Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019-yildagi faoliyati haqida axborot tinglandi

18:05 28 Fevral 2020 Siyosat
375 0

Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitdilar.

Taʼkidlanganidek, Tashqi siyosiy aloqalarni yana-da rivojlantirish boʻyicha vazirlik tomonidan muayyan ish olib borilgan. Vazirlikning bevosita va faol ishtirokida 2019-yilda davlatimiz rahbari hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining 20 ta tashrifi tashkil etildi. Oliy darajadagi tashriflar va tadbirlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Hukumati tomonidan xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 138 ta “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qator yuqori darajadagi tadbirlar, xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvi oʻtkazildi. Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ishtirokida sarmoyaviy biznes-forumlar oʻtkazildi, potensial xorijiy investorlarning koʻplab tashriflari amalga oshirildi.

Mamlakatimizning tashqi siyosiy faoliyati qonunchiligini yana-da takomillashtirish boʻyicha ikki tomonlama oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama xalqaro shartnoma imzolandi, 28 ta koʻp tomonlama xalqaro hujjat ratifikatsiya qilindi.

Shu bilan birga, vazirlik faoliyatida bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, vazirlik va Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalarining axborot-tahlil faoliyati natijadorligi oʻta sust boʻlib qolmoqda. Ishonchli maʼlumot manbalarining kamligi, asosan ommabop maʼlumotlarga tayangan axborotnomalarning tayyorlanishi har tomonlama chuqur ishlab chiqilgan dolzarb tashqi siyosiy tashabbus va takliflarning taqchilligiga olib kelmoqda.

Shuningdek, soʻzga chiqqanlar tomonidan iqtisodiy diplomatiya samaradorligining oʻta pastligi qayd etildi. Vazirlik hisobotiga koʻra respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 1200 dan ortiq biznes-forum oʻtkazildi, 3700 dan ortiq oʻzaro tashrif amalga oshirildi. Ammo ularning amaliy natijasi deyarli yoʻq, ayrim hollarda tadbirlar nomiga va samarasiz oʻtkazilmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish boʻyicha har tomonlama puxta oʻylangan aniq maqsadli rejalar ishlab chiqilishiga hanuzgacha yuzaki qaralmoqda. Xorijiy mamlakat kompaniyalarining takliflariga tegishli tashkilotlarning javob bermasligi, qayta aloqaning yoʻqligi natijasida loyihalarni koʻrib chiqish muddati choʻzilib ketmoqda. Idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish masalasi hanuzgacha toʻliq hal etilmagan. Ayol kadrlarni yuqori diplomatik lavozimlarga tayyorlash ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan vazirlik faoliyatini takomillashtirishga doir qator tavsiyalar bildirildi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligining axborot-tahlil faoliyati hamda vazirlik tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha aniq va tezkor choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ularga biriktirilgan respublika hududlarining tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish uchun shaxsiy javobgarligi koʻrsatildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?