“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqulllandi

11:51 28 Fevral 2020 Siyosat
242 0

Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi ishi davom etmoqda. Senatorlar majlis kun tartibidagi masalalarni koʻrib chiqishga kirishdi.

Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24-yanvar kuni parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida muhim qadam qoʻyish va mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi maqomini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrish zarurligini qayd etdi. 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish taklif etildi. Bu 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning hayotidagi eng jiddiy muammo hisoblanadi.

Qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qoʻyganligi taʼkidlandi. Qonunda fuqarolik sohasidagi maʼmuriy tartib-taomillarni yana-da soddalashtirish, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?