Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

05:26 08 Dekabr 2018 Hujjatlar
524 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5590-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) va uning hududiy organlarining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

aholiga sifatli va oʻz vaqtida tibbiy xizmatlar koʻrsatishnitaʼminlashda, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda, Vazirlikning organlari va tashkilotlari rahbarlarining roli va masʼuliyatini oshirishga yoʻnaltirilgan fuqarolarning sogʻligʻini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

demografik oʻzgarishlar va sogʻliqni saqlashni rivojlantirish istiqbollarini prognozlash, aholining salomatligi va kasallanishi holatini kompleks tahlil qilish;

jamoat sogʻligʻini saqlash ustuvorligini, kasalliklarni profilaktika qilish va oldini olish, patronaj xizmati va fuqarolarni uyma-uy yurib koʻrib chiqish, aholini sogʻlom turmush tarzini kechirishga undash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish, eng avvalo, oʻz sogʻligʻi va atrofidagilar sogʻligʻini muhofaza qilishga masʼuliyat ruhida tarbiyalashni taʼminlash;

sogʻlom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash, hayot sifati va uzoq umr koʻrish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholining sogʻligʻini saqlash va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

ham tibbiy yordamni xizmat koʻrsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, ham axborot texnologiyalarini (teletibbiyot), meditsina standartlarini, protokollar va tavsiyalarni keng miqyosda joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini mintaqaviy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlariga berish orqali aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitar, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifati, ommabopligi va tezkorligini oshirish;

dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllashga ruxsat etilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish;

yolgʻiz qariyalar, pensionerlar, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy himoya qilinishini takomillashtirish, ularni davolashni, tizimli sogʻlomlashtirishni tashkil etish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish, davolanishning zamonaviy uslublarini qamrab olish va qoʻllash yoʻli bilan tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish;

tibbiy taʼlim muassasalari, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim va sogʻliqni saqlash mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ustidan uslubiy rahbarlikni taʼminlash orqali tibbiy kadrlar tayyorlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini uygʻunlashtirish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, sogʻliqni saqlash amaliyotiga fan, texnika yutuqlarini va ilgʻor tajribani joriy etish;

sogʻliqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilishni va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini taʼminlaydigan, zamonaviy, xalqaro amaliyotda sinalgan sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy qilish.

2. Sogʻliqni saqlashda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirishni taʼminlash maqsadida belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri quyidagilarga shaxsan masʼuldir:

fuqarolarning sogʻligʻini saqlash sohasida rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish, kasalliklarni profilaktika, diagnostika 
qilish va davolash boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni, standartlarni va normativlarni, shuningdek, boshqa tadbirlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish;

tibbiy tashkilotlar menejmenti koʻnikmasiga va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, har tomonlama rivojlangan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan boshqaruv kadrlarini tayyorlash, tanlab olish va joy-joyiga qoʻyishning mutlaqo yangi tizimini yaratish;

Vazirlik va hududiy sogʻliqni saqlash boshqaruv organlarining ishini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, ularning faoliyati ochiqligini va aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri manzilli muloqot oʻrnatishini taʼminlash, fuqarolarning tibbiy xizmat koʻrsatish sifatidan qanoatlanganligini monitoring qilish va baholash tizimini tatbiq etish;

tibbiy taʼlim va tibbiyot fanini rivojlantirish, innovatsiya va “elektron sogʻliqni saqlash” tizimini tatbiq etish, majburiy tibbiy sugʻurta dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, tibbiy turizm va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;

aholi va tibbiyot tashkilotlari ehtiyojlarini toʻliq qoplash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatini shakllantirish va oʻz vaqtida yangilash;

b) hududiy sogʻliqni saqlash boshqaruv organlari rahbarlari quyidagilarga shaxsan masʼuldir:

tibbiy va tibbiy-ijtimoiy tashkilotlarning hududiy tarmoqlari faoliyatini samarali tashkil etish, birlamchi tibbiy-sanitariya, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordamning sifati va ommabopligi, idoraviy boʻysunuvidagi hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi taʼminlanishini nazorat qilish;

sogʻliqni saqlash sohasida rivojlanish hududiy dasturlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, tibbiyot tashkilotlarini va aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash, tibbiy va maxsus texnikaning samarali ishlashi va oʻz vaqtida yangilanishi;

tibbiy yordamni bosqichma-bosqich va izchillik prinsipi asosida ularning oqimlarini oqilona va asosli marshrutlash yoʻli bilan bemorlarni turli darajadagi (turdagi) tibbiyot tashkilotlariga yoʻnaltirishning xolis tizimini tashkil etish;

sogʻliqni saqlash sohasida fuqarolar huquqiga rioya qilish nazoratini taʼminlash, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga sifat menejmenti tizimini tatbiq etish;

sogʻliqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;

v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari quyidagilarga shaxsan masʼuldir:

oila salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, dispanserizatsiya, patronaj va uyma-uy yurish boʻyicha tadbirlarni samarali amalga oshirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va fuqarolarning oʻz sogʻligʻiga masʼulligini oshirish;

tibbiy xizmat izchilligini va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tuman (shahar) ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari bilan yaqindan oʻzaro aloqasini taʼminlash;

davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, pullik tibbiy xizmatni amalga oshirish, sogʻliqni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun oʻz manbalarini shakllantirish;

sogʻliqni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasida tadbirlarning manzilliligi va natijadorligini oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilish;

tasarrufidagi tashkilotlardagi bino va inshootlar, uskunalar, tibbiy texnika va boshqa moddiy qiymatliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish.

3. Vazirlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish boʻlimlarini;

“Oʻzmedinfo” elektron sogʻliqni saqlashni rivojlantirish markazini tugatish;

b) Vazirlik tuzilmasida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda – Bosh boshqarma) va uning hududiy boʻlimlarini hamda davlat unitar korxonasi shaklida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish.

4. Belgilansinki:

a) Bosh boshqarma boshligʻi va Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlari xodimlari boshqarma boshligʻining taqdimnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Bosh boshqarmaning hududiy boʻlimlari oʻz faoliyatida Bosh boshqarma boshligʻiga boʻysunadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi;

Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlarini moliyaviy taʼminlash Rivojlantirish va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.

b) quyidagilar mazkur qarorning 3-bandiga muvofiq tugatilayotgan tashkilotlarning huquqiy vorislari hisoblanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi – Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazi hamda “Oʻzmedinfo” elektron sogʻliqni saqlashni rivojlantirish markazi huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining tegishlicha xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish boʻlimlari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha.

5. Vazirlik ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan boʻlinmalarni nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega, topshirilgan vazifalarni professional darajada taʼminlaydigan yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.

6. Quyidagilar:

a) Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib:

vazirlik va uning hududiy organlari tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini tashkil etish va amalga oshirish;

tibbiyot tashkilotlarining mol-mulkini, shu jumladan, yer uchastkalarini muomalaga kiritish boʻyicha takliflarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalarni jalb etish;

mahalliy tibbiyot tashkilotlarining tibbiy turizm salohiyatini tubdan oshirishga yoʻnaltirilgan kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

vazirlikning boshqa tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni tayyorlash va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish, xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarining sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarining kreditlari va grantlarini jalb etish;

davlat tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish va amalga oshirish, ularning nomenklaturasi va hajmlarini kengaytirish.

b) Markazning asosiy vazifalari etib:

axborot tizimlari, resurslar va sogʻliqni saqlash milliy maʼlumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va kuzatib borish boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;

korporativ tarmoqlarni yaratish, rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, Vazirlikning axborot xavfsizligini taʼminlash;

Vazirlikning axborot xavfsizligi tahdidlarini oʻz vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishini nazorat qilish va monitoringini olib borish, axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarini muhofaza qilish boʻyicha texnik infratuzilmani tatbiq etish va rivojlantirish;

“elektron sogʻliqni saqlash” normativ va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish;

tibbiyot tashkilotlarida axborot tizimlari, ilgʻor axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish va kuzatib borishga koʻmaklashish;

vazirlikning axborot tizimlari, resurs va maʼlumotlar bazasini rivojlantirish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;

vazirlik xodimlarining axborot tizimlari, resurslar va maʼlumotlar bazasidan foydalanish, axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida malakasini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilansin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Sogʻliqni saqlash boshqaruv organlari xodimlarining cheklangan soni 518 nafar, shu jumladan, Vazirlikning markaziy apparati xodimlarining soni 127 nafar etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati va uning hududiy organlari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.

8. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlari, shuningdek, hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari bosh shifokorlari, hududiy tibbiy diagnostika markazlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.

9. Vazirlikning Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari boʻyicha jahon amaliyotida qoʻllaniladigan vositalardan foydalangan holda sogʻliqni saqlash hisoblarining milliy tizimini tatbiq etish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.

Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar muddatda sogʻliqni saqlash hisoblarining milliy tizimini institutlashtirish va tibbiy xizmat koʻrsatishda foydalanilgan xizmatlar va xarajatlar haqidagi maʼlumotlarni idoralararo toʻplash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan 2019 yil davomida “Salomatlik – 3” loyihasi mablagʻlari hisobidan uy-joy xoʻjaligi doirasida aholining tibbiy xarajatlari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.A.Abduhakimov) uch oy muddatda tibbiy yordam va tibbiy-ijtimoiy xizmat sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, sogʻliqni saqlash tizimida, shu jumladan, alohida davlat organini tashkil etish masalasini koʻrib chiqqan holda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sogʻliqni saqlash muassasalarining yer uchastkalari va koʻchmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Vazirlikning Toshkent shahar, A.Navoiy koʻchasi, 12-uyda joylashgan binosini rekonstruksiya qilishni Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yildagi rivojlantirish Davlat dasturiga kiritsin.

Toshkent shahar hokimligi Vazirlik xodimlarini uning binosi rekonstruksiya qilinishi davrida vaqtincha joylashtirish uchun bino ajratilishi boʻyicha choralar koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 iyundagi “Sogʻliqni saqlash organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3052-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Vazirlik Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 7 dekabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?