O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

20:02 09 Avgust 2018 Hujjatlar
116 0

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yuqori malakali murabbiy kadrlarni jalb qilgan holda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoaning amaldagi a’zolari bilan doimiy aloqani ta’minlash, shuningdek, shaxmatni insonning aql va tafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatida yanada ommalashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining:

majburiy maktab dasturlari doirasida ilovaga muvofiq 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitishni tashkil qilish;

Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tasarrufiga berish;

2018 yil 1 sentyabrdan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha shaxmat klublari hamda shaxmatga o‘qitish va shaxmatchilar tayyorlashni amalga oshiruvchi boshqa sport muassasalari (keyingi o‘rinlarda shaxmat klublari deb yuritiladi) O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda majburiy akkreditatsiyadan o‘tkazilishi tartibini belgilash;

shaxmat klublari tomonidan o‘zlarining faoliyatlari haqida har chorakda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga hisobotlar taqdim qilish mexanizmini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda:

shaxmat klublarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;

respublikadagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmatga o‘qitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini;

shaxmat klublari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar shaklini tasdiqlash tavsiya etilsin.

3. Belgilansinki:

Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘z faoliyatini to‘liq o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida olib boradi, xo‘jalik va moliyaviy faoliyat masalalarini mustaqil ravishda hal qiladi;

Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi faoliyatini moliyalashtirish uning o‘z mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda 2018 yil 20 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmatga o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturlarini tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

barcha shaxmat klublarining pasportlashtirishdan o‘tkazilishini ta’minlasin;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2018 yil 9 avgust


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?