Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

02:53 05 Aprel 2019 Hujjatlar
1754 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasining QONUNI

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-fevralda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 28-fevralda maʼqullangan

1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 82-modda; 2003-yil, № 9–10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:

1) 36-modda:

birinchi qismining 10, 11 va 12-bandlari quyidagi mazmundagi 10, 11, 12 va 13-bandlar bilan almashtirilsin:

“10) qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;

11) meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kimoshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda boʻlgan taqdirda esa — garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida. Foydalanilmayotgan yer uchastkalari ularning avvalgi egalari toʻlagan qiymat ushbu egalarga kompensatsiya qilingan holda olib qoʻyiladi;

12) fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq fermer yoki dehqon xoʻjaligining Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi tugatilganda;

13) yer uchastkasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qoʻyilganda”;

toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3, 5–11-bandlarida koʻrsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga koʻra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha tumanlar, shaharlar, viloyatlar hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 12-bandida koʻrsatilgan holda tugatish tegishli tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining taklifiga koʻra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tumanlar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin”;

beshinchi qismidagi “1, 2, 6 — 10, 12” raqamlari “1, 2, 6 —10, 12, 13” raqamlari bilan almashtirilsin;

2) 84-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldirilsin:

“Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urugʻlar, koʻchatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning koʻpaytirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoringni amalga oshiradi.

Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi aʼzolari boʻlgan fermer, dehqon xoʻjaliklariga hamda tomorqa yer egalariga tegishli yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishga haqli”.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 602–I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 26-avgustda qabul qilingan 662–II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 9, 162-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 3, 119-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 9, 248-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 12, 781-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:

1) 25-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Fermer xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiydir”;

2) 32-moddaning oltinchi xatboshisi “shuningdek Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq tugatilishi munosabati bilan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 604–I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 88-modda; 2001-yil, № 1–2, 23-modda, № 5, 89-modda; 2003-yil, № 9–10, 149-modda; 2004-yil, № 1–2, 18-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2010-yil, № 9, 334-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2018-yil, № 12, 781-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:

1) 22-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Dehqon xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiydir”;

2) 25-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urugʻlar, koʻchatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning koʻpaytirilishi yuzasidan uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoring oʻtkazishga haqli”.

4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan 713–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 4-modda; 2001 yil, № 5, 89-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 260-modda; 2007-yil, № 1, 3-modda, № 4, 156-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 365-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 673, 676-moddalar; 2019-yil, № 1, 1-modda) 32-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Turar joy mulkdorining oila aʼzolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega boʻlmagan boʻlsa, faqat oʻzaro kelishuvga binoan mulkdorning oila aʼzolari deb tan olinishi mumkin”.

5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 4-aprelda qabul qilingan 353–II-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4–5, 63-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 7, 369-modda, № 10, 536-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda) 53-moddasining uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish uchun yer uchastkalari berilganda (realizatsiya qilinganda) tumanlarning, shaharlarning hokimlari qurilish moʻljallangan joyga tutash boʻlgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish, shuningdek obyektlarning qurilish muddatlariga rioya etish talablarini belgilaydi. Obyektning qurilishi loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan muddatda tugallanmagan taqdirda, ushbu muddat loyiha-smeta hujjatlarida mavjud boʻlmaganda esa, qurilish boshlangan sanadan eʼtiboran ikki yil ichida tugallanmasa, obyektning qurilishi (bundan yakka tartibdagi uylarni qurish uchun berilgan yer uchastkalari mustasno) tugallanmagan deb hisoblanadi”.

6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyulda qabul qilingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi OʻRQ–163-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 3-iyunda qabul qilingan OʻRQ–387-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 6, 227-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:

1) 3-modda:

quyidagi mazmundagi yigirma birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

xalqaro obligatsiya — sotiladigan emissiyaviy qimmatli qogʻoz boʻlib, u emitent tomonidan chiqariladi va moliyaviy tashkilotlarning guruhi tomonidan joylashtiriladi, emitentning mamlakatidan tashqari bir yoki undan koʻproq davlatda taklif etiladi, birlamchi ravishda (shu jumladan obuna boʻyicha) faqat ushbu guruh orqali sotib olinadi”;

yigirma birinchi — qirq oltinchi xatboshilari tegishincha yigirma ikkinchi — qirq yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;

2) 15-modda:

ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi “qimmatli qogʻozlarni” degan soʻzlardan keyin “bundan xalqaro obligatsiyalar mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;

uchinchi qismidagi “qogʻozlarning qiymati” degan soʻzlar “qogʻozlarning qiymati, bundan xalqaro obligatsiyalar mustasno” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

3) 39-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining mutlaq vazifalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga kiritilgan qimmatli qogʻozlarni hisobga olish boʻyicha vazifalari xalqaro obligatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi”.

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

8-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonunning 1-moddasi 1-bandining uchinchi xatboshisi, 5-moddasi mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 4 aprel

№ OʻRQ–533


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?