“Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

17:19 02 Dekabr 2019 Hujjatlar
170 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktyabrdagi PQ–4487-son “Oʻzbekiston Respublikasi bank sektorining moliyaviy barqarorligini oshirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasi faoliyatida zamonaviy umumeʼtirof etilgan korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish maqsadida:

1. Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining unitar korxona shaklidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki”ni (keyingi oʻrinlarda – Oʻzmilliybank) “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati shaklida (keyingi oʻrinlarda – “Milliy bank” AJ) qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi davlat nomidan “Milliy bank” AJning taʼsischisi hisoblanadi;

yangi tashkil etilayotgan “Milliy bank” AJ ustav kapitali keyinchalik qonunda belgilangan tartibda oshirilgan holda 1-ilovaga muvofiq hajmda va ulushlarda shakllantiriladi;

“Milliy bank” AJ qayta tashkil etilayotgan Oʻzmilliybankning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar “Milliy bank” AJ faoliyatining asosiy vazifalari
va yoʻnalishlari etib belgilansin:

xorijiy kredit liniyalari, xalqaro kapital bozoridagi resurslar, xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb qilish orqali iqtisodiyotning ustuvor sektorlarida yirik investitsion loyihalarni faol ravishda kreditlash;

xizmat koʻrsatish sifati va tezkorligini oshirish uchun innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga bank xizmatlarini, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat masalalarida moliyaviy maslahatlar berish va axborot koʻmagini koʻrsatish;

aholiga chakana bank xizmatlari koʻrsatishni rivojlantirish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish;

birinchi navbatda milliy valyutadagi uzoq muddatli mablagʻlarni safarbar qilish hisobiga bank faoliyatini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish;

savdo-eksport moliyalashtirish biznesi mahsulotlarini rivojlantirish va uning geografiyasini kengaytirish, shuningdek, respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash, eksport qiluvchilarga konsalting xizmatlarini taqdim etish;

korporativ mijozlarga investitsion banking, jumladan, ichki va tashqi bozorlarda qimmatli qogʻozlarni chiqarish va joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“Milliy bank” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda qayta tashkil etiladigan Oʻzmilliybankning qarzdor va kreditorlari majburiyatlari boʻyicha berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;

Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari va funksiyalarini belgilagan holda uning tarkibini “Milliy bank” AJning aksiyadorlar umumiy yigʻilishiga tasdiqlash uchun kiritsin.

5. Oʻzmilliybank ikki oy muddatda:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda, jumladan, quyidagilarni:

Oʻzmilliybankni qayta tashkil etishga tayyorlash boʻyicha komissiyani tuzish;

tegishli topshirish dalolatnomasini tayyorlab, Oʻzmilliybank aktivlari va majburiyatlarini ularga nisbatan baholash amalga oshirilmagan holda xatlovdan oʻtkazishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishini;

b) mol-mulkning mavjud hujjatlari, litsenziya va ruxsatnomalarini qayta rasmiylashtirishni;

v) MCHJ “NBU INVEST GROUP” investitsiya kompaniyasi negizida moliyaviy bozorlarda, jumladan, bankning daromadi chegarasida xoʻjalik subyektlari ustav fondida (100 foizgacha) ishtirok etish orqali investitsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirokini kengaytirishni nazarda tutgan holda “NBU INVEST GROUP” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etishni;

g) quyidagilarni:

“Milliy bank” AJning tashkiliy tuzilmasi va Ustavi;

xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning 2020-2023 yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilishi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishida tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Milliy bank” AJ Ustavining belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Oʻzmilliybankning:

a) Oʻzmilliybankning xoʻjalik jamiyatlari ustav fondidagi aksiyalar va ulushlar shaklidagi ayrim asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan aktivlarini 2-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish;

b) Oʻzmilliybank va “NBU INVEST GROUP” AJning xoʻjalik jamiyatlari ustav fondidagi aksiyalar va ulushlar shaklidagi boshqa asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan aktivlarini:

baholash narxini 10 foizga bosqichma-bosqich kamaytirish mexanizmini qoʻllab, biroq ular bozor narxining 50 foizidan pasaytirmagan holda hamda ikki oy davomida oʻtkazilgan savdolar natijasida investorlar tomonidan qiziqish boʻlmagan taqdirda, ularning nominal qiymatidan pasaytirmagan holda;

sotib olish toʻlovlarini birdan yoki boʻlib-boʻlib (aksiyalardan tashqari) 7 yilgacha sotib olish summasining qoldigʻi uchun foiz hisoblamasdan, shuningdek, sotib olish summasi toʻliq toʻlanmagunga qadar obyektni tasarrufdan chiqarish va uchinchi shaxslarga (tijorat banki – sotuvchi bundan mustasno) garovga (ipoteka) berish huquqisiz amalga oshirish orqali sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Oʻzmilliybank Kengashi ilgari zaxiralari yaratilgan hamda soʻndirish manbalari mavjud boʻlmagan balansdan tashqari aktivlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi yigʻimlar undirilmasdan “Milliy bank” AJning aksiyalari belgilangan tartibda chiqarilishi va birlamchi chiqarilgan aksiyalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi
“2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ–2853-son qarorining 9-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?