz faoliyatini Hisob palatasi vakolatlariga kiruvchi masalalar ustidan taʼsirchan tizimli nazoratni taʼminlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan nazorat ishlarining yillik dasturi asosida tashkil etadi. Nazorat ishlarining yillik dasturi Hisob palatasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining soʻrovlari asosida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari Hisob palatasi nazorat ishlarining yillik dasturiga kiritilishi shart.

Hisob palatasi nazorat ishlarining yillik dasturi ijrosini tashkil etish Hisob palatasining farmoyishi asosida amalga oshiriladi, bunda Hisob palatasining mansabdor shaxslari orasidan har bir nazorat tadbirini tashkil etish uchun masʼullar tayinlanadi.

39-modda. Hisob palatasining standartlari

Hisob palatasining standartlari Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlaridan, shuningdek Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlaridan iboratdir.

Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlari, shuningdek Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlari Hisob palatasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.

Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlari Hisob palatasida uslubiy taʼminlashni, ishlarni rejalashtirishni, hisobotlar tayyorlashni, boshqa davlat organlari va oʻzga tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni hamda Hisob palatasining boshqa ichki faoliyat turlarini tashkil etish va amalga oshirish xususiyatlari, qoidalari hamda tartib-taomillarini belgilaydi.

Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlari nazorat faoliyatining umumiy talablari, xususiyatlari, qoidalari hamda tartib-taomillarini belgilaydi.

7-bob. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish

40-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini huquqiy jihatdan himoya qilish kafolatlari

Hisob palatasining mansabdor shaxslari davlat himoyasida boʻladi.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari oʻz majburiyatlarini bajarish chogʻida faqat bevosita yoki toʻgʻridan-toʻgʻri rahbarga boʻysunadi.

Bevosita qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim Hisob palatasi mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashish, shuningdek Hisob palatasining mansabdor shaxslarini Hisob palatasi zimmasiga qonun bilan yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.

41-modda. Hisob palatasi mansabdor shaxslarining daxlsizligi kafolatlari

Hisob palatasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.

Hisob palatasining mansabdor shaxslarini maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasi Hisob palatasining raisi tomonidan hal etiladi.

42-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini moddiy va ijtimoiy jihatdan taʼminlash

Hisob palatasining raisi maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy xizmat va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisiga, Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga, Hisob palatasi raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga, Hisob palatasining masʼul xodimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi.

Hisob palatasining mansabdor shaxslariga lavozim maoshiga nisbatan alohida mehnat sharoitlari va uzoq muddatli uzluksiz ish staji uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamda miqdorlarda koeffitsiyentlar qoʻllanilgan holda har oylik ustamalar toʻlanadi.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qoʻshimcha toʻlovlar saqlanib qoladi.

Hisob palatasining mansabdor shaxslari avvalgi ish joyi boʻyicha xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlardan, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida amalda boʻlgan mehnat sharoitlarini hisobga olgan hamda lavozim maoshi va boshqa toʻlovlar miqdori saqlangan holda foydalanadi.

Hisob palatasida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.

Hisob palatasida ishlash davrida harbiy va maxsus unvonlarni berish avvalgi ish joyi boʻyicha nazarda tutilgan tartibda tegishli harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur boʻlgan muddatlar oʻtgandan soʻng amalga oshiriladi.

Mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi, majburiyatlarini namunali bajarganligi, shuningdek boshqa alohida xizmatlari uchun Hisob palatasining mansabdor shaxslari Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.

43-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini uy-joy bilan taʼminlash

Hisob palatasining mansabdor shaxslariga uy-joy ijarasi uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.

Hisob palatasining mansabdor shaxslariga imtiyozli uzoq muddatli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda uy-joy olish huquqi beriladi.

44-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini ish bilan taʼminlash kafolatlari

Hisob palatasining mansabdor shaxslariga ularning mehnat faoliyati tugaganidan soʻng, ular Hisob palatasiga qabul qilinguniga qadar egallagan avvalgi ishi (lavozimi), u mavjud boʻlmagan taqdirda esa, unga teng boʻlgan boshqa ish (lavozim) ularning davlat organlaridagi va boshqa tashkilotlardagi mutaxassisligi hisobga olingan holda beriladi, bundan mansabdor shaxsning malakasi yetishmasligi yoki sogʻligi holati tufayli bajariladigan ishga noloyiqligi yoxud mansabdor shaxsning oʻz mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun mehnat faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

45-modda. Hisob palatasining moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti

Hisob palatasi faoliyatining moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliya-xoʻjalik departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

46-modda. Xalqaro hamkorlik

Hisob palatasining chet davlatlarning tashqi audit va moliyaviy nazorat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda ularning vakolatxonalari bilan hamkorligi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

47-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

48-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

49-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

50-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun 2020-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                                                     Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 1-iyul

№ OʻRQ—546


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?