Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

11:28 10 Sentyabr 2019 Hujjatlar
164 0

Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining Qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF–5815-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 57 nafardan iborat markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Agentlik direktori uning taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 3 nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega;

Agentlik direktori mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shartlariga koʻra vazirga, uning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, oʻrinbosarlari — tegishli ravishda vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;

Agentlikning shtatlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hududiy organlaridagi 57 ta ishlab chiqarish xodimlari shtat birligini optimallashtirish hisobidan jamlanadi.

3. Agentlik direktoriga:

zarur hollarda, Agentlik tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtatlari soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Agentlik xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;

istisno tariqasida, idoraviy boʻysunuvdagi tashkilotlarni tashkil etish va ularni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, xorijiy ekspertlarni shartnoma asosida ishga jalb qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning, shuningdek, ular yotoqxonalarining shtat jadvalini tasdiqlash huquqi berilsin.

Agentlik direktori bir oy muddatda Agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash uchun uni zarur bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida 2019-yilda Agentlik taʼminoti uchun mablagʻlarni ajratsin, 2020-yildan boshlab esa har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

4 ta xizmat avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin, shuningdek, Agentlikka ularni xarid qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

Agentlikka asoslantirilgan hisob-kitoblarga koʻra aniq xarajatlardan kelib chiqqan holda moddiy-texnik bazani shakllantirish uchun zarur uskunalarni xarid qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va maʼmuriy binolarni taʼmirlashga 2019-yilda 3 milliard soʻm, 2020-yilda esa 7 milliard soʻmgacha mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Agentlikning joylashtirilishini taʼminlasin;

Agentlik toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, eng yangi oʻquv-laboratoriya, ilmiy, ishlab chiqarish va sport uskunalari, anjomlar, inventar va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash dasturini tasdiqlasin;

2020 — 2025-yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini koʻrib chiqish uchun kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Agentlik bilan birgalikda har yili:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarining turli fanlardan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishini;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarining xorijiy madaniy-maʼrifiy safarlarini;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning pedagog xodimlarining ilgʻor xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtishini tashkillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

8. Xalq taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A. A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 9-sentyabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?