Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi raisligi konsepsiyasi

15:27 04 Fevral 2020 Siyosat
256 0

Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi (MDH, Hamdoʻstlik) raisligi MDHni yana-da rivojlantirish Konsepsiyasi hamda Tashkilot doirasida hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilingan rejalar va dasturlarga asoslangan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi bir vaqtning oʻzida Davlat rahbarlari kengashida, Hukumat rahbarlari kengashida, Tashqi ishlar vazirlari kengashida, Iqtisodiy kengashda va Hamdoʻstlikning boshqa tuzilmalari huzuridagi aʼzo davlatlarning doimiy vakolatli vakillari kengashida, MDH Iqtisodiy kengashi huzuridagi Iqtisodiy masalalar boʻyicha komissiyada ham raislik qiladi.
Oʻzbekistonning raisligi MDHning asosiy hujjatlariga muvofiq tarzda vorislik tamoyilidan kelib chiqadi va rivojlanishning jadal dinamikasini, ishtirokchi davlatlar xalqlarining farovonligini va hayot sifatini yuksaltirishni taʼminlash maqsadida birinchi galda tashkilot ishtirokchi davlatlarining tenglik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish va hisobga olishga asoslangan sherikchilik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston raisligining ustuvor yoʻnalishlari quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratiladi:
Hamdoʻstlikni mintaqaviy davlatlararo tashkilot sifatida yana-da mustahkamlash va rivojlantirish, MDHning xalqaro maydondagi nufuzini hamda Tashkilotning koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini hal qilishdagi rolini oshirish;
koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash va Tashkilot ishtirokchi davlatlarining MDH doirasida ilgari surayotgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarini birlashtirish;
ishtirokchi davlatlarning tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi sherikchilikni faollashtirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish va ularni turli xalqaro maydonlarda ilgari surish;
MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;
MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;
MDH erkin savdo zonasining rivojlanishi va toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi, yana-da koʻproq iqtisodiy hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, tovarlar oqimining tuzilishini diversifikatsiya qilish boʻyicha faoliyatni faollashtirish va tovar aylanmasi, jumladan qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan tovarlar va boshqa talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, bojxona tartibini soddalashtirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish chogʻida “yashil yoʻlaklarni” yana-da kengroq joriy qilish;
transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va yana-da takomillashtirish, shuningdek, Hamdoʻstlik davlatlarining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, kelishilgan va samarali tarif siyosatini amalga oshirish, yuk tashishning qoʻshimcha hajmlarini jalb qilish va yangi transport marshrutlarini tashkil etish, logistika markazlarini rivojlantirish;
terroristik va ekstremistik kuchlarga, narkotrafikka, uyushgan jinoyatchilikka va kibertahdidlarga qarshi birgalikda va harakatlarni muvofiqlashtirgan holda kurashish, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar oʻrtasida hamkorlik qilish;
harbiy sohadagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash va harbiy-texnik hamkorlik darajasini oshirish, MDH ishtirokchi davlatlari oʻrtasidagi amaldagi shartnoma va bitimlar doirasida qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqish;
MDH doirasida ilmiy-texnik sherikchilik va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
sanoat va qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga, moliya sektoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda elektron xizmatlardan foydalanishni kengaytirish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish;
madaniy-gumanitar aloqalarni, taʼlim yoʻnalishida va yoshlar almashinuvlarini, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish.
Oʻzbekistonning raisligi davrida yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan kompleks va izchil choralar amalga oshiriladi.
Hamdoʻstlikni yana-da rivojlantirish va MDH ishtirokchi davlatlarining integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari samaradorligini oshirish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq qilishni hamda Tashkilot tuzilmalari faoliyatining zamonaviy voqelikka moslashishini koʻzda tutuvchi yangi tahrirdagi Hamdoʻstlikni yana-da rivojlantirish Konsepsiyasini qabul qilishni tezlashtirish boʻyicha ishlar faollashtiriladi.
Tashqi siyosat sohasida siyosiy muloqotlar amaliyoti saqlab qolinadi, jumladan tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha, MDH ishtirokchi davlatlarining xalqaro tashabbuslarini roʻyobga chiqarish masalalari borasida maslahatlashuvlar oʻtkazish davom ettiriladi.
Parlamentlararo hamkorlik sohasida Hamdoʻstlik nizomidagi vazifalarni amalga oshirishda parlamentariylarning rolini mustahkamlash maqsadida “parlament diplomatiyasi”, xususan MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasida hamkorlikni faollashtirish uchun mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Iqtisodiy hamkorlik sohasida saʼy-harakatlar MDHning 2030-yilgacha boʻlgan davr uchun Iqtisodiy rivojlanish strategiyasini va uning birinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Tadbirlar rejasini tayyorlashga, oʻzaro savdoda qulay sharoitlar yaratishga, jumladan bojxona tartibini soddalashtirishga, savdodagi mavjud istisno va cheklovlarni, xususan texnik toʻsiqlarni bartaraf etishga hamda ishtirokchi davlatlar hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, jumladan MDHning 2030-yilgacha boʻlgan mintaqalararo va chegaradosh hududlar hamkorligi Konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga yoʻnaltiriladi.
2020-yilda Oʻzbekistonda turli yoʻnalishlar boʻyicha hududlararo hamkorlikni faollashtirish maqsadida MDH hududlari Forumi oʻtkaziladi.
Transport sohasida yangi transport marshrutlarini tashkil etish, MDH davlatlarining tranzit salohiyatidan keng foydalanish boʻyicha aniq choralarni nazarda tutuvchi Tashkilot ishtirokchi davlatlarining
2030-yilgacha hamkorligining Ustuvor yoʻnalishlarini tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va maxsus xizmatlarning hamkorligi sohasida terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashishda 2019-2023-yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Davlatlararo qoʻshma chora-tadbirlar dasturini, 2020-2022-yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zoʻravonlik koʻrinishlariga qarshi kurashishda MDH ishtirokchi davlatlarining Hamkorlik dasturini hamda Tashkilot ishtirokchi davlatlarining axborot xavfsizligini taʼminlash Strategiyasini amaliy bajarish borasida maqsadli ishlar yoʻlga qoʻyiladi.
Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik sohasidagi harakatlar hamkorlikning erishilgan darajasini saqlab qolish va rivojlantirishga, shuningdek MDH ishtirokchi davlatlarining 2025-yilgacha boʻlgan harbiy hamkorligi konsepsiyasini tayyorlash yoʻli bilan yangi istiqbolli yoʻnalishlarni taraqqiy ettirishga va rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik sohasida MDH ishtirokchi davlatlarining 2030-yilgacha boʻlgan Hukumatlararo innovatsion hamkorlik dasturini tayyorlash boʻyicha ishlar tashkil etiladi. Mazkur dasturning amalga oshirilishi ilmiy-texnologik ishlanmalar va ixtirolardan samarali foydalanish, uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini amalga oshirish va innovatsion loyihalarni amalga chiqarish uchun resurslarni jamlash imkonini beruvchi ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirishni koʻzda tutadi. Jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida informatsion hamkorlik toʻgʻrisida Bitimni qabul qilish boʻyicha ishlar faollashtiriladi.
Madaniy-gumanitar sohadagi harakatlar yoshlar siyosati, madaniyat va sport, fan va taʼlim, sogʻlikni saqlash hamda turistik aloqalarni kengaytirish jabhasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratiladi.
2021-2030-yillar uchun moʻljallangan yoshlar hamkorligi, turizm hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish boʻyicha uchta Strategiyalarni tayyorlash borasidagi ishlar tashkil etiladi. Bu ishtirokchi davlatlarning har birida galma-gal MDH davlatlarining har yilgi turizm yarmarkalarini va Madaniyat kunlarini oʻtkazishni, Hamdoʻstlik ijodkor yoshlarining har biri aniq mavzuga bagʻishlangan muntazam uchrashuvlarini tashkillashtirishni hamda MDH mamlakatlari madaniy merosining virtual muzeyini yaratishni v.h. nazarda tutadi. Oʻzbekiston Respublikasi “Hamdoʻstlikning madaniy poytaxti” Davlatlararo dasturini kelgusida ham amalga oshishida faol ishtirok etadi.
MDH Davlat rahbarlari kengashining 2017-yil 11-oktyabrdagi 2020-yilni Hamdoʻstlikda 1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushidagi gʻalabaning 75 yilligi yili deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorini bajarilishi tinchlik, hamfikrlik va doʻstlik muhitini, shu jumladan MDH yoshlari oʻrtasidagi mustahkamlashga yoʻnaltirilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga imkon beradi
1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushidagi gʻalabaning 75 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni nishonlash boʻyicha asosiy chora-tadbirlar Rejasini bajarish, jumladan ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, harbiy-ilmiy ishlar boʻyicha xalqaro tanlovlar, badiiy va hujjatli film kinofestivali hamda harbiy orkestrlarning musiqiy festivali va boshqa qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hamdoʻstlik xalqlari hayot darajasini yaxshilash uchun qulay sharoitlarni yaratishdagi MDHning rolini yana-da kuchaytirish va tashkilotning nufuzini mustahkamlash maqsadida koʻp tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlaridagi ishlarni faollashtirishda bor imkoniyatlarni ishga soladi.
Oʻzbekiston tomoni MDHdagi raislik vazifalarini Hamdoʻstlik ishtirokchi davlatlari, tuzilmalari hamda MDH Parlament Assambleyasi bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda amalga oshiradi va oʻz raisligi davrida Tashkilotga aʼzo davlatlarning koʻmagiga hamda taklif etiladigan tadbirlarda ularning faol ishtirok etishiga umid bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?