Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa ittifoqi (YEI) oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligiga 25 yil toʻldi

10:27 04 Dekabr 2019 Jamiyat
179 0

Yaqinda poytaxtda Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa ittifoqi (YEI) oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 25 yilligiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.

Unda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, shuningdek Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi aʼzosi, Oʻzbekiston-YEI Parlament hamkorligi qoʻmitasi aʼzosi Oral Ataniyazova Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nomidan davra suhbati ishtirokchilarini qutladi.

Senator oʻz soʻzida qayd etganidek, Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab barqaror rivojlanmoqda. 1999-yildagi Oʻzbekiston Respublikasi va YEI oʻrtasidagi sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim ikki tomonlama munosabatlar rivoji uchun poydevor yaratdi. Jumladan, tomonlar faol siyosiy muloqot olib bormoqda, oʻzaro samarali savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilgan, investitsiyaviy faollik oshmoqda. Shu bilan birga, demokratiya va inson huquqlarini taʼminlash masalalari yuzasidan hamkorlik olib borilmoqda. Shuningdek, madaniyat sohasida ham rivojlanmoqda.

Senator shoʻba yigʻilishida ham soʻzga chiqdi. Uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyotining islohotlari va ustuvor yoʻnalishlari, yuzaga kelgan masalalar va innovatsion yechimlar, shuningdek YEIning Markaziy Osiyo uchun yangi Strategiyasi, jumladan hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar masalalari muhokama etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?